Surishtiruvdagi surishtiruvchilar

12:56, 26 sentabr

Hozir birovga yaxshilik ham qilib bo`lmaydi, - dedi Olim to`mtayib. – Minnatdorchilik bildiramiz, deb zo`rg`a qutildik-a!

Muhammad ikkalasi kallai saharlab ishga ketmoqda. Olim yo`l-yo`lakay Muhammadni olivolgan. Kechagi voqealardan hanuzgacha xafa.

- Nimani aytasiz? – Muhammad gapga tushunmadi.

- Ziyod akangni, nimani bo`lardi? 

Olimning asabi buzildi. Aftidan xafagarchiligini ustozning ismini aytmay bayon etmoqchi bo`lgan-ku, Muhammad nopsixologik savoli bilan vaziyatni og`irlashtirgan.

- Ha, nafasing ichingga tushib ketdi? Sendan chiquvdi-ku, tushlik olib berib, minatdorchilik bildirish taklifi? – Olim hujumga o`tdi. 

- Hammasi ko`ngildagiday o`tdi-ku, qaytanga Ziyod aka xursand…- Muhammad o`zini oqladi. – Har holda u kishiga nevara shogirdman, har-har zamonda yo`qlab tursak savob bo`ladi.

- Yo`qlasang, uyiga borib yo`qla-da, xizmatga sudrab kelishga balo bormidi?

Olim hasratlarini aytib, dakki berish niyati bor edi-ku, qo`l telefoni jringlab, gapni kelgan joyida, mashinani esa yo`l chetida to`xtatib, aloqani uladi. Biroz eshitdi, rangi bo`zarganday bo`ldi.

- Qayda dedingiz? – so`radi nihoyat, ozroq tinglab, yana so`zladi. – U bizning hududimiz emas-ku!

Yana biroz tingladi va:

- Bo`pti, o`tamiz… O`zi yo`ldamiz… Boshliqqa «ana-mana etib qoldi», deb qo`y, - degancha aloqani uzdi. Muhammadga o`girildi. - Ish rasvoga o`xshaydi… Kechagi yigit avariyada o`libdi!

Boyagi holatdan saboq chiqargan Muhammad «kechagi yigit» kimligini so`ramadi.

***

Bekobodning yo`lida, ovloq joyda, ko`chaning o`ng tarafidagi jarlik ichida Ilyosning «Mersedes»i dumalab yotardi. Rulda o`zi. Qahramonlarimiz etib kelganda tuman ichki ishlar bo`limi tezkor-tergov guruhi ishini tamomlab, prokuratura rahbarlari ko`rsatmasi bilan ketishga chog`lanayotgan edi. Jasad va mashinani olib ketishga hozirlik ko`rilmoqda.

Olim nega bu erga yuborishganini hunuzgacha tushungani yo`q.  

- Bo`pti, ko`rsalaring ko`ringlar, - dedi prokuror Olim va Muhammadning xizmat guvohnomasini tekshirib, norozi ohangda. – Nima, bizning yigitlar ishlay olmas ekanmi? Senlarni yubormasa!

- Kecha shu kishi bilan gaplashgandik, - jarlikdagi mashinaga ishora qilib, izoh berdi Olim. – Bir ish bo`yicha hamkorlik qilganmiz… Shunga aytishdi, keldik…

O`z hududida begonalarning kelib, aqllilik qilishi kimga yoqadi? Prokuror qo`l ostidagilarga ko`rsatmalar berdi-da, mashinasiga o`tirib, jo`nab ketdi.

Ikki izquvar norozi nigohlar ostida mashina yoniga tushdi.

- Biz bularga yoqmayapmiz, - dedi Muhammad Olimga ergashib.

- Jim kelaver, baribir kuyov qilishmaydi, - Olim kinoya qildi. – Bular sening psixologligingni bilmaydi. Shunga olayishyapti.

«Tez yordam»  xodimlari jasadni mashinadan olishga hozirlanayotgan ekan, Olim buyruq ohangida gapirdi:

- Shoshilmang, biz ham bir qo`r ko`zdan kechiramiz.

Oq xalatli «tez yordam» xodimlari bu sirli yigitlarga boqib, itoatkorlik bilan chekkaga o`tdi. Muhamad ular kim katta-yu kim kichikligini bilmay, hammaga birday bo`ysunayotganini payqadi.

