Qaysi faslni yoqtirishingizga qarab fe`lingizni aniqlang!

15:04, 23 sentabr

Bu savolga deyarli har qanday odam o`ylab o`tirmay aniq javob beradi. Ruhshunoslar esa aynan shu javoblarga ko`ra insonning ichki olami haqida ma`lumot olishadi. Demak, sizda ham o`zligingizni anglash uchun yana bir imkoniyat mavjud. Xo`sh, qaysi faslni orziqib kutasiz? Qaysi mavsumda ishlaringiz o`ngidan kelib, omadingiz chopadi? Qachon kayfiyatingiz ko`tarinki bo`ladi? Bilib oldingizmi? Unda faqat ma`lumotlarni to`g`ri talqin qilish qoldi. 

Yoz
Bu faslni yaxshi ko`radiganlar etakchilik, ilg`orlik sifatlariga ega. O`zlari yonib, atrofdagilarni ham yondirib yurishadi. Ular bilan muloqot juda qiziqarli kechadi. Hech qachon tushkunlikka tushmaydilar va hamisha nekbin kayfiyatda yuradilar. Bunday kimsalar har doim yangidan-yangi g`oyalar o`ylab topib, amalga oshiradi. Yoz fasli ishtiyoqmandlarining ishdagi o`sishi ham tez sur`atda bo`lib, yuqori martabalarga erishadilar, yaxshi rahbarlik sifatlari bilan ajralib turishadi. Hayotiy shiorlari: qat`iyat va mehnat. Ayni paytda etarli darajada murosasoz bo`lib, zarur o`rinda yon berishni ham bilishadi. Ularning shaxsiy hayotlari ham havas qilsa arzigulik. Chunki aqlni yo`qotar darajada sevish va juftlariga bir umr sodiq qolishni biladilar. Atrofdagilarning kamchiliklariga nisbatan anchayin sabrli va o`zlariga nisbatan talabchan bo`lgan bunday insonlardan yaxshi do`st chiqadi. Chunki do`stlarini shodlikda ham, g`amda ham yolg`iz qoldirmaydilar. Birgina kamchiliklari bor: haddan ortiq arazchi bo`lganlari holda kechirimli emas.

Qish
Bu faslni sevadiganlar, odatda, o`ziga ishongan va mustaqil insonlardir. Hayotiy shiorlari: faqat o`zingga ishon! Katta davralarni xush ko`rishmaydi. Do`stu tanishlari juda oz. Ammo shu ozgina odamlarga qattiq ishonishadi. Ishonmasa, ularni yaqin yo`latmagan bo`lishardi. Juda qat`iyatli bu kimsalar o`z rejalarini birovga oshkor qilmay, yolg`iz amalga oshirish yoki hayot oqimini maqsadlariga bo`ysundirishni biladilar. Qishni yaxshi ko`radigan insonlar kamgap bo`lishadi. So`rasangiz, javob beradilar, ammo o`zlari hech qachon birinchi bo`lib gap qotmaydilar. Pul ishlab topishni bilishadi, qulaylik va farovonlikni qadrlashadi. O`zlariga qadrli insonlar uchun ko`p narsadan voz kechishlari mumkin. Kamchiliklari: xasislik va pismiqlik. Shuningdek, bunday insonlar kechirishni bilmaydi.

Kuz
Kuzni sevadiganlar tinchlik, yolg`izlik va osoyishtalikni xush ko`radi. Ko`pchilikni sevmaganlari holda odamlar orasida o`zlarini noqulay his etmaydilar ham. Shunchaki jamoaning ular uchun ahamiyati yo`q. Hayotiy shiori: meni tinch qo`ying! Kayfiyatlari juda beqaror: bir qarasangiz, xandon otib yuradi, bir qarasangiz, hech qanday sababsiz xo`mrayib oladi. Xuddi kuz havosiga o`xshab. Begonalarning nekbinligiyu zafarlari ko`pincha g`ashlariga tegadi. Biroq kuzni yaxshi ko`radigan odamlar juda iste`dodli bo`lishadi. Tasviriy san`at, she`riyat va nasrda katta muvaffaqiyatlarga erishishlari mumkin. Fikrlashlari ham boshqalardan farq qiladi. Muhabbatda juda vafodor: faqat bir insonni sevib o`tadilar. Bir bora va butun umrga! Agar muhabbatiga etisha olmasa o`lguncha azoblanadi va bu azob ularga ilhom manbai bo`lib qoladi. Ular tabiat va jonzotlar bilan muloqot chog`idagina o`zlarini topadilar. Biroq muhabbatiga javob berib, sevib ardoqlaydigan insonni uchratsalar, haqiqiy oilaparvarga aylanadi.

Bahor
Bahor oshuftalari juda quvnoq va hayotga chanqoq insonlardir. Xushchaqchaqligi va hazilkashligi sabab do`stlarining hamisha ardog`ida yuradilar. Hayotiy shiorlari: buncha go`zal bu olam, bir qara! Jamoaning joni bo`lish bilan birga, turli hiyla-nayranglarni uyushtirishga ham usta. Bir joyda o`tirishlari qiyin, sayohat jonu dili. Tez oshiq bo`lib qoladilar, ammo ayriliqlarni hech qanday g`azabu nafratsiz, engil o`tkazadilar. Ularni sodiq do`st sifatida qabul qilmaslik kerak, chunki munosabatlari vaziyat taqozosiga ko`ra o`zgarib turadi. Istalgan daqiqada umuman ko`zdan g`oyib bo`lib, sizni unutib yuborishlari mumkin. Birovga bog`lanib qolish ular uchun qadriyat emas. Vujudida bir vaqtning o`zida ehtiros, xudbinlik, romantika, talabchanlik va beg`amlik jo`sh urgan bu insonlar va`da berishga, ayniqsa, uni bajarmaslikka usta. Lekin ular bilan zerikmaysiz.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!