Ayollar salomatligi kalendari. Yosh bilan bog`liq xastaliklarning oldini olamiz!

10:28, 26 sentabr

Ayol organizmida har 10 yilda katta o`zgarishlar ro`y beradi. Shu sababli turli yoshda tananing ayrim xastaliklarga chalinish xavfi ortadi.

Bolalik: tug`ilgandan 11 yoshgacha

Chaqaloqning 6-8 haftalik davrida, 8 oyligida, 2 yoshga to`lganida va maktabga borish arafasida vazni, bo`yi, eshitish va ko`rish qobiliyati tekshirib boriladi. 

Tahlil va emlash taqvimi:

  • 8 haftalikdan boshlab milliy emlash taqvimi asosida 10 ga yaqin xastaliklardan emlash; 
  • doimiy ravishda stomatolog ko`rigidan o`tish tavsiya etiladi.

Taomnomasi:

  • ko`krak suti, 6-oydan boshlab esa qo`shimcha ozuqaga o`tkazish; 
  • ovqatlanish tartibiga rioya qilishni o`rgatish. Oson hazm bo`luvchi, yangi tayyorlangan taomlar bilan oziqlantirish; 
  • tuz va shakar miqdorini chegaralash; 
  • suyaklar mustahkamligini ta`minlovchi sut va sut mahsulotlari, karam, olma, o`rik singari meva hamda sabzavotlarni taomnomaga kiritish lozim.

O`smirlik: 11-19 yosh

Aynan shu davrga kelib, 90 % qizlar ovqatlanish tartibining buzilishi oqibatida yuzaga keluvchi ortiqcha vazn muammosiga duch keladi. Shu sababli o`smirlik davrida to`g`ri ovqatlanish va jismoniy harakatda bo`lish talab etiladi.  

Tahlillar taqvimi:

  • Qoqshol, ko`kyo`tal, poliomielit va silga qarshi emlanadi.

Taomnoma:

  • 11-14 yoshli qizlar kuniga 1850 kalloriyali, 15-19 yoshlilari esa 2100 kalloriyali taomlar tanovul qilishi darkor.
  • Bu davrda och qolish va turli parhezlar qat`iyan man etiladi.
  • Odatda, qizlar organizmida temir va kalsiy moddalari tanqisligi kuzatiladi. Shu sababdan terapevt shifokor tavsiyasi asosida ularga biologik faol qo`shimchalar va vitaminlar berish mumkin.

Gormonal o`zgarishlar:

  • 9-15 yoshda jinsiy rivojlanish va hayz davri boshlanadi. Qizlarni bu o`zgarishga tayyorlash uchun ginekolog shifokor ko`rigiga olib borish lozim.
  • Estrogen gormoni yog` ishlab chiqarishni rag`batlantirgani bois terida husnbuzarlar paydo bo`ladi. Demak, muammo yuzaga kelsa, kosmetolog va endokrinolog ko`rigidan o`tish maqsadga muvofiq.

Reproduktiv davr: 20-39 yosh

Tug`ish yoshidagi ayollarni asosan homiladorlik va jinsiy hayot bilan bog`liq muammolar bezovta qiladi.  Asosan  er-xotin, qaynona-kelin munosabatlarida hamda farzand tarbiyalashda duch keladigan ziddiyatlar ayolning ruhiy holatiga o`z ta`sirini o`tkazadi. Demak, yilda bir bor bo`lsa-da atrofdagilar bilan munosabatlarni to`g`ri yo`lga qo`yish borasidagi psixologik treninglarga qatnash foydadan holi bo`lmaydi.

Tahlillar:

  • har 3 yilda bir bor bachadon bo`ynidan surtma tahlili va ginekolog shifokor ko`rigi;
  • har 5 yilda arterial bosim profilaktikasi uchun kardiolog ko`rigi;
  • 2 yilda 1 marotaba mammolog ko`rigi;
  • kamqonlikni bartaraf etish uchun terapevt ko`rigidan o`tish tavsiya etiladi. 

Taomnoma:

  • hayz arafasidagi kayfiyat o`zgarishlarining oldini olish uchun tarkibida kofein va alkogol saqlovchi mahsulotlardan voz kechish, shakar, tuz va to`yingan yog`lar (margarin, hayvon yog`lari) qo`shilgan eguliklar miqdorini chegaralash;  
  • Shuningdek, taomnomaga tarkibida foliy kislotasi mavjud bo`lgan eguliklarni kiritish maqsadga muvofiq.