Olim jasadni ko`zdan kechirdi. Oldiniga ko`zlarini ochib boqdi, so`ng yuzini, tanasining ochiq joylarin ko`rdi, keyin zarrabinini olib, kiyimlarini o`rgandi. Muhammadga uning bu sinchkovligi yoqmadi. Tepada – yo`l chetida norozi boqib turganlarga ishora qilib, Olimga gap tashladi:

- Biz viloyatdamiz… Birovlarning hududida… Ish ularniki-ku!

- Xalqit berma, - dedi Olim va ishida davom etdi.

Jasad rulga suyangan, yuzida qontalash joylar bor, kiyimlari ham tuproq, g`ijim, yirtilgan, tana soviganidan anglash mumkinki, voqea ancha burun, kechasi yoki kechga yaqin yuz bergan va mashina tonggacha, yo`lovchi mashinadagilar ko`rib qolgancha shu erda qolib ketgan.

- Nima deysan? – so`radi Olim anqaygan Muhamaddan, mashinaga ishora qilib.

- Jalka, - dedi Muhamad.

- Nima?! – Olim tushunmadi.

- Afsus, demoqchi edim… Yaxshi yigit edi… Mashina ham qimmat… Afsus…

- Sen bilan mening ishimda afsusni keyin, prokuror so`kkanda qilamiz, hozir ishla... Psixolog sifatida nima deysan?

Muhammad ustiga sovuq suv sepilganday o`ziga keldi. Shoshib mashina ichi va yukxonasini ko`zdan kechirishga kirishdi.

Olim «tez yordam» xodimlari bilan biroz gaplashib, Muhammadga «sen o`rganib tur, men hozir», dedi-da, tepaga chiqdi, yo`lni kuzatdi, mashina pastga dumalagan joyni o`rgandi. Bu ikkovning ishini qolganlar hayrat bilan kuzatmoqda. Olim pastga tushib kelayotganda unga fuqaro kiyimidagi kishi ergashdi va o`zini tanishtirdi. Tuman ichki ishlar bo`limi boshlig`ining birinchi o`rinbosari ekan.

- Mashinani hech kim tintimadimi? – so`radi undan Muhammad.

- Yo`q, - dedi o`rinbosar. - Nima bo`pti?

- Hech nima… - Muhammadning gapi sirli eshitildi.

- Ilyos avariyada o`lmagan, - dedi Olim. – Bu qotillik!

O`rinbosarning ko`zlari shokosaday chaqchaydi. Unga ochilmay, bo`ynida osilib qoladigan  qotillik tekinga ham kerak emas.

- Ilyosni kaltaklab o`ldirishgan, - davom etdi Olim. – So`ng mashinaga o`tqazib, bu yoqqa dumalatishgan.

- Qaydan bilaqolding? - o`rinbosar shubhalandi.

- Mashinaning tepadagi izlarini ko`rdingizmi? Bilinar-bilinmas… Mashina sekin kelgan… Dumalagan joyni qarang, Yo`ldan chiqqan-da, ohista ag`darilgan, tez kelganda ancha narigacha uchib borgan, yo`l chetidagi toshlarni har yoqqa sachratib o`tgan bo`lardi. Bu erda go`yoki mashina ohista yo`l chetiga chiqib, sekin dumalaganga o`xshaydi. Shundan mashinaning faqat yonlari prachoqlangan. Ilyosning tanasi, kiyimlari ham g`alati… Hammayog`i ko`kargan, lekin mashinaning na old va na yon oynalarida qon dog`lari yo`q. Kiyimlarida esa tuproq va shox-shabbalar, asfalt donalari… Mashina asfaltda ag`namagan-ku!

- Mashina dumalashidan oldin tintilgan, - dedi Muhammad. 

O`rinbosar va, hatto, Olim ham unga hayrat bilan boqdi.

- Mashina to`rt marta ag`nagan , - dedi o`rinbosar kinoya va keskinlik bilan. 

U «ichidagi jihozlar shundan ag`dar-to`ntar bo`lgan», demoqchi, Muhammad gap mazmunini tushundi va izoh berdi:

- Zixira g`ildirak joyidan olib tashlangan, salondagi gilamchalar sug`irib olingan… Hatto dumalagandan keyin Ilyosning oyog`i ostida, pedallar tagida qolishi lozim gilamcha orqa tomonda.

