«Kuyov xorijdan kelayapti...»

11:55, 23 sentabr

Fotihalanganman, oyning oxirlariga to`y kunimizni belgilashmoqchi. Bo`lajak turmush o`rtog`im bilan bir mahallada o`sganmiz. Mana, uch yildirki, u xorijda. Avvaliga o`qidi, keyin shartnoma asosida ishga kirdi. Telefon, internet orqali gaplashib turibmiz. Bir-birimizni yaxshi tanimaymiz, deya olmayman. Ammo baribir o`rtadagi uzoq masofa va yillar kishini o`ylantirarkan. Buning ustiga, u yana bir yil xorijda ishlashi kerak. Ota-onalarimiz to`yni tezroq qilishga shoshilishayapti. Nikohdan so`ng u yolg`iz ishiga qaytib ketishi aniq...

Bahora, 23 yosh

Hayotning yangi va muhim bosqichiga o`tish arafasida qizlarni turli savollar o`ylantirishi tabiiy. Va bu yaxshi. Ha, chunki savollarga javob izlash davomida siz KATTA HAYoTga tayyorgarlik ko`rasiz. Demak, faqat kelinlik liboslari, sarpo, to`y tantanasi uchunmas, kelin, rafiqa bo`lish mas`uliyati haqida ham bosh qotirayapsiz. Balli! Bahoraniki kabi muammolar turli ko`rinishda ayrim qizlarimizni qiynashi ham uchrab turadigan hol. Bugun mavzuni tahlil qilamiz.

Avvalo, oydinlik kiritib oling. Siz o`z roziligingiz va inon-ixtiyoringizga ko`ra shu inson bilan unashtirildingizmi? Yoki ota-onangiz «Yaxshi oila, yaxshi bola» deya tanlovni 100 foiz o`zlari amalga oshirishayaptimi?

Deylik, siz rozisiz! Xo`sh, bu rozilik ildizi nimalarga borib taqaladi? Xorijda o`qiyotgan yoki ishlayotgan yigitning obro`sigamasmi? Asl tuyg`ularni boshdan kechirayapsizmi yoki «Voy, chet elda o`qiydigan yigitga turmushga chiqayotgan ekan…» kabi havaslar ichida uchib yuribsizmi?

Sevib qolgansiz, ammo negadir yuragingizga ham ishona olmayapsiz. Yigit xorijga ketishidan oldin muhabbat kurtak yozgan va siz uni kutayotgan bo`lsangiz, shunchaki to`ydan oldingi ikkilanishlar girdobida qolib ketganingizni ham taxmin qilish mumkin. Ko`ngil qo`yganingizga sizni qiynayotgan savollarni berishga va fikrlaringizni bayon etishga tortinmang. To`ydan avval shubha-gumonlarga barham bering.

Mabodo ijtimoiy tarmoqlar orqali muhabbat rishtalari bog`langanmasmi? Biz virtual muhabbatga ishonmang, demaymiz. Chunki yurak va tuyg`ular sizniki. Ijtimoiy tarmoq orqali ham yigitni sinovdan o`tkazish yo`llari bor. Umuman bugun odamlar virtual olamda o`zini erkinroq his qilmoqda. Buni rad eta olmaymiz. O`zlarini niqoblashga urinishsa-da, baribir aslini sotib qo`yishadi. Uning «o`rgimchak to`rida»gi qadamlarini kuzatish orqali ham ba`zi xulosalarga kelish mumkin. Va yana bir gap, virtual so`zlashuvda bemalol gapira olasiz. Chunki ko`z-ko`zga tushmaydi, o`rtada devor yo`qdek tuyuladi. Agar chekingizga xorijda o`qib ishlayotgan yigit bilan oila qurish tushgan bo`lsa, u bilan ko`proq suhbatlashing.

Yaxshilab surishtiringlar. Oxirgi paytlarda chimildiq ko`rmagan yigitlarning chet elda kimlar bilandir yashab yurishi ham kuzatilayapti. Bu yangi qurilayotgan oilaning mustahkamligiga soya solmasdan qolmaydi. Kuyovto`raning ko`nglida eski dardi uyg`onib qolishi hech gapmas. Yoki betartib hayot tarzining asoratlari salomatlikda aks etishi kabi masalaning nozik tomonlari ham yo`q emas. Shu sabab xorijdan endigina kelgan yoki kelmoqchi bo`lgan kuyovlikka nomzodni ma`lum chig`iriqlardan o`tkazishni unutmang.

Shoshmang, shoshilmanglar. Agar bir xulosaga kelolmasangiz, sizni gumonlar qiynayversa, ishonchingiz sust bo`lsa, oilangizdagilardan fotiha yoki to`yni shoshiltirmasliklarini so`rang. Axir ko`ngil bizga behuda berilmagan. Kezi kelganda unga quloq tutish, umuman oila masalasida tuyg`ular bilan hisoblashish shart. Yana to`ydan keyin yuzaga keladigan holatlarni oldindan ko`rib chiqinglar. Kuyovning kelinni chimildiqda yolg`iz qoldirib ketishi, yangi oilaning bir-biridan alohida yashashi kabi muammoli vaziyatlarga g`isht qolipdan ko`chmasdan turib echim izlang.

Bahora, yuqorida berilgan savollarga javob izlab ko`ring. Aynan nima uchun tashvishdasiz? Shuni aniqlashtiring. Balki to`yni yigit chet eldan tamoman uzilib qaytgandan so`ng qilishni taklif etarsiz.

Har bir qizga chiroyli baxt, sof tuyg`ular va yaxshi umr yo`ldosh nasib qilishini tilab qolamiz.

KELINOYINGIZ

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!