Gormonal o`zgarishlar:

  • Bu davrda gormonal balans buzilishi oqibatida homilador bo`la olmaslik, homilaning tushishi kabi muammolar kuzatiladi. Shu boisdan yilda bir marta endokrinolog shifokor nazoratidan o`tish lozim.

Menopauza ostonasi: 40-49 yosh

Hayz kunlarining o`zgarishi, moddalar almashinuvning sekinlashuvi hisobiga vaznning ortishi, charchoq va depressiyaga moyillik shu davrga xos muammolardan hisoblanadi. Ularni bartaraf etish uchun har yili ikki bor terapevt nazoratidan o`tish kerak.  

Tahlillar:

  • har 5 yilda bir marta bachadon bo`ynidan surtma tahlili;
  • har 3 yilda yurak xastaliklari profilaktikasi maqsadida kardiolog ko`rikdan o`tish;
  • har 5 yilda qondagi xolesterin miqdorini aniqlash;
  • har 2 yilda ko`rish qobiliyatini tekshirish;
  • ko`krak bezi saratonining oldini olish uchun har 3 yilda bir bor mammolog ko`rigidan o`tish; 
  • bachadon miomasining oldini olish maqsadida har yili ginekolog ko`rigi va UTT dan o`tish tavsiya etiladi.

Taomnoma:

  • uglevodlarga boy hisoblangan non, patir, pishiriqlarni taomnomadan chiqarib, ularni qora non va mevali desertlarga almashtirish;   
  • taom tayyorlashda to`yinmagan moylardan foydalanish;
  • och qolishga majbur qiladigan parhezlarga amal qilmaslik lozim.   

Gormonal o`zgarishlar:

  • Gormonal muammolar tufayli hayz sikli hamda bachadon hajmining o`zgarishi ham salomatlik bilan bog`liq muammoga sabab bo`lishi mumkin.

Klimaks davri: 50-59 yosh

Har bir ayol bu pallada arzimas ko`ringan yo`taldan tortib, oshqozon-ichak tizimi faoliyatidagi buzilishlargacha bo`lgan noodatiy o`zgarishlarni kuzatish va ularga qarshi kurashish darkor.  

Tahlillar:

  • qon bosimi bezovta qilmagan taqdirda, har 2 yilda bir bor kardiolog shifokorga ko`rinish;
  • har yili mamogramma tahlilini o`tkazish;
  • doimiy ravishda xolesterin, kalsiy va D darmondorisi miqdorini nazorat qilish kerak. 

Taomnoma:

  • Moddalar almashinuvining sekinlashishi taomnomani o`zgartirib, salatlar va engil hazm bo`luvchi taomlarga o`tish vaqti etganligidan darak beradi. 
  • Tuxum, dukkakli o`simliklar, ko`katlar tarkibidagi E vitamini esa klimaks belgilarni engillashtiradi.

Gormonal o`zgarishlar:

  • Bu davrga kelib, ayolda asabiylik, issiq va sovuqqa chidamsizlik, tez bezovta bo`lish, yurakning tez urishi, qon bosimining ko`tarilishi, xotiraning susayishi, uyqusizlik kabi belgilar kuzatilishi mumkin. Bu muammolarni endokrinolog shifokorning tavsiyalari asosida engillatish imkoniyati mavjud.

Nafaqa gashti: 60 yoshdan so`ng...

Har qanday noodatiy belgilarga e`tiborli bo`lish, salomatlikni shifokor nazorati ostida tiklash maqsadga muvofiq.

Tahlillar:

  • xolesterin miqdori va qon bosimini har 2 yilda tekshirib borish;
  • qonda glyukoza miqdorini har 2 yilda tahlil qilish maqsadga muvofiq.

Taomnoma:

  • organizmni kamida kuniga 1000 mg. kalsiy bilan ta`minlash;
  • xolesterin miqdorini normallashtish uchun muntazam sarimsoqpiyoz iste`mol qilish;
  • oshqozon-ichak tizimi faoliyatini izdan chiqaruvchi gazlangan suvlardan voz kechish tavsiya etiladi.

Gormonal o`zgarishlar:

  • yuz sohasida tuklar paydo bo`lishi;
  • siydik chiqaruv yo`llariga infeksiya tushish xavfi mavjud.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!