Hamma jim bo`ldi.

- Ketdik, - dedi nihoyat Olim. – Bu erda qiladigan ish qolmadi.

- Barmoq izlari topildimi? – so`radi Olim o`rinbosardan tepaga chiqishayotganda. U tasdiq ma`nosida bosh irg`agach, davom etdi. – Yigitlaringizga aytsangiz, tezroq bazadan tekshirishsa…

Muhmmad Olimni tushunmadi. Bir ko`ngil, «mening xulosalarim alam qildi», degan fikrga ham bordi. Axir jinoyatni faqat u ochishiga, qolganlar atrofida o`ralashib yurishiga o`rgangan.

- Ilyos Bekobodga shuncha pulni postda qo`lga tushib qolishidan qo`rqqani uchun shaloq mashina orqali yubormaganga o`xshayapti. U boshqa kimdandir cho`chigan, - dedi Olim shaharga qaytishayotganda. 

Muhammad tushundiki, boya Olim o`rinbosarning oldida taxminini aytishni istamagan. Bunaqa fikrlar, taxmin va tusmollarni hamma bilaverishi shart emas.

- Kimdan qo`rqqan? – so`radi Olim.

- Sen bilan men endi shuni aniqlaymiz! Hozir asosiy vazifamiz shu. Har holda Ilyosning hiylasi ish bergan va o`sha odamlar u pulni boshqa mashinada yuborganini bilmagan, oqibatda esa o`zining umriga zomin bo`lgan.

***

Ikki izquvar boshqarma boshlig`iga axborot berishlari bilan butun boshqarma shaxsiy tarkibi oyoqqa turg`azildi. Kim Ilyosning kecha borgan joylarini, kim qo`l telefonidan kimlar bilan gaplashganini, kim avtohalokat bo`lgan joydan o`tganlarni qidirishga ketdi. Olim bilan Muhammad Ilyosning yaqinlarini so`rash uchun yuborildi. Biroq sirishtiruv uzoqqa bormadi. Ilyosning uyida akasi bilan gaplashib turganlarida ularni ortga chaqirishdi. Muhim yumush chiqqan emish.

Muhammad-ku, «yana bir ish chiqqandir-da», deb bemalol edi, Olim xavotir bilan boshqarmaga kirib keldi..

Navbatchilik qismida ularni boshqarma boshlig`i xonasida ichki nazorat bo`limi xodimi kutayotganini aytishdi. Olim seskandi: ular bekorga kelishmaydi.

- Xo`sh, bir boshdan aytib bering-chi, nima ish qildinglar? – ikkalasi xonaga kirishi bilan boshliq o`qraydi.

Uning yonida o`ttiz yoshdan o`tgan, ozg`indan kelgan, nigohlari sovuq, badqovoq, fuqaro kiyimidagi yigit o`tirardi. Boshliq darrov unga o`girildi.

- Mana shu ikkalasi-da…

- Yaxshi… 

Yigit ularga boshdan oyoq razm soldi. Muhammad hali gap nimadaligini tushunmasa-da, yigitning nigohidan yuragi muzladi. 

- Prokurorga o`xsharkanmi? – dedi Olimga past ovozda.

Olim indamadi. Yigit o`zini tanishtirdi:

- Ichki nazorat bo`limi o`ta muhim ishlar bo`yicha katta tezkor vakili  Xudoynazarov… O`tiring!

Olim va Muhammad ko`rsatilgan joyga, uning ro`parasiga o`tirdi. Boshqarma boshlig`i Xudoynazarovga o`girildi:

- Bunisi katta tezkor vakil, yosh bo`lsayam iqtidorli… Narigisi psixolog.

- Psixolog?! – Xudoynazarov hayrat bilan boshliqdan so`radi va Muhammadga yana sinchiklab razm soldi.

- Shunaqa… tajriba uchun kiritilgan bu lavozim… Jinoyatchilarning psixologiyasini o`rgarishda yordami tegarmikin, degan fikr bilan.

- Qanday?! – Xudoynazarov boshliqqa boqdi.

- Ko`rib turibsiz-ku, - boshliq aniq gap aytishdan qochdi.

