Shubhali “shohid”lik

10:17, 24 sentabr

Din, iymon-e`tiqod insonlar asrlar davomida ezgulikka, halollikka, bag`rikenglikka o`rgatib kelgan. Shubhasiz barcha dunyo dinlari zamirida ezgulik yotadi. Biroq, din, iymon singari buyuk tushunchalarni niqob qilib, insoniyatni zalolatga, buzg`unchilikka boshlaydigan kimsalar, zararli oqimlar, sektalar ham barcha zamonlarda uchrab kelgan.

O`zining radikal g`oyalari bilan odamlar orasida ikkilanish, sarosima, hatto nizo solishga urinib kelayotgan diniy oqimlardan biri “”Yehova shohidlari” (yoki Iegova guvohlari) tashkilotidir.

Ayni paytda dunyo bo`yicha  o`zining millionlab salaflariga ega bo`lgan bu tashkilot Er yuzidagi barcha rasmiy din va mazhablarga nisbatan o`ta murosasiz va radikal qarashlari bilan ajralib turadi. Shu bois, bu tashkilot faoliyati o`nlab mamlakatlarda qat`iyan taqiqlangan. Uning g`oyalarini targ`ib etishda, diniy adabiyotlari, varaqalarini tarqatishda ayblangan kimsalarga nisbatan keskin choralar ko`riladi.

Nima uchun “Yehova”?

Ma`lumotlarga ko`ra, Yehova (ba`zida Yaxve, Iegova, Yaxova, Yax`ya deb ham ataladi) Yaratganning qadim yahudiy tilidagi nomlaridan biridir. Mazkur oqimni ayrim mutaxassislar protestantlik oqimidan kelib chiqqan deb hisoblashsa, boshqalar bu oqimni hech qanday dinga aloqasi bo`lmagan sekta deb atashadi.

“Yehova shohidlari” tashkilotining tarixi  AQShda XIX asrning etmishinchi yillarida yuzaga kelgan “Bibliya tadqiqochilari” harakatining asoschisi Charlz Teyz Rasselga borib taqaladi. U katolik oilasida o`sib ulg`aygan bo`lsa-da, keyinchalik nasroniylikning asosiy talab va arkonlarini “isloh” qilib, yangicha oqimni yuzaga keltirgan. Shu bois an`anaviy nasroniylik dini vakillari Rassel va uning ta`limotini butunlay inkor etadilar.

Rassel ta`limotining qanchalik haqiqatga zidligi uning tiriklik paytidayoq ma`lum bo`lgan edi. Chunonchi, Rassel va uning izdoshlari Iso Masihning qayta zuhur etishi va  “qiyomat-qoim” yuz berajak sanani oldindan “bashorat” qilishga urinib ko`rishdi.

Biroq ular aytgan sanada bu “olamshumul hodisalar” yuz bermadi. Ammo, bu bilan “Yehova shohidlari”ning ortidan ergashuvchilar safi kamayib ketmadi.

Er yuzida qachondir hayotning intiho topishi ko`pgina diniy kitoblarda zikr etib o`tilgan bo`lsa-da, uning aniq muddati faqat Yaratganga ma`lum ekani bayon qilinadi. “Shohidlar” esa, dunyodagi barcha dinlar insoniyatni adashtirishi mumkinligi, asl haqiqat faqat ularning ta`limotida aks etganini uqtirib charchamaydilar.

Ular o`z qarashlarini ommalashtirish maqsadida turli mamlaktlarda goh oshkora, goh xufyona tarzda o`z vakolatxonalarini ochishgan. Yuzdan ziyod tilda varaqa, kitob va jurnallarni nashr qiadilar va tarqatadilar. Buning uchun mablag` asosan tariqat a`zolaridan va homiylaridan olinadi.

Bizda ham bormi?

Har bir demokratik jamiyatda inson huquqlari, vijdon va e`tiqod erkinligi va uning himoyasi oliy qadriyatlardan sanaladi. Jumladan demokratik jamiyat qurish yo`lidan dadil odimlayotgan bizning mamlakatimizda ham fuqarolarning o`zi tanlagan dinga e`tiqod qilishi yoxud hech qaysi dinga e`tiqod qilmaslik huquqi qonun  yo`li bilan himoyalanadi. Asosiy qonunimizda ham diniy qarashlarni majburan singdirishga yo`l qo`yilmasligi belgilab o`tilgan.

