O`zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Qozog`iston Bosh vazirining o`rinbosarini qabul qildi

10:25, 23 sentabr

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 22 sentyabr kuni Qozog`iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari Asqar Maminni qabul qildi. 

Uchrashuvda Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning joriy yil 12 sentyabr kuni Samarqand shahriga tashrifi chog`ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, o`zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. 

O`zaro tovar ayirboshlash hajmini, birinchi navbatda, mamlakatlarimizda yangi bozorlar tashkil etish hisobidan oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. 

Ikki mamlakat ekspertlari tomonidan tayyorlangan, raqobatbardosh sanoat mahsulotlari sotadigan qo`shma savdo uylarini tashkil etish, savdo loyihalarini milliy bank-moliya institutlari orqali qo`llab-quvvatlash, bojxona xizmatlari hamkorligini faollashtirish, biznes forumlar o`tkazish va o`zaro tashriflarni amalga oshirishga qaratilgan qator taklif va aniq chora-tadbirlar ko`rib chiqildi va ma`qullandi. 

Transport va tranzit tashish sohasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, jumladan, eksport yuklarini tashishda ikki tomonlama tarif preferensiyalari berish va yangi qo`shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta`kidlandi. Bu mintaqaviy transport yo`laklarining raqobatbardoshligini oshirish va ularning yuqori samaradorligini ta`minlash imkonini beradi. 

Asqar Mamin samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etib, Qozog`iston Respublikasi mamlakatlarimiz o`rtasidagi keng ko`lamli va o`zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan hamkorlikdagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!