“ONAM SUYGANIMGA UYLANIShIMNI ISTAMAYaPTI...”

18:05, 23 sentabr

Savol:

Assalomu alaykum. Sizga bir savolim bor edi. Juda ikkilanib qoldim, nima qilishni bilmayapman: bir qizga ko`ngil qo`ygandim. Mana vaqti-soati kelib, uydagilarga ham aytdim. Otamga farqi yo`q. Ammo onam... sovchilikka borib keldilar... Nima emish, qiz oliy ma`lumotli emas ekan, oilasi kambag`al ekan... Men hayronman: inson imon-etiqodi bilan aziz bo`lmaydimi?! Onamlar “u qizni olib bermayman”, deb oyoq tirab turib olganlar. Men bo`lsa, to`yga tayyorgarlik ko`rib yurgandim. 

     Qizning bo`yi etib qolgan. Dadasi “boshqasiga berib yuboraman”, deyayotgan ekan. Har kuni “nima bo`larkin”, deb qo`rquvda yuraman. Allohdan iltijo qilib so`ramoqdaman... Shariatda bunday holatda nima qilish kerak? Maslahat bering! Hozir men orqaga chekinsam, qo`rqoqning ishini qilgan bo`laman! Iltimos, savolimga mukammalroq javob bersangiz!

A.S. Toshkent shahri

Toshkent shahar Shayxontohur tuman bosh imom xatibi Odilxon qori Yunusxon o`g`li javob beradilar::

 

Va alaykum assalom. Aslida yigit o`zi uylanayotgan qizni ko`rishi, yoqtirsagina unga sovchi qo`yishi mumkin. Ammo to`ydan oldin ikki yosh guvohlarsiz gaplashib, bir-birlarini “sinov”dan o`tkazishlari mutlaqo joiz emas. To`g`ri, uylanish arafasida biron qizni ko`z ostiga olib, unga uylanishni niyat qilish mumkin. Ammo oraga shariat qaytargan ishlar qo`shilib ketmasligi kerak. Bu masalaning birinchi jihati. Keyin, aslini olganda, nikohda ota-onaning o`rni muhim sanalmaydi. Ya`ni, nikoh to`g`ri bo`lishi uchun ota yoki onaning roziligi shart emas. Ularning roziligisiz ham boshqa shartlar mavjud bo`lsa, nikoh to`g`ri bo`laveradi. Ammo dinimizda ota-onaning roziligi ustun ekani, Allohga ibodat qilishdan keyin ota-onaga yaxshilik qilishga buyurilganini inobatga olsak, nikohda ularning roziligini olish ham kerakligi ma`lum bo`ladi. Ya`ni, uylanayotgan yigit yoki turmushga chiqayotgan qiz, albatta ota-onasi roziligini oladi. Ular qarshi bo`lishsa ham yoqtirgan “qiz”iga uylanish yoki “yigiti”ga tegib ketaverish Islomga zid, balki tagidan chirib borayotgan ommaviy madaniyatga xos illat sanaladi. Biz Evropaga taqlidan o`z xohishimizni hamma narsadan ustun qo`ymasligimiz kerak Shunday ekan, bunda ota-onaning ra`yiga ham qaraladi. To`g`ri, nikohda yigit va qizning huquqlari ta`minlanadi, hech kim o`ziga yoqmagan odamga turmushga chiqmaydi yoki uylanmaydi, ammo baribir bunda ota-onaning roziliklari bilan ish tutish kerak. 
    Yana bir narsa: nikohda tenglik masalasi bor. Masalan, siz ilmli, oliy ma`lumotli bo`lib, qiz ta`lim ko`rmagan bo`lsa ham keyinchalik orada tushunmovchilik chiqishi, hatto oila buzilib ketishi mumkin. Shu sabab, hatto ikki oilaning iqtisodiy holati ham teng bo`lishi ma`qul ko`riladi. Aslida nikoh to`g`ri bo`lishi, ikki yoshning baxtli bo`lishlari uchun boylik, husn, ilm kabilar shart emas. Biroq imon va odob-axloq bilan bir qatorda ilm, ma`lumot, kasb-hunar va boshqa jihatlar ham teng bo`lsa, quriladigan oila mustahkam bo`ladi. 
     Sizga maslahatimiz, o`sha qiz haqiqatan o`zingizga munosib va ma`qul bo`lsa, buni ota-onangizga yotig`i bilan tushuntiring. Vaziyatni tushunsalar, sovchilikka borib, so`rab-surishtirish, ikki tarafning bir-biriga to`g`ri kelish yo kelmasligini aniqlash mumkin bo`ladi. Ammo ota-onangiz “bu qizni senga olib bermaymiz”, deyishsa, ularni ranjitishdan ehtiyot bo`ling... 
     Agar siz “yoqtirgan” qiz onangizga ma`qul kelmasa, keyingi hayotingizni ham o`ylang. Chunki onangiz qarshiligiga qaramay o`sha qizni nikohlab olgan taqdiringizda ham xotirjam, tinch-omon hayot kechirish mushkul bo`ladi. Shularni hisobga olib, avvalo o`zingizga, qolaversa, ota-onangizga ma`qul qizni tanlang. Aniqroq aytadigan bo`lsak, onangizga ma`qul kelgan qizlar ichidan o`zingizga yoqqaniga uylaning. Zero, dilxiralikdan ko`ra o`zaro rozilik bilan to`y qilinsa, yaxshi bo`ladi.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!



Гость 21:56, 23 sentabr
ота-она ёмон кизга уйлантирмайди. Менга хам бошида ёкмаган кизга уйланоиришган, лекин тугри килишган экан, ота-она биларкан, хозир яхшиям шу кизни олиб беришган экан дейман, севгини кузи кур булади. мана худога шукр 18,йилдан бери тинч-тотув яшаймиз