- Yordami tegyapti, - dedi Olim. – Shu paytgacha bilmagan ekanmiz, jinoyatchi qoldirgan izlar uning ruhiyatiga bevosita bog`liq bo`larkan…

- Umuman, jinoyatchilar o`z ruhiy holati, qiziqishlaridan kelib chiqib jinoyat qiladi, - mahmadonalik qildi Muhammad. – Jinoyatga qarab sodir etgan kishining yoshi, fe`li, qiziqishlari, bo`y-basti, hatto ko`rinishiniyam aytib berish mumkin.

Gap Xudoynazarovga yoqmadi. Birdan kayfiyati o`zgarib, yanada tundlashdi-da, mavzuni o`zgartirdi.

- Kechagi ish bo`yicha keldim. Rahbariyatga prokuraturadan «xodimlaringiz aralashgan ish qotillikka olib kelibdi», degan qo`ng`iroq bo`lgan, shunga tekshiruv o`tkazish topshirilgan… Qanday qilib ishni shu darajaga olib keldingiz?

Olim boshliqqa «nima deyapti?!» deganday qarash qildi.

- Ilyos Mardievning o`limini aytaman, nega bilmaganga olasiz, - Xudoynazarov «hujum»ga o`tdi. – Kecha uning ishi bilan siz shug`ullangansiz, keyin kimdir o`ldirib ketibdi?

- Nima, biz o`ldiribmizmi? Bizdan gumon qilyapsizmi? – hayron bo`ldi va asabiy so`zladi Olim.

- Hech kim sendan gumon qilayotgani yo`q, - dedi boshliq. 

Biroq o`ta muhim  ishlar bo`yicha tezkor xodimning fikri boshqacha, shekilli, o`sha ohangda davom etdi.

- Buni hali aniqlaymiz, hozircha, sizning sovuqqonligingiz, vazifangizni vijdonan bajarmaganingiz uchun bir inson o`ldirib ketilganini inkor etmassiz…

Muhammad bunaqa ishlarga ilk bor duch kelib turibdi, hayron, Olimga boqdi.

- Hali shunaqayam bo`lishi mumkinmi? – so`radi. – Biz o`ldirmadik-ku!

- Har balo bo`lishi mumkin, - dedi Olim va Xudoynazarovga o`girildi. - Birinchidan, Ilyosning qotillik qurboni bo`lganini o`zimiz aniqladik, bu bizning tusmol. Ikkinchidan, u bizga nima yomonlik qilibdiki o`ldiramiz?

- Birinchi, ikkinchi, deb aqllilik qilavermang, - Xudoynazarov keskin so`zladi. – Hammasidan xabarimiz bor… Bu ishlarning boshida siz turmagan bo`lsangiz, kecha begonalarni aralashtirganingizni ham bilamiz.

- Begonalar?!

- Ziyod akani aytyapti, - dedi boshliq va Xudoynazarovga tushuntirish berdi. – Judayam begona emas, aytdim-ku. Bizda ishlagan, bir yildan oshdi, pensiyaga chiqqan.

- Bilasizmi, shu bir yil ichida kimlar bilan oshno, kimlar bilan osh-qatiq bo`lib yurganini? Bilmaysiz… Qolaversa, ichki ishlar xayriya tashkiloti emas, buni mendan yaxshi bilasiz. Mana, ozgina e`tiborsizlikka bir inson hayotdan ko`z yumib ketdi. 

- I-i-i, - boshliq hayratdan lol. – Nima deyapsiz uka? Bu ishda bizning yigitlar aybdor emas.

- Surishtiramiz, aniqlaymiz, - dedi Xudoynazarov. – Bir million dollar oz pul emas. Har balo bo`lishi mumkin.

***

Ziyod aka ilgarigi xonasida, jinoyatchilarning joyida, ayb ish qilganday boshini xam qilib, qo`llarining junini silab, o`ynab, beo`ygina bo`lib o`tiribdi. Ro`parasida Xudoynazarov – asabiy, qo`llari qaltirab, ko`zlari olaygan.

- O`sha, bir millon pul yoki Ilyosning ishlari haqida kimlarga aytgan edingiz?

Shu mahal eshikdan Olim bo`yladi:

-Ancha kutamizmi?

- O`zim chaqiraman, - dedi Xudoynazarov.

Olimning boshi g`oyib bo`ldi. Xudoynazarov Ziyod akaga o`girildi.

- Aytdim-ku…- dedi bemalol Ziyod aka.

- Kimga?! – Xudoynazarov xunob bo`ldi.

