Qashqadaryo viloyatida joriy yilda 4,5 ming tonnaga yaqin baliq ovlash rejalashtirilgan

15:03, 27 sentabr

Viloyatda baliqchilikni rivojlantirish, tarmoqda yangi tadbirkorlik sub`ektlari tashkil etish, mahsulotni qayta ishlashni yo`lga qo`yish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.  

Joriy yilda viloyatdagi tabiiy va sun`iy suv havzalaridan 4 ming 450 tonna baliq ovlash rejalashtirilgan. Mahsulot etishtirish uzviyligini ta`minlash maqsadida baliq chavoqlari etishtirish, baliqchilik xo`jaliklariga omuxta em ajratish, sun`iy suv havzalari tubini chuqurlashtirish, drenaj va kollektorlarni tozalash, sadok moslamalarini o`rnatish, yangi baliqchilik xo`jaliklari va inkubasiya sexlari tashkil etishga alohida e`tibor qaratilmoqda. 

Qarshi tumanidagi “Namuna baliqchiligi” mas`uliyati cheklangan jamiyatida mahsulot ishlab chiqarish ko`lami yildan-yilga ortmoqda. 

 Jamiyat tasarrufidagi 650 gektar sun`iy suv havzasida laqqa, sazan, do`ngpeshona, oq amur kabi baliqlar parvarishlanmoqda. O`tgan yili 300 tonna baliq ovlangan bo`lsa, joriy yilda bu ko`rsatkichni yanada oshirish rejalashtirilgan. 

Baliqchilikda intensiv texnologiyalardan foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarish yaxshi samara berishi dunyo tajribasida isbotlangan. Bu usulda kam mablag` sarflab, ko`p foyda olish mumkin. Sadok usulida baliq etishtirish viloyatda ham bir necha yildan buyon sinovdan o`tkazilmoqda va yuqori natijaga erishilmoqda. Ma`lumotlarga ko`ra, viloyatda joriy yilda tabiiy va sun`iy suv havzalariga 90 sadok qurilmasi o`rnatish belgilangan. Bugungi kunga qadar 95 ana shunday uskuna joylashtirildi. Masalan, Hisorak suv omborida “Chakkisoy baliqlari” mas`uliyati cheklangan jamiyati, Chimqo`rg`on suv omborida “Chimqo`rg`on sharsharasi” mas`uliyati cheklangan jamiyati, Qamashi suv omborida “Abdurahimov Boburjon” fermer xo`jaligi kabi etti xo`jalik tomonidan sadok qurilmalari suvga tashlandi va ayni paytda mahsulot tayyor holga kelib qolgan. Mazkur yo`nalishdagi xo`jaliklarda joriy yilda 1 ming 700 tonna parhez go`sht mahsuloti tayyorlanishi ko`zda tutilgan. 

Baliq go`shtini aholiga qulay va arzon narxlarda etkazib berish maqsadida viloyatda yigirmadan ziyod savdo nuqtasi tashkil etildi. Qarshi shahrida 14, Qarshi tumanida 4, Nishon tumanida 2 ana shunday do`kon ishga tushirildi. 

Ma`lumki, baliq go`shti tez buziladi. Bu holat tadbirkorlardan ovlangan baliqlarni sifatli saqlashni talab etadi. Shunday qilinsa, tadbirkor ham, xaridor ham yutqazmaydi. Keyingi yillarda bu borada viloyatda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Qarshi tumanidagi “Namuna baliqchiligi” mas`uliyati cheklangan jamiyati qoshida 150 tonnalik, “Bo`rieva Nozima” baliqchilik xo`jaligi qoshida 50 tonnalik, Koson tumani “Bo-zarif” fermer xo`jaligi qoshida 20 tonnalik, Qarshi shahar “Qashqadaryo tijorat savdo” mas`uliyati cheklangan jamiyatida 400 tonnalik sig`imli muzlatkichlar tashkil qilingan va ularda ijara asosida baliq saqlash yo`lga qo`yilgan. 

Ko`p tarmoqlilik yaxshi daromad keltiradi. Buni yaxshi biladigan tadbirkor izlanishdan to`xtamaydi. Masalan, baliqchilik serdaromad soha, lekin faqat baliq etishtirish va uni sotish bilan yuqori natijaga erishib bo`lmaydi. Ba`zan tayyor mahsulotning hammasini sotishga erishish qiyin. Bugungi kunda baliqchilik xo`jaliklarini qiynab kelayotgan muammolardan biri ham shu. Qoldiq mahsulot hech qaerga o`tmaydi. Ularni qayta ishlash yo`lga qo`yilsa, bu muammo ham hal etiladi. 

Qarshi tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor Yusuf Hamroev 150 tonnalik baliq dudlash sexini tashkil qilish ishlarini boshlab yuborgan. Nishon tumanidagi “Qashqadaryo baliq tayyorlov savdo” baliqchilik agrofirmasi qoshida yiliga 250 tonna baliqni qayta ishlash, ya`ni baliqning boshi va dumini kesib, yarimfabrikat holida paketlarda qadoqlangan va muzlatilgan holda chiqaradigan sex tashkil etish ko`zda tutilgan. Ayni paytda sexni qurish ishlari nihoyasiga etkazilmoqda. Xorijdan keltirilgan tejamkor va samarali texnologiyalar asosida barpo etilayotgan sex joriy yilning noyabr oyida ishga tushiriladi. Yana shu tumandagi “Sof dengiz” xususiy korxonasi jamoasi yiliga 400 tonna baliqni qayta ishlash, ya`ni “konserva” ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Bu kabi loyihalar oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, yilning to`rt faslida ham bozorlarimiz to`kin bo`lishiga erishish, narx barqarorligini saqlash, pirovardida aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!