Poytaxtimizda “Tashkent Open–2016” turniri bo`lib o`tmoqda

10:03, 28 sentabr

26-sentyabr kuni Toshkentda tennis bo`yicha mukofot jamgarmasi 250 000 AQSh dollarini tashkil etgan an`anaviy “Tashkent Open” turnirining asosiy bosqichi boshlandi. Musobaqaning birinchi kunida eng qiziqarli kechgan uchrashuvlardan biri hamyurtimiz Sabina Sharipova va shveysariyalik Stefani Fogel o`rtasidagi bellashuv bo`ldi.

Mazkur juftlik o`rtasidagi bahs salkam 3 soat davom etdi. Birinchi setni raqibiga 5:7 hisobida boy bergan Sabina ikkinchi setda aql bovar qilmas faollik ko`rsatdi. 1:5 hisobida ortda qolib turgan hamyurtimiz ketma ket oltita geymni o`z hisobiga yozib qo`ydi. Natijada ikkinchi set 7:5 hisobida o`zbekistonlik tennischi foydasiga hal bo`ldi.

Hal qiluvchi uchinchi setda ikkala tennischi ham tavakkal qilishni hoxlashmadi va ko`proq orqa chiziqdan zarbalar berish bilan cheklanib turishdi. Hisob 3:4 bo`lib turgan vaziyatda esa shveysariyalik tennischi shiforkorlarni yordamga chaqirdi va uning oyog`iga zudlik bilan tibbiy muolajalar ko`rsatilgach yana kortga qaytib bellashuvni davom ettirdi. Kurash so`nggi daqiqalargacha davom etdi va uchinchi setni ham 7:5 hisobida o`z foydasiga hal qilgan Stefani Fogel keyingi bosqichga yo`llanma oldi. Yakuniy hisob 5:7, 7:5, 5:7.

Asosiy to`r musobaqalarining birinchi kunida shuningdek yana bir hamyurtimiz, turnir debyutanti Kamola Umarova ham kortga tushib o`z imkoniyatlarini sinovdan o`tkazdi. 16 yoshli tennischimiz qur`aga ko`ra Toshkent ochiq chempionatining amaldagi g`olibi yaponiyalik Nao Xibinoga qarshi kurash olib borishi kerak edi. Mazkur qarama qarshilikda tajriba o`z so`zini aytdi va yaponiyalik tennischi ikkala setni 6:3 va 6:1 hisoblarida o`z foydasiga hal qilib turnirdagi ishtirokini davom ettiradigan bo`ldi. Musobaqalar davom etadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!