«Ta`lim va mutaxassislik» xalqaro ko`rgazmasida to`rt mingdan ziyod bo`sh ish o`rni taklif etildi

10:56, 23 sentabr

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida bilimga chanqoq, kelajakda etuk mutaxassis bo`lishni maqsad qilgan yigit-qizlar uchun XV «Ta`lim va mutaxassislik» xalqaro ko`rgazmasi bo`lib o`tmoqda. 

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Mehnatvazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu ko`rgazmada o`qituvchilar, talaba-yoshlar, ota-onalar, mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda. 

Ko`rgazma zallarida oliy ta`lim muassasalari, til o`rganish markazlari, chet elda o`qish, ta`lim va malaka oshirish, masofaviy ta`lim, malaka oshirish institutlari, kasbga yo`naltirish va bandlikka ko`maklashuvchi markazlar faoliyati haqida stendlar joylashtirilgan. 

Ko`rgazmada mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan ta`lim muassasalari bilan bir qatorda, Malayziya, Latviya, Polsha, Buyuk Britaniya, Yaponiya singari davlatlarning oliy ta`lim muassasalari ham ishtirok etmoqda. 

Tadbirda Toshkent shahridagi bandlikka ko`maklashuvchi markazlar hamda davlat va nodavlat tashkilotlarining mavjud bo`sh ish o`rinlari haqida ma`lumotlar taqdim etildi. Mehnat vazirligi vakillari tomonidan yosh mutaxassislar bilan davra suhbatlari uyushtirilib, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, doimiy mehnat bilan band bo`lmagan aholi uchun to`rt mingdan ziyod bo`sh ish o`rni taklif etildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!