96 foiz o`zbek xalqi o`z oilasini baxtli hisoblaydi

12:44, 27 sentabr

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o`rganish markazi «Oila va ma`naviyat» mavzuida ijtimoiy tadqiqot o`tkazdi. 

Tadqiqotda qatnashganlarning 94,5 foizi davlatimiz oilalarni qo`llab-quvvatlashga katta e`tibor ko`rsatayotganini e`tirof etgan. Davlatning bunday e`tiborini ko`pchilik respondent ma`naviy-axloqiy qadriyatlarning moddiy boyliklarga nisbatan ustunligida ko`radi, deb yozadi O`zA. 

Tadqiqot jarayonida O`zbekiston oilalarida axloq shakllanishiga eng ko`p ta`sir qilishi mumkin bo`lgan omillar ham o`rganilgan. O`zbekiston oilalarining ma`naviy-axloqiy asoslarini shakllantirishda oila (86,7 foiz), mahalla (52,1 foiz), ta`lim muassasalari (48,2 foiz), ijtimoiy muhit (33,9 foiz) va televideniening (29,4 foiz) ustuvor ta`siri haqidagi fikr bir necha yillik so`rovlar mobaynida barqaror qolmoqda. 

Tadqiqot natijalari oila qurishda axloqiy yo`nalishlar barqaror ekanini ko`rsatdi. Masalan, mustaqil va baxtli oila barpo etish shartlarining ko`rsatkichlari o`zgarishsiz qolmoqda. Ular orasida er-xotinning o`zaro ishonchi, bir-biridan rozilik birinchi o`rinni egallaydi. Ishtirokchilarning fikricha, er-xotinning o`zaro muhabbati, farzandlar oila barqarorligi va mustaqilligini belgilovchi muhim omildir. 

So`rovning ko`rsatishicha, mamlakatimiz aholisining mutlaq ko`pchiligi (96 foiz) o`z oilasini mustahkam va baxtli, deb hisoblaydi. Xalqimiz baxtli oilaviy hayotni o`zaro ishonch, muhabbat asosida qurilgan muvaffaqiyatli nikohda ko`radi. 

Mamlakatimiz aholisi yoshi kattalarga hurmat, mehnatsevarlik, kamtarlik, o`zini jamiyatda munosib tutish va keksa avlodga e`tiborni farzandlarni ma`naviy-axloqiy tarbiyalashning ustuvor yo`nalishi, deb hisoblaydi. So`ralganlarning har ikkinchisi oilaviy majburiyatlar ota va ona o`rtasida teng taqsimlangan oilalarda yuksak axloqli va har tomonlama sog`lom farzandlar tarbiyalanadi, degan fikrda. 

Yosh avlod ota-onalarining muhim qadriyat yo`nalishlari bo`yicha qarashlariga qo`shilishi, farzandlar tarbiyasida kattalarning roli o`sib borayotganini e`tirof etishi ham tadqiqotda namoyon bo`ldi. Bu yoshlarni ma`naviy-axloqiy tarbiyalashda bir necha avlod vakillari yashovchi oilalar salohiyatidan to`liq foydalanish maqsadida oila institutini yanada mustahkamlashni taqozo etadi. 

Tadqiqot aksariyat oilalarda bolalarni yuksak ma`naviy-axloqiy qoidalar ruhida tarbiyalashga katta e`tibor berilayotganini ko`rsatdi. Xalqimiz farzandlari ongi-qalbiga, birinchi navbatda, mehnatsevarlik, kattalarga hurmat, halollik, Vatanga muhabbat tuyg`ularini singdirmoqda. Ayni vaqtda mehnatsevarlik, milliy g`urur va o`zlikni anglash tuyg`usini rivojlantirish, ko`ngil tozaligi, kamtarlik, diniy va milliy bag`rikenglik insonning yuksak axloqini belgilaydi. 

Ijtimoiy so`rov yoshlar o`rtasida oliy ma`lumot olishga intilish o`sib borayotganini yana bir bor isbotladi. Bugun xalqimizning o`z farzandlarini oliy ta`lim muassasalarida o`qitish imkoniyatlari ancha oshgan. Tadqiqot mamlakatimiz fuqarolarining aksariyati farzandlari zamonaviy shaxslar bo`lib kamolga etayotganiga qat`iy ishonishini ko`rsatdi. 

Mamlakatimizdagi ko`pchilik oilalar bolalarini jismoniy tarbiyalashga katta e`tibor beradi. Bu yoshlarda jismoniy tarbiya va sportga barqaror qiziqish hamda ehtiyojni shakllantirmoqda. Ishtirokchilar davlatimizning bolalar sportini va sog`lom turmush tarzini rivojlantirish strategiyasini faol ma`qullagan. Ularning fikricha, bu “Sog`lom ona va bola yili” Davlat dasturida yorqin namoyon bo`lmoqda. 

So`rov ishtirokchilarining mutlaq ko`pchiligi (96,7 foiz) oilaviy ajrimlarga salbiy munosabat bildirgan. Ularning fikricha, bu bolalarning ta`lim-tarbiyasi va kelajagiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. 

«Oila va ma`naviyat» mavzuida o`tkazilgan ijtimoiy tadqiqot O`zbekiston aholisi uchun oila asosiy hayotiy qadriyat va yosh avlodni tarbiyalashning muhim omili bo`lib qolayotganini ko`rsatdi. Ularning fikricha, davlatimizning oila institutini rivojlantirish borasidagi samarali, tizimli va izchil chora-tadbirlari, yuksak e`tibori tufayli oilalarning moddiy ahvoli va hayot sifati uzluksiz yaxshilanmoqda, ularning ma`naviy-axloqiy holati mustahkamlanmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!