O`zbekistonlik mutaxassislar Nyu-Jersidagi Xalqaro sil institutida tajriba oshiradi

16:48, 23 sentabr

USAID’ning silga qarshi kurash dasturi doirasida olti nafar o`zbekistonlik mutaxassis Nyu-Jersi (AQSh) Ratgers Universiteti qoshidagi Xalqaro sil institutida silni oldini olish, tashxislash va davolashdagi ilg`or tajribani o`rganish imkoniyatiga ega bo`ladi. Bu haqda “Daryo” xabar bermoqda.  

Sentyabrga rejalashtirilgan etti kunlik o`quv dasturi USAID tomonidan O`zbekiston silga qarshi kurash Milliy dasturini qo`llab-quvvatlash doirasida o`tkazilayotgan qator tadbirlardan biridir. Unda Buxoro, Xorazm, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari silga qarshi kurash muassasalar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

So`nggi o`n yil davomida Ratgers universiteti qoshidagi Xalqaro sil institutida 25 mamlakatning yuzlab mutaxassislari o`z bilimi va tajribasini oshirgan. Universitet tomonidan yaratilgan seminar va o`quv dasturlari milliylikka xos xususiyatlarni hisobga olgan holda hamda Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining oxirgi tavsiyalariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Bir haftalik tajriba almashish muddati quyidagilarni o`z ichiga oladi: AQShning silga qarshi kurash xizmatini tashkil etilishini o`rganish, silni erta aniqlash usullari bilan tanishish, laborator va differensial tashxislash hamda sil bemorlarni klinik kuzatish va bemorlarni ruhan va ijtimoiy qo`llab-quvvatlash.

Shuningdek, ushbu kurs sil bemorlarni stasionar va ambulator bosqichlarida davolash, silning murakkab holatlarini davolashni tashkil qilish, shu jumladan, sil va OIV qo`shma infeksiyalarini hamda silga qarshi yangi preparatlarni qo`llash va davolashning yangicha tartibini qamrab olgan.

Kurs doirasida O`zbekiston ftiziatrlari AQSh hamkasabalarining bemorlarni hisobga olish va ro`yxatdan o`tkazishda elektron bazalari va kommunikasiya vositalaridan foydalanish tajribalarini o`rganish bilan bir qatorda silga qarshi kurash muassasalarining infeksion nazorati bilan tanishadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!