G`aniylik va valiylik timsoli

10:49, 27 sentabr

Manbadlarga ko`ra, Xoja Ubaydullo Ahror Samarqandda oz muddat ta`lim olganidan keyin o`z tahsilini oshirish maqsadida Hirot shahriga boradi  va bu erda bir qator mashhur ulamo va fuzalolar bilan tanishadi. 

Ustozning karomati
Ular orasida  tabrizlik mashhur orif va shoir Sayyid Qosim Anvor ham bor edi. U bo`lajak valiyga – Xoja  Ubaydullohga samimiy mulozamat ko`rsatadi hamda iste`dod va kamolotining o`sishida katta ta`sir ko`rsatadi. Bu haqda Xoja Ahrorning o`zi shunday ma`lumot beradi:   

“Hirotda bo`lgan chog`larimda Hazrat Sayyid Qosim Tabriziy huzurlariga borib turardik. Ul zot ichidagi ovqatning  yarmi eyilgan o`z kosalarini menga uzatib bunday buyurar edilar: “Ey shayxzodai Turkistoniy, hamchun onki in noxushon qubobi mo shudaand, zud boshadki dunyoyi tu qubobi tu shavad” (“Ey turkistonlik shayxzoda, ushbu yoqimsiz narsalar  bizni o`rab olganlaridek, tezlikda dunyo va davlating seni ham o`rab oladi”). Sayyid bu so`zlarni aytgan chog`larida dunyodan mening hech qanday nasibam yo`q edi”. 

Bu fasohatli kalimalar Sayyid Qosim Anvorning Xoja Ubaydulloning ma`naviy kamoloti bilan birlikda yuksak moddiy darajaga ham erishuvi – kelgusida katta mol-mulk egasi bo`lishi borasidagi ilohiy bashorati edi. 

Ekinzorlari 1300 tanobdan oshgan
Ko`p o`tmay bu bashorat amalga oshadi – bir necha yildan so`ng Turkistonga qaytgan Xoja Ubaydullo o`z yurtida ekinchilik va tijorat ishlari bilan shug`ullanadi va ko`p o`tmay molu davlati ko`payib, eng nufuzli mulk egalaridan biriga aylanadi. 

Ali ibn Husayn Voiz Koshifiyning Xojaning yaqinlaridan biri aytganiga asoslanib yozishicha o`sha paytda uning ekinzorlari 1300 tanobdan oshgan bo`lib, dehqonchilik va chorvachilikdan tashqari qator shaharlarda hunarmandchilik rastalari, ustaxonalari ham bo`lgan va ulardan katta daromad tushgan. 

Xoja Ahror shuningdek faqat Mavorounnahr hududidagina emas, balki Xuroson, Hindistonga ham karvonda mollar yuborib, savdo qilgan.

Hazrat Navoiyning hayrati
  Juda ko`p shoir va mutafakkirlar, sarkardalar Xoja Ahrori Valiyga ixlos qilishgan, uni ustoz, pir deb e`zozlashgan. Xususan temuriy hukmdorlar Xoja Ahrorga juda katta ehtirom bilan qarashgan. 

Tarixiy manbalarning gshuvohlik beishicha, Xoja Ubaydullo Ahror o`z mol-mulki va ishlaridan olgan daromadining ko`p qismini aholi bo`yniga tushgan og`ir soliqlarni to`lash, diniy va madaniy qurilishlar olib borish singari savob ishlarga sarf etgan, ya`ni xalqning og`irini engil qilgan. 

Ma`lumotlarga qaraganda Umarshayx mirzo Toshkent aholisidan 250 ming dinor hajmida soliq talab qilganda Xoja Ahror bu mablag`ning hammasini o`zi to`lab, yana qo`shimcha ravishda 70 ming dinor topshirgan. Shuningdek uning Samarqandda, Toshkentda va Kobulda ham madrasalar qurdirganligi ma`lumdir. 

 Alisher Navoiy o`z “Hayrat-ul abror”ida Xoja Ubaydulloning  islomiy ma`naviyatda yo`lboshchi – “murshidi ofoq”ligini ta`kidlash bilan birlikda katta mulk egasi ekanligiga ham ishora qiladi:

Mulki jahon mazrai dehqoni ul,
Balki jahon  mulki nigohboni ul.

Zahiriddin Muhammad Bobur ham Xoja Ahror Valiyga e`timod qo`ygani “Boburnoma”da ham yaqqol o`z aksini topadi. Boburning yozishicha, u ikki marotaba og`ir, tag vaziyatda qolganda, ktushiga Xoja Ahrori Valiys kirib dalda bergan. Shundan so`ng Boburga g`alaba yor bo`lgan ekan. 

Bobur Xoja Ahrori Valiyning “Volidiya” asarini forsiydan o`zbek tiliga tarjima qilgani ham tarixdan bizga yaxshi ma`lum. 

Buyuk allomaga ehtirom
Xoja Ahror o`zining ma`naviy va moddiy nufuzidan el tinchligini saqlash borasida ham keng foydalangan, o`sha paytda yuz bergan turli janjal va urushlarini to`xtatishda vositachilik qilgan. 

Chunonchi, 1454 yilda Xuroson hokimi Abulqosim Bobur Samarqandni qamal qilganda Xoja Ahror shahar himoyachilariga bosh bo`lib, dushmanni sulh tuzishga majbur etadi. 1458 yilda esa Sulton Abu Saidning o`g`illari Sulton Ahmad mirzo, Umarshayx mirzo va Yunusxonning o`g`li Sulton Mahmud o`rtasidagi qonli nizoni bartaraf etadi.

Istiqlol yillarida ko`plab buyuk ajdodlarimiz qatori Xoja Ahror Valiy siymosiga ham munosabat tubdan o`rgandi. Jumladan 2005 yilda bu ulug` allomaning 600 yiligi yurtimizda keng nishonlandi. Ul zotning merosi bundan keyin ham insoniyatni ezgulikka, birdamlikka, hamjihatlikka, olijanoblikka undayveradi. 

M.Xudoyqulov tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!