Farg`ona tumanida yaroqsiz avtoshinalardan rezina granula ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi

10:47, 28 sentabr

Mamlakatimizda yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar farg`onalik tadbirkorlarni ham yangi biznes loyihalar ustida izlanishga undamoqda, deb yozdi O`zA. 

Farg`ona viloyatida joriy yilning o`tgan davrida kichik biznes sub`ektlari tomonidan ko`plab loyihalar amalga oshirildi. Xususan, biznesni yuritishda ichki va tashqi bozor talablari puxta o`rganilib, ishlab chiqarish jarayoni ilg`or xorijiy texnologiyalarga asoslanayotgani mahsulot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda. 

Yaqinda ish boshlagan Farg`ona tumanidagi “Rubber gold” mas`uliyati cheklangan jamiyatida yaroqsiz avtoshinalardan zamonaviy texnologiyalar asosida rezina granulalar ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. 

– Ma`lumotlarga ko`ra, bir tonna ishga yaroqsiz rezina va avtoshinalar yoqib yuborish yo`li bilan yo`q qilinsa, undan atmosferani ifloslantiruvchi, inson salomatligiga jiddiy ta`sir etuvchi 16 xil zaharli benzin bug`i, rezina changi, uglerod oksidi, azot oksidi, xloropren kabi moddalar ajralib chiqadi, –deydi jamiyat rahbari Haydarali Mukarramov. – Ana shu salbiy holatlarning oldini olish maqsadida korxonamizda qattiq maishiy chiqindilardan ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanmoqdamiz. Bu erda tayyorlanayotgan sport maydonlarining ustki qoplamasi, turli qoplama koshinlar, gilamchalar, rezina qo`shiladigan boshqa buyumlar ekologik tozaligi, xavfsiz, elastikligi bilan sportchilarni jarohatlardan asraydi. 

O`ndan ortiq kollej bitiruvchisi ishlayotgan korxona yiliga 528 tonna eski avtoshina va boshqa rezinalarni qayta ishlash quvvatiga ega.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!