Sakkizinchi qurbon. Jek RIChI (1922 — 1983)

10:39, 27 sentabr

Jek Richi taxallusi bilan detektiv janrida ijod qilgan amerikalik yozuvchi Jon Jorj Richining umri davomida yaratgan roman va  hikoyalari muallifga olamshumul mashhurlik keltirgan. “Qotil kerak”, “Odam o`g`rilari”, “Emili vafot etgach”, “Yashil yurak”, “Chikka yoki pukka”, “Ijara haqi”, “Durang holati” kabi hikoyalari dunyo matbuotida qayta-qayta chop etilgan. 

Sakkizinchi qurbon
(Hikoya)

Men mashinani soatiga sakson kilometr tezlikda eldirib borardim, biroq tekis yo`lga chiqib olgach, tezlik ikki barobar kamdek tuyuldi. Avtomobil radiosidan yangiliklarni tinglayotgan mallasoch yigitning ko`zlarida yovvoyilarcha o`t chaqnadi. Yangiliklar tugagach, yigitcha radioning ovozini o`chirdi.

— Hozircha uning ettita qurbonini topishibdi, — dedi yigit engagini silab. 

— Eshitdim, — dedim bosh irg`ab.

Bir qo`limni ruldan bo`shatib, asabimni tinchlantirish uchun ensamni siladim.

Hamrohim menga qarab ayyorona kulimsiradi:

— Nega asabiylashyapsan?

Unga bir qarab oldim.

— Yo`g`-e, nega asabiylasharkanman?

Ammo u tirjayib o`tiraverdi.

— Polisiya Edmont atrofida ellik milya doirasidagi barcha yo`llarni to`sib qo`yibdi.

— Buniyam eshitdim.

Yigitcha hiringladi.

— U pixini yorganlardan.

Men uning tizzasida yotgan zanjirli sumkasiga nazar soldim.

— Uzoqqa ketyapsanmi?

U elka qisdi.

— Bilmasam.

Yigitcha pakanaroq, qiltiriqdan kelgandi. Tashqi qiyofasidan o`n etti yashar o`spirinni eslatar, ammo bundan besh yosh katta bo`lishi ham mumkin.

Yigitcha qo`lini ishtoniga artdi.

— Hech o`ylab ko`rdingmi, bu ishlarni qilishga uni nima majbur qilyapti ekan?

Men nigohimni yo`ldan uzmadim.

— Yo`q, o`ylab ko`rmagan ekanman.

U lablarini yalab oldi.

— Balkim butun umr kimdir unga jabr-zulm o`tkazgandir, nima qilish kerag-u, nimaga qo`l urmaslikni uning o`rniga hal qilishgandir? Vaqti kelib bu bosimga dosh berolmay qolgan.

Yigitcha yo`lga tikilib qoldi.

—Uning sabr-kosasi to`lib, portlagan. Axir hamma narsaning ham chegarasi bor.

Men oyog`imni tepkidan bo`shatdim. Yigitcha menga qaradi.

— Nimaga tezlikni pasaytiryapsan?

— Benzinim kam. Birinchi yoqilg`i quyish shahobchasigacha qirq milya bor. Keyinsiga, ehtimolki, tag`in qirq milya bordir. 

Mashinani chetga burib, tizilib turgan uchta benzokolonkalar yonida to`xtadim. Yoshi o`tib qolgan kishi mashinani aylanib, men o`tirgan tomonga o`tdi. 

— Bakni to`ldirib, moyni tekshirib qo`ysangiz, iltimos, — dedim.

Yigitcha atrofni ko`zdan kechirdi. Bu bug`doy dalasidagi yagona pastakkina bino edi. Oynalarni chang bosgan. Ichkaridagi devorga ilingan telefon arang ko`zga tashlanadi. Yigitcha norozi bo`lib, oyog`ini likillatdi. 

— Chol uzoq timirskilandi-da. Kutishni yomon ko`raman.

U qariyaning kapotni ko`tarib, moyni tekshirayotganiga razm solib turdi. 

— Nimaga sharti ketib, parti qolgan chollar yanayam uzoq umr ko`rgisi keladi-a? Undan ko`ra o`lib qutulishgani yaxshi emasmi?

Men sigareta tutatdim.

— Chol sening bu gapingga qo`shilmagan bo`lardi.

Yigit nigohini choldan uzib, ishshaydi.

— Anavi erda telefon bor ekan. Balki bitta-yarimtaga qo`ng`iroq qilishni istarsan?

Men og`zimdan pag`a-pag`a tutun pufladim. 

— Yo`q.

Qariya xizmat joyiga qaytgach, yigitcha oynadan mo`raladi.

— Janob, radiongiz bormi?

