«ZAGS»dan o`tkazmay adashibman», «Qaynonam vafot etdi, turar joy nima bo`ladi?», «Ijarachimdan shubhadaman...» kabi savollarga mutaxassislar javobi

11:45, 26 sentabr

Murojaatlaringizga advokat Nafisa IBRAGIMOVA, huquqshunos Durdona NAZAROVA hamda Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi xodimi Zafarjon XO`JAEV javob beradilar. Eslatib o`tamiz, mutaxassislar izohi tavsiyaviy xarakterga ega.

 

«UYLANIB, QIZLARINI UNUTDI...»

— Qizlarimning otasi bilan ajrashganman. Sobiq erim qayta oila qurdi-yu, uch farzandini unutdi.  Qizlarining bo`yi etayapti, ammo shu paytgacha biror marta yordam beray demaydi. Moddiy tomonlama qiynalib qoldim. Ayting, kimga murojaat qilay?

Sharifa Toshmurodova, Surxondaryo viloyati

— Farzandlaringiz voyaga etmagan bo`lishsa, ularga aliment undirish haqida sudga murojaat qilishingiz mumkin.

 

«YaNA QISQARTIRISh, YaNA IShSIZLIK!»

— 12 yil bir zavodda ishladim. Revmatizmga yo`liqqanim bois ish lavozimim o`zgartirilib, vaxtyor shtatiga olindim. So`ng men egallab turgan ish lavozimi qisqartirishlarga tushib, boshqa korxonaga farrosh bo`lib ishga joylashdim. Hozir avvalgi ish joyimda chevar bo`lib ishlayapman. Ammo 20 yillik ish stajim bo`lishiga qaramay, yana qisqartirishga tushirishayapti. Nahot ish beruvchi bir xodimni qayta-qayta qisqartirishga tushiraversa?

Munisa Ahmadalieva, Farg`ona shahri

— Savolingiz mazmunidan sizni ish o`rningiz turli davrlarda va turli lavozimlarda qisqartirilgan. Ish o`rinini qisqartirish ishlab chiqarish jarayoniga bog`liq bo`lgani bois bunda cheklanishlarga yo`l qo`yilmaydi. Agar navbatdagi ish o`rnini qisqartirish sizni ish o`rningizdan ketkazish maqsadida qilinayapti, deb hisoblasangiz, bu haqda korxona joylashgan hududdagi prokuraturaga murojaat etishingiz mumkin.

 

«O`ZINGDAN ChIQQAN BALOGA...»

— Bir qarindoshimiz uy-joy qilib beraman deb katta miqdorda pul olgandi. Aytilgan vaqtdan o`tib ketgan bo`lsa ham na pulni qaytardi, na uy qilib berdi. Qarindosh-ku deb, tilxat ham yozdirib olmabmiz. Endi nima qilsak bo`ladi?

Ismi sir tutildi

— Qarindoshingiz bilan kelib chiqqan muammoni o`zaro kelishuv yo`li bilan hal qilishning imkoni bo`lmasa va u va`dasini bajarmayotgan bo`lsa, uning harakatlarida firibgarlik alomatlari ko`rinayotgani bois pul oldi-berdi qilingan hudud bo`yicha IIBga ariza bilan murojaat etishingizni maslahat beramiz.

 

«ZAGS»DAN O`TKAZMAY ADAShIBMAN»

— O`g`limni uylantirayotganda «ZAGS»dan o`tkazishning imkoni bo`lmagandi. Keyinroq yoshlarning o`zi o`tib kelar degandim-da. Ammo buni qarangki, ikkisi kelisholmay «Ajrashaman»ga tushib olgan. Agar chindan ham o`g`lim ajrashadigan bo`lsa, «ZAGS»dan o`tmagani uchun jarimaga tortilmaydimi?

Matluba Mavlonova, Qashqadaryo viloyati

— Nikohni qayd ettirmasdan birga yashash er-xotinning xohishi bo`lganligi sababdan buning uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Lekin kelajakda turar joy, ta`minot, aliment, mulk kabi muammolar kelib chiqmasligi uchun nikohni qayd ettirgan maqsadga muvofiqdir.

 

«UY NABIRAMGA QOLADI!»

— To`rt qizimni turmushga berganman. Nabiralarimning birini erim hayotlik chog`i vasiylikka olganmiz. Uy-joyni mana shu nabiramning nomiga o`tkazib beraylik deb, notariusga murojaat qilsam, «Avval uyni o`z nomingizga o`tkazib, keyin nabirangizga rasmiylashtiramiz» dedi. Axir familiyamiz bir bo`lsa, shuncha ovoragarchilikning nima keragi bor?

Dilbarxon Ochilova, Jizzax viloyati

— Agar bu uy siz bilan marhum eringizning birgalikdagi mulki bo`lsa, eringizning vafotidan so`ng uyning ikkidan bir qismiga egalik huquqini belgilovchi guvohnoma olishingiz, qolgan qismiga esa o`zingiz va farzandlaringiz bilan birgalikda merosxo`rlik guvohnomasini rasmiylashtirishingiz lozim. Shundan keyingina o`zingizga tegishli ulushini nabirangizga hadya etishingiz mumkin.

 

«QAYNONAM VAFOT ETDI, TURAR JOY NIMA BO`LADI?»

