Shahzoda Matchonova: “Sevgi uchun o`z prinsiplariga qarshi borish — bu eng katta xato”

14:42, 26 sentabr

Aktrisa Shahzoda Matchonova “Darakchi” gazetasiga intervyu berdi. 

Aktrisa intervyu jarayonida shaxsiy hayoti va sevgi bobidagi fikrlarini ham aytib o`tdi:

“Hayotga jiddiyroq, “pushti” ko`zoynaklarimni echgan holda qarayapman. Real hayot umuman boshqaligini tan olish kerak. Muhabbati uchun o`zini qurbon qilish, sevgan insoniga yoqaman deb o`z prinsiplariga qarshi borish bu eng katta xato deb bilaman. Chunki bir kun kelib har qanday inson bu narsalardan charchaydi. Vaqti kelib, “men sen uchun kasbimdan, yoshligimdan voz kechgandim” degan ta`nadan yomoni bo`lmasa kerak. Menimcha, bu kabi iddaolar inson qalbini parchalaydi. Shuning uchun inson o`zligini unutmasdan boricha ko`rinishi, kimdir yoki nimadir uchun o`zidan voz kechmasligi kerak. Bu borada yana bir fikrimni alohida ta`kidlab o`tishni istardim: har bir inson qalban ulg`aygachgina oila qurishi kerak deb o`ylayman. Ahamiyat bering, bu insonning yoshi bilan emas, ruxiy, qalbiy holatidan kelib chiqadigan yosh darajasidir. Nazarimda, inson ana shu pallaga etib kelganini o`zi his qilsa, birovdan nimandir talab qilmaydi. U sevgan insonini boricha qabul qilishni boshlaydi. Bir so`z bilan aytganda yoshlar hayotni tushungandan so`ng oila qurishi kerak deb hisoblayman. Menimcha eng to`g`ri yo`l shu”. 

“Menga oila qurish taklifni bildirgan inson kasbimdan voz kechishimni so`rasa, uni rad etaman. Chunki, yuqorida aytganimdek, birov uchun o`zidan, qiziqishlaridan voz kechish xato. Men u insonni boricha qabul qila olyapmanmi, demak, u ham mening dunyomni qabul qilishi kerak”,—deydi aktrisa.

Intervyuning to`liq talqinini “Darakchi” gazetasining payshanba kuni sotuvga chiqariladigan 39-sonida o`qishingiz mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!