- Senga aytdim-ku, - gapida davom etdi Ziyod aka. – Hech kimga aytmadim, deb aytdim… Vaqt ham bo`lgani yo`q… Uka, men jinoyat-qidiruvning ishini bugun, yo kecha ko`rganim yo`q. Bir umr jinoyat ochganman. Hammasini bilaman. Qariganimda o`lippanmi, xato qilib?

- Buni ming marta aytdingiz… Pensiyaga chiqqan bo`lsangiz, nega bu ishga aralashib yuribsiz?

- Tushlikka boruvdik… Ulgurmadik…

Xudoynazarov asabiylashdi.

- Buni aytdingiz…

- Ha, ulugurmadik-da… 

- Ikkalamizning gapimiz ahmoq bilan dononing suhbatiga o`xshab ketyapti, Ziyod aka, - Xudoynazarov xunob. - Bir-birimizni tushunmayapmiz.

- Uka, hali yosh ekansan, o`zingga uncha past baho berma, unchayam ahmoqqa o`xshamaysan, - dedi Ziyod aka bemalol. – Ko`rib turibman, ancha aqllisan… Lekin hali o`rganishing kerak.

Bu payt Olim va Muhammad yo`lak chetidagi deraza yonida turishar, Olim asabiylik bilan raqam terar, Muhammad jo`layib unga boqib turardi.

- Senga nima devdim, pensionerlarni ishga aralashtirish yaxshi emas… Ko`nmading, «bir cho`qim osh kimni o`ldiribdi, chaqiraylik» deb jonga teguvding, mana oqibati, - Olim nigohini telefondan olmaydi. – Jinoyat ochish senga psixologik trening emas, imi-jimida qilinadi.

- Qaydan bilaman…

- Endi umid Ziyod akadan, - dedi Olim. - Sal cho`zib, anqovsirab tursa, haqiqatni aniqlashga ulguramiz.

Shu payt aloqka ulandi, Olim shoshib qo`l telefoniga shoshib, hovliqib gapirdi:

- Ziyoev, o`zingmisan?. Tanimadingimi? Men, Olimman… Akademiyada birga o`qiganmiz… Esingdami, paxtada… Ha, o`sha… Viloyat boshqarmasida ekspert, deb eshitdim. Nechta yo`nalish bo`yicha ruxsating bor? To`qqizta… Yaxshi, yaxshi… Barmoq izlarigayam bormi? Bugun ertalab avtohalokat joyidan olib kelinganlarini baza orqali tez tekshirib ber… Hayot-mamot masalasi... Aniqlashing bilan xabarlash, oshna.

Aloqani uzdi-da, boshqa raqam terdi.

- Sardor, o`zingmisan? Postga etib bordingmi? Hali yo`lda yuribsanmi? Tezroq hayda, borishing bilan senga bir mashinaning raqamini beraman, postdan o`tgan-o`tmaganini aniqlab berasan.

Aloqani uzdi va yana raqam terdi.

- Alisher, o`zingmisan? O`zi sen avtomobil yo`lari institutida o`qisang bo`larkan, shuncha yil akademiyada o`qib, harakat xavfsizligida ishlab yuribsanmi? Jinoyat ochsang bo`lmaydimi undan ko`ra… Bo`pti, hazil, hazil… Yordaming kerak. Hozir senga bir familiya aytaman, mashinasi bor-yo`qligini bilib berasan… Shoshmasang-chi, hali o`sha familiya yo`q-da. Ziyaev aytishi kerak… O`sha, biz bilan bir kursda, kriminalistika guruhida o`qigan yigit.

Aloqani uzib, og`ir nafas oldi. Muhammadga boqdi.

- Hozir, Ziyoev qo`ng`iroq qilsa, ishimiz yurishib ketadi.

***

Bu payt xonada Ziyod aka va Xudoynazarov ikkkalasi hamon bir-birini tushunmay, biri xunob, biri bemalol o`tirardi.

- Bo`lmasa, kecha bo`lgan voqealarni bir boshidan yozib bering, - Xudoynazarov Ziyod akani stol qarshisiga taklif qildi va oldiga qog`oz, ruchka qo`ydi.

- Nima deb yozay? – anqovsiradi Ziyod aka.

- Bor gapni deyapman-ku!