— Turmush o`rtog`im oilada yagona farzand. Yaqinda qaynonam olamdan o`tdi. Biz yashab turgan uy u kishining nomida. Uyni erimning nomiga o`tkazish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?

Ismi sir tutildi

— Qaynonangizning vafotidan keyin turar joyga nisbatan merosni rasmiylashtirish uchun, albatta, shu hududdagi davlat notarial idorasiga murojaat etishiniz lozim.

 

«AJRIM HUJJATI MENI YoMONOTLIQ QILDI»

— 13 yil muqaddam qaynopam erim ikkimizni ajrashtirib yubordi. Hayron bo`lmang, suddan chaqiruv qog`ozi ham, telefon qo`ng`irog`i ham bo`lmagan. Faqat ajrim qarorini olganman, xolos. Shu paytgacha qaror mazmuni bilan tanishmagandim. Bunga zaruriyat ham bo`lmagan. Shu kunlarda ishga joylashish uchun hujjatlarni to`g`irlayotib, ajrim qarorini o`qib qoldim. Unda meni elgiltak ayolga chiqarishgan ekan. Xorijga qatnab, savdogarlik qilganim rost. Ammo biror marta sayoq yurmaganman. Xullas, mana shu ayblov ishga joylashishimda pand berayapti. Sobiq erim bilan gaplashdim, sudga qayta murojaat etib, qaror mazmunini o`zgartirishga rozi. Hujjatga o`zgartirish kiritishning imkoni bormi?

Dilrabo Ziyadullaeva, Buxoro viloyati

— Nikohdan ajratish masalasi hal qilingach, sud qarori asosida yashash joyi bo`yicha FHDYo bo`limiga murojaat etilganida nikohdan ajrashganlik haqidagi guvohnoma berilib, bu hujjatda  nikohdan ajrashganlik holati qayd etiladi. Shu sababdan ish joyingizga taqdim etish uchun sud qarorini emas, tegishli tartibda FHDYo organidan ajrashganlik haqidagi guvohnomani olib, uning nusxasini taqdim etishni maslahat beramiz. Qonuniy kuchda bo`lgan sud hujjatiga tomonlarning xohishi bilan o`zgartirish va  qo`shimcha kiritishga esa yo`l qo`yilmaydi.

 

«IJARAChIMDAN ShUBHADAMAN...»

— Farg`onadan poytaxtga ko`chib kelganmiz. Vodiydagi uyimizga ijarachi qo`ygandik. Bu erda uy-joy qilib, zarur jihozlarni olib kelaylik desak, ijarachi uyga kiritmayapti. Aniqrog`i borishimizni aytsak-da, sira tutqich bermaydi. Uyga kirolmay, molimizni ololmay sarsonmiz. Bu vaziyatda qanday yo`l tutsak bo`ladi? O`z uyingga kirolmasang, alam qilarkan...

Manzura Sodiqova, Toshkent shahri

— Bunday holatlarda ijarachiga o`zingizni talab va xohishlaringizni yozma ma`lum qiling. Ijarachi tomonidan e`tirozlar bildirilganida esa ijara shartnomasini  bekor qilish, uydan ko`chirish kabi talablar bilan sudga murojaat etishingiz mumkin.

 

«EH, ERKAKLAR, ERKAKLAR...»

— Ikki o`g`lim tug`ilishidan avval erim bilan xorijda ishlaganmiz. Qaytgach, topgan-tutganimizga mashina, uy oldik. Lekin negadir erim ularni qarindoshlarining nomiga rasmiylashtirdi. Buning sababini endi tushunayotgandekman. Ayni dam ajrim yoqasidamiz. Ehtmol shuni o`ylab, avvaldan ehtiyotini qilganmi... Bilmadim, xullas menga o`z ulushimni o`ylayapman. Axir uy-joy, avtomobilda mening ham haqqim bor! Ajrim vaqti bu masala qanday hal qilinadi?

Gulmira G`anieva, Toshkent shahri

— Mulkni bo`lish haqida kelishmovchilik chiqqan holatlarda bu to`g`risida fuqarolik sudiga murojaat etishingizga to`g`ri keladi.

 

«BOQUVChISIZ QOLDIM, ENDI NIMA QILAMAN?»

— Yoshim 48 da. 3 nafar farzandim bor. 2013 yilga qadar onamning qaramog`ida yashardim. U kishi vafot etgach, boquvchisiz qoldim. Onamning nomida bo`lgan pensiya pulini o`zimning nomimga rasmiylashtirsam bo`ladimi?

Sharifa Toshmurodova, Surxondaryo viloyati

 

— «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasi «a» bandiga asosan farzandlar 16 yoshga to`lmagan bo`lsa, boquvchisini yo`qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega bo`ladilar.

 

«ALIMENT TO`LOVIDAN NOROZIMAN!»

— Erim Qozog`iston fuqarosi. Shu bois aliment to`lovini uning otasi to`laydi. Qaynotam O`zbekiston fuqarosi. Aliment to`lovini erimning o`zi to`lashi uchun nima qilish kerak?

«SMS» orqali kelgan savol

 — Aliment to`lovi eringiz nomidan amalga oshirilayotgani bois uni qaynotangiz tomonidan to`lanishining ahamiyati yo`q. Eringizning xorij davlatida olayotgan daromadi haqida rasmiy ma`lumot bo`lgan taqdirda undiruvda bu holat e`tiborga olinishi mumkin.

Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!