— Yo`q. Shovqinni yoqtirmayman, — dedi qariya bosh chayqab.

— Gapingizda jon bor, janob. Osoyishtalik bo`lsa, umringiz uzayadi, — deb irshaydi yigitcha.

Yo`lga chiqqach, tezlikni yana saksongacha oshirdim. Yigitcha bir muddat mum tishlab o`tirdi, so`ng tag`in tilga kirdi:

— Etti kishini asfalasofilinga jo`natish uchun ozmuncha iroda-yu, matonat kerakmi?! Sen biron marta qo`lingga to`pponcha ushlaganmisan?

— Menimcha, har bir odam ushlagan bo`lsa kerak.

U tishining oqini ko`rsatdi.

— Birontasiga qurol o`qtalganmisan?

Men uning o`z so`zlaridan ilhomlanib, chaqnayotgan ko`zlariga boqdim.

— Odamlarni dahshatga solish zap ish-da, — dedi u. — Agar qo`lingda qurol bo`lsa, katta odamga aylanasan.

— Ha, sen endi pakana emassan.

Yigit sal-pal qizardi.

— Sendan boshqasining qo`lida qurol yo`q ekan, demak, sen dunyodagi eng qudratli odamsan.

— Kimnidir o`ldirish uchun kuchli asab kerak, — dedi yigitcha. — Ko`pchilik buni bilmaydi.

— Qurbonlarning bittasi besh yoshli bolakay ekan, — dedim. — Bunga nima deysan?

Yigit lablarini yaladi.

— Balki bu tasodifdir?

Men boshimni sarak-sarak qildim.

— Boshqalar bunday deb o`ylamaydi-da.

Yigit bir lahzaga kalovlanib qoldi.

— Nimaga u norasida go`dakni o`ldira oladi, deb o`ylayapsan?

Kiftimni uchirdim.

— Biron nima deyish qiyin. Bir marta qotillikka qo`l urdingmi, u yog`iga o`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymaydi. Balki qaysidir lahzalarda unga qurbonlarining jinsi, yoshi ahamiyatsiz bo`lgandir. Ular bor-yo`g`i qurbonlar.

Yigitcha bosh irg`adi.

— Balki odam o`ldirishdan lazzatlanar? Asosiysi — birinchi qadam, u yog`i silliq kechaveradi. 

U besh daqiqacha jim ketdi.

— Polisiya uni hech qachon ushlolmaydi. Chunki u ilonning yog`ini yalagan.

Bir zumga ko`zimni yo`ldan uzdim. 

— Hamma uni bilsa, butun mamlakat uni tanisa, bunisiga nima deysan?

Yigitcha ozg`in elkasini qisdi.

— Balki bu narsa uni tashvishga solmas. U o`zini to`xtatolmagan. Endi u odamlarning nazdida zo`r odamga aylandi.

Bir milcha jim ketdik, keyin yigitcha:

— Radiodan uning tashqi qiyofasiga berilgan ta`rifni eshitdingmi? — deb so`radi.

— Albatta. Bir haftadan beri shu haqda tinmay javrashyapti.

U menga jiddiy qiyofada tikildi.

— Meni mashinangga o`tqizishdan cho`chimadingmi?

— Yo`q.

U makkorona tirjayishda davom etdi.

—Nima balo, asablaring temirdanmi?

Bosh chayqadim.

— Yo`q. Biror bahonai-sabab bo`lmasa, qo`rqmayman.

— Men o`sha ta`rif-u tavsiflarga juda mos kelaman-da.

— Bu turgan gap.

Yo`lning chek-chegarasi ko`rinmaydi, atrof biyday dala, kimsasiz. Yigitcha hiringladi. 

— Men quyib qo`yganek o`sha qotilga o`xshayman. Hamma mendan cho`chiydi. Bu esa menga moydek yoqadi.

— Menimcha, sen ermak qilgansan.

— Oxirgi ikki kun ichida polisiyachilar meni shu yo`lda uch marta ushlab, olib ketishdi. Xuddi qotil kabi men ham mashhur bo`ldim.

— Bilaman, — dedim. — Hali sen bundanam mashhur bo`lasan. Seni shu yo`lda topaman, deb taxmin qilgandim.

Tezlikni pasaytirdim.

— Nima deb o`ylaysan, men ular ta`riflagan qotilga o`xshaymanmi?

Yigit nafratomuz kulimsiradi. 

— Yo`q. Sening sochlaring qo`ng`ir. U esa men kabi mallasoch.

Men jilmaydim. 

— Ammo-lekin sochlarimni bo`yashim mumkin-ku.

Yigitcha nima voqea ro`y berishini anglab, ko`zlari kosasidan chiqquday olayib ketdi.

…Yigitcha sakkizinchi qurbon bo`ladi.

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!