O`zbekiston jahon sog`liq reytingida 55-o`rinni egalladi

13:17, 24 sentabr

O`zbekiston tibbiyot, hayot va sog`liq bilan bog`liq barqaror rivojlanish indikatorlari bo`yicha mamlakatlar reytingida 55-o`rinni egalladi. Bu haqda The Lancet tibbiyot jurnalida tuzib chiqilgan indeksga asoslanib, “Uz24” xabar bermoqda.

Reytingga asos sifatida 33 ko`rsatkich olindi, ularning har biri 0–100 ball orasida baholandi. Kriteriylar orasida — ortiqcha vazn, alkogol va tamaki iste`moli darajasi, bolalar va chaqaloqlar o`limi, YTHdagi o`limlar, OIVning tarqalganlik ko`lami, tuberkulyoz va gepatit V yuqtirish ko`rsatkichlari, o`z joniga qasd qilishlar miqdori.

Bundan tashqari, ekspertlar zo`ravonlik va urush harakatlari oqibatidagi o`limlar darajasini baholadi. Har bir kriteriy mamlakatlarda 1990–2015 yillarda hukm surgan vaziyat bo`yicha ko`rib chiqildi.

Birinchi o`rinni Islandiya egalladi. Kuchli beshlikka, shuningdek, Singapur, Shvesiya, Andorra va Buyuk Britaniya kirdi.

Oxirgi uchta o`ringa Janubiy Sudan, Somali va Markaziy Afrika Respublikasi qo`yildi.

O`zbekiston mazkur reytingda 188 mamlakat ichida 55-o`rinni egalladi. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari qayd qilgan natijalar: Turkmaniston — 60-o`rin, Qozog`iston — 85-o`rin, Tojikiston — 99-o`rin, Qirg`iziston — 113-o`rin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!