“Yehova shohidlari”ning faoliyati mamlakatimizda tegishli qonunlar va me`yoriy hujjatlar doirasida chegaralab qo`yilgan. Ayni paytda faqatgina Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida “Yehova shohidlari” cherkovi rasman ro`yxatga olingan va u 1998 yildan beri faoliyat ko`rsatib kelmoqda.

Mazkur tashkilotning diniy qo`llanmalaridan faqat shu erda – Chirchiq shahridagi cherkov hududidagina foydalanish mumkin. Bu adabiyotlar va boshqa qo`llanmalarni cherkov hududidan olib chiqish, tarqatish, hatto  uyda saqlash ham qonunan taqiqlanadi. Ammo shunga qaramay  tashkilotning bir qator a`zolari tomonidan bu qoidalariga nisbatan e`tiborsizlik holatlari kuzatilmoqda.

Gazetamizning 2016 yil 18 avgust sonida bosilgan “Noqonuniy mashvarat” nomli maqolada ham ana shunday hamyurtlarimizning xatti-harakatlari haqida so`z yuritilgan edi.

Yana bir qonunbuzarlik

Toshkent shahrida yashovchi Natalya Shamsudinova ham ayni shu diniy tashkilot a`zolaridan sanaladi. U vaqti-vaqti bilan Chirchiqdagi “Yehova shohidlari” cherkoviga borib turadi.

2016 yil 12 yanvar kuni u istiqomat qiladigan Mirobod tumani kichik Beshyog`och ko`chasi 171-uy ichki ishlar xodimlari tomonidan ko`zdan kechirilganda diniy mazmundagi ikkita kitob, olti dona qo`llanma, bitta daftar topildi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mitaning xulosasiga ko`ra, mazkur materiallarning ayrimlari (kitob, broshyura va bukletlar) taqiqlangan bo`lib, ularni O`zbekiston hududiga olib kirish, tarqatish va ulardan foydalanish mumkin emas. Ba`zilaridan esa, faqat rasman davlat ro`yxatiga olingan tashkilot hududida foydalanishga ruxsat etiladi.

Shu bois, fuqaro Natalya Shamsuddinovaning mazkur harakatlari yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borildi. Jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudi binosidan o`tkazilgan sud majlisida Natalya Shamsuddinova chindan ham Chirchiqdagi ushbu diniy tashkilotga borib turishini, “Yehova shohidlari”dan biri ekanini tan oldi. Shu bilan birga mazkur ta`limotni chuqurroq o`rganish maqsadida ushbu qo`llanmalarini o`z uyiga olib kelgani, bu harakat qonunda taqiqlanganidan bexabarligini aytib, sud hay`atidan engillik berishlarini so`radi.

Bu shunchaki qoidabuzarlik emas

Albatta har bir ishga qonuniy baho berilishi lozim. N.Shamsudinovaning ushbu xatti-harakatlari ham qonun nuqtai nazaridan o`z bahosini oldi.

Sud hay`ati N.Shamsudinovaning yoshi, muqaddam javobgarlikka tortimagani, o`z aybiga chin dildan pushaymonligi, adolat va insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqib, undan eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima undirish haqida qaror chiqardi.

Shu o`rinda ayrim o`quvchilarda “xo`sh, shu arzimagan qonunbuzarlik haqida bong urish  shartmidi?” degan savol tug`ilishi mumkin. Odatda kimningdir uyidan katta miqdorda qurol-yarog` yoki giyohvand modda topilsa, shov-shuv ko`tariladi. Bu haqda yozishadi, ko`rsatishadi. Chunki, qurol yoki og`u insonning hayotiga zomin bo`lishi mumkin.

Ammo, insonning ma`naviy hayotiga, e`tiqodiga, tafakkuriga halokatli ta`sir etuvchi bunday qo`llanmalar qurol yoxud giyohvand moddalardan-da dahshatliroq vosita ekanini unutmaslik kerak. Zero xalqning ma`naviyati yuksak, e`tiqodi butun bo`lsa, mamlakat yanada  taraqqiy etadi, yuksaladi...

                            Sohib IXTIYoR

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!