XXR Raisi Si Szinpin Shavkat Mirziyoevga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajarish yuklatilganligi munosabati bilan qutlov yo`lladi

10:33, 23 sentabr

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Lizse bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Elchi Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Janobi Oliylarining mamlakatimiz rahbariyatiga yo`llagan qutlov maktubini topshirdi. 

Maktubda shunday deyiladi: 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi 
Shavkat Mirziyoev 
Janobi Oliylariga 

Janobi Oliylari! 

Xitoy hukumati va xalqi, shaxsan o`z nomimdan Sizga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajarish yuklatilganligi munosabati bilan Sizni samimiy tabriklashga ruxsat etgaysiz. 

Xitoy – O`zbekiston munosabatlarini bundan buyon ham izchil rivojlantirish borasidagi qat`iy sa`y-harakatlar va ezgu maqsadlar bayon qilingan maktubingiz uchun Sizga minnatdorlik bildiraman. Men Xitoy va O`zbekistonni doimo yaqin qo`shni, yaxshi do`st va har tomonlama ishonchli strategik sheriklar, deb bilaman. So`nggi yillarda birgalikdagi sa`y-harakatlar tufayli o`zaro hamkorligimizning barcha sohalari jadal rivojlanmoqda va natijada qator ulkan yutuqlarga erishildi. 

Ayni paytda xalqaro va mintaqaviy vaziyat murakkab va o`zgaruvchan bo`lib, Xitoy va O`zbekiston oldida umumiy manfaatlarimizni ta`minlash yo`lida tahdidlar kuchayib bormoqda. Xitoy O`zbekiston xalqi tanlagan yo`lni hurmat qiladi, mamlakatingizning o`ziga xos taraqqiyot yo`lini qat`iy ma`qullaydi. O`zbekistonning xalqaro va mintaqaviy masalalarda yanada mustahkam o`rin egallashiga intilishini qo`llab-quvvatlaydi. 

Shu yilning iyun oyida Buxoro shahriga tashrifim davomida menga hamrohlik qilganingizni yaxshi eslayman. Xitoy – O`zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e`tibor qarataman va Siz bilan yaqin aloqalarni saqlagan holda, davlat suverenitetini himoya qilish, xavfsizligi va taraqqiyotini ta`minlash, «Bir qutb, bir yo`l»ni birgalikda barpo etish asosida serqirra amaliy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Xitoy – O`zbekiston munosabatlarini mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz farovonligi yo`lida har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko`tarish maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida o`zaro muvofiqlik va hamkorlikni kuchaytirish masalasida bir-birimizni qo`llab-quvvatlashga doimo tayyorman. 

Sizning davlatchilik faoliyatingizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman! 

Si Szinpin,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!