- Bir paytlar bildirga yozardim, endi pensiyadaman, bildirgi yozolmayman. Ariza yozaymi? «Ariza» desam, arz qilayotgan bo`lib qolaman. Men esa umrim bino bo`lib, birovga arz qilgan odam emasman.

- Tushuntirish xati yozasiz…

- Ha, shunaqami?! Kimga?!

- Generalga… Generalning nomiga!

- Generallaring haliyam o`sha-o`shami?

- Ey, siz qanaqa odamsiz, shu kalla bilan jinoyat-qidiruvda qanday ishlagansiz? – Xudoynazarov o`zini zo`rg`a bosib turibdi.

- Biz kalla bilan emas, oyoq bilan ishlaganmiz.. Shuning uchun ham uzoqqa borganmiz-da.

Shu payt yana Olimnig boshi ko`rindi:

- Biz kutaylikmi?

- Kuting! – Xudoynazarov do`qlab yubordi. – Sizlar bilan keyin gaplashaman.

Sobiq jinoyat-qidiruv xodimi bilan suhbatlashishga asabi dosh bermayotgan edi.

***

- Nazarimda, biz gumondorni olib chiqqunimizcha Ziyod akaning suhbati tugamaydi, - dedi Olim yo`l chetda bezovtalanib turarkan. 

- Shart tutib chiqaveramizmi? – hayron bo`ldi Muhammad. – Aldab chaqirdik-da… Kelarkanmi?

- O`zidan ko`rsin, kim unga telefon qilganimiz hamonoq «kondisioner o`rnataman», desin dedi.

Sal o`tmay, ularning yoniga kulrang «Neksiya» kelib to`xtadi.

- E, salom, - Olim o`zini quvnoq tutishga harakat qildi. – Kondisioner o`rnatadigan yigit sizmisiz?

- O`zim… - yigit mashinadan tushdi, so`rashishdi. – Qayga o`rnatamiz?

- Yuring, ko`rsatamiz, - Olim yo`l boshladi. Yigit ergashdi, Muhammad uning ortidan yo`lga tushdi.

- Bu melisaxona-ku, - nazorat-o`tkazish joyida yigitning ko`zlari chaqchaydi.

- Melisaxonagayam kondisioner o`rnatsa bo`ladi, kelavering, -  Olim uni ichkariga boshladi.

Ziyod aka allambalolarni yozib, imzo chekib, Xudoynazarovga tutqazayotganda, eshik ochilib, oldin Olim, ketidan yigit va Muhammad kirib keldi.

- Mana, qotillik qilganlarning birini tutdik, - dedi Olim.

Yigit hayron: 

- Qanaqa qotillik?!

- Ilyosni o`ldirganingni aytaman, - dedi Olim va keskinlik bilan so`zladi. – Kecha soat o`n to`qqiz-u yigirma ikkida, Ilyosning  mashinasidan o`n daqiqa oldin postdan o`tgansan, keyin uni ovloq joyda to`xtatgansanlar. Mashinasida bir milionni olib ketayapti, deb xayol qilgansanlar. Lekin Ilyos «pul yo`q», degan, uni do`pposlab, o`ldirib qo`ygansanlar, keyin jinoyatni yashirish uchun mashinani jarga itarib yuborgansanlar… Mashinani pul izlab titkilaganlaringda, barmoq izlaring qolgan. Tixirlik qilma, hammasi aniqlangan, hammasi isbotlangan.

Yigit shalvirab o`tirib qoldi, rangi oqarib, tili aylanmay qolgan edi. Olim Xudoynazarovga o`girildi.

- Jinoyatchi ro`parangizda, bizdan kimdir unga sherik bo`lsa, o`zingiz so`rab bilib olaverasiz. Hozircha Ziyod akaga ruxsat bersangiz, ishimiz bor.

- Temirchiga ko`mirchi hokim, - dedi Ziyod aka Olimnig mashinasida ketib borar ekan. – Ichki nazorat xodimlarini ko`rsam haliyam oyog`im qaltiraydi-ya, tavba.

- Sizga rahmat, - Muhamad. – Bahonangizda jinoyatni tezgina ochdik. Hammasidan birdan qutila qoldik.

- Sen nima deb o`ylayapsan? - dedi Olim. – Hammasi endi boshlanadi. Bu jinoyatning tagiga etgunimizcha hali sen bilan mening sochimiz oqarib ketar-ov.

Ismoil Shomurodov

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!