Javohir Zokirov bolaligi, yolg`onchilar, tuhmatlar haqida

12:19, 26 sentabr

“Qisqa va lo`nda” loyihasining bu galgi mehmoni — aktyor Javohir Zokirov. Aktyorning shaxsiy hayoti va faoliyati haqida kechgan ochiq-oydin suhbatimiz davomida uning bolaligi va ijodiy yangiliklari haqida gaplashdik. Qisqa va lo`nda suhbatimizni esa ushbu sahifada o`qishingiz mumkin. 

Mavsum yangiligi.
Shu kunlarda “Diydor” teatr studiyasi rahbari O`zbekiston xalq artisti Bahodir Yo`ldoshev boshchiligida Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari  ustida ishlayapmiz. Spektaklga tayyorgarlik har kuni erta tongdan boshlanib kechagacha davom etmoqda. Ushbu spektaklga iqtidorli va mashhur aktyorlar jalb qilingan. Shuningdek yangi bir kartina ham katta ekranlarga chiqish arafasida. Nomini hozircha oshkor qilolmayman. Ammo yangi kinoasar ham tomoshabinlarga ma`qul keladi degan umiddaman. Bundan tashqari, “Baron-2” filmining ssenariysi ustida ish olib borilyapti. Hademay “Baron”ning davomini ham tasvirga olish boshlab yuboriladi. Eng katta yangiliklardan biri bu — o`zimizning prodyuserlik markazimizni ochishimiz. Bu haqida hozircha to`liq ma`lumot bera olmayman, ammo tez kunlarda hammasidan boxabar bo`lasiz.

Tushkunlikka tushsam.
Avvalambor tushkunlikka tushmaslikka harakat qilaman. Chunki insonning eng ashadiy dushmani ham aynan shu tushkunlik. Agar o`zim istamagan holda tushkunlikka tushsam, unda yaxshi musiqa eshitishga kirishaman. Ko`nglim istagan qo`shiq yoki musiqani tinglasam, kayfiyatim birdan o`zgaradi. Bundan tashqari band bo`lishga, o`zimni ishga “ko`mib” tashlashga harakat qilaman. 

Sport.
Bolaligimda juda ko`p sport turlari bilan shug`ulanganman — suzish, futbol, karate, stol tennisi... Suzishga onam olib borardilar, futbolga esa matabdagi do`stlarim bilan borganman. Futbolni juda yaxshi ko`rardim. Karate bilan shug`ulanishimga esa o`sha paytlardagi kumirim Bryus Li sabab bo`lgan. Uning ishtirokidagi filmlarni ko`rib unga o`xshashni istardim. Hozir esa afsuski sportga ko`p vaqt ajratolmayman. Imkonim bo`lganda suzishga borib turaman xolos. 

Mo``jiza.
Bu juda keng tushuncha. Hayotimizda, har bir kunimizda sodir bo`layotgan voqea-hodisalarning o`zi bir mo``jiza-ku! Quyoshning chiqishi, kunning botishi, odamzodning dunyoga kelishi, yashayotganimiz... Faqat bunga ishonadiganlar va ishonmaydiganlar bor. Men ishonadiganlar sirasiga kiraman.

Farzandlar.
To`ng`ichim — Arif 10 yoshda. Futbol o`ynashni juda yaxshi ko`radi. Krishtiano Ronalduning muxlisi. Kenjatoyimiz — Saidkarim dekabrda ikki yoshga to`ladi. Juda sho`x. Bir erda jim o`tirganini ko`rmaysiz. Hozirdan san`atga qizishi borligini sezaman. Musiqani yaxshi ko`radi. 

Mish-mish.
Afsuski, mashhurlar haqida turli gap-so`zlar tarqalishi odatiy holga aylanib boryapti. Bu juda yomon. Ko`p yillik ijodiy faoliyatimda men haqimda ham bo`lar-bo`lmas, yolg`on va yoqimsiz xabarlarni tarqatishgan. Ulardan eng yomoni meni giyohvand deyishgani. Yaxshi bilmagan kishisi haqida tuhmat gaplar tarqatadiganlarga insof bersin. 

Yolg`on gapirishsa.
Odamlar bilan suhbatda samimiylikni qadrlayman. Shu sabab menga yolg`on gapirishayotganini tezda anglab olaman. Bundan tashqari, yolg`onchilarni tashqi ko`rinishi ham uni fosh etib qo`yadi. Meni aldagan inson bilan urushib, gap talashib o`tirmayman. Uning qandayligini bilganimdan so`ng, indamay aloqani uzaman. 

Uzr so`rash.
Aybim uchun kechirim so`rash men uchun qiyinchilik tug`dirmaydi. Beayb insonning o`zi yo`q. Hech kim ideal emas, bilib-bilmay xato qilishimiz mumkin. Lekin kimdir noto`g`ri ish qilsa, uni ko`ra-bila turib jim turolmayman, o`sha inson xafa bo`lsa ham aybini aytaman. Ammo bunday paytda so`ramayman. Chunki, men noo`rin gapirmagan bo`laman-da... 

Yomon ko`rgan savol.
“Nega sizga faqat salbiy qahramonlarning rolini berishadi?”, degan savolni yomon ko`raman. Chunki bu savolga har bir intervyudan javob berganman. Qayta-qayta so`rashgani bilan  javobim o`zgarmaydi-ku.

Aliya SULAYMANOVA tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!