O`zbekistonlik polvonlar Osiyo sohil o`yinlarida uchta medalni qo`lga kiritdi

13:12, 28 sentabr

Vetnamning Danang shahrida boshlangan V Osiyo sohil o`yinlarida polvonlarimiz ikkita oltin va bitta kumush medalni qo`lga kiritdi, deb xabar bermoqda O`zA.

Osiyo olimpiya kengashi tomonidan tashkil etilgan mazkur nufuzli sport anjumanida qit`amizning qirqdan ziyod davlatidan 2 ming 200 dan ortiq sportchi 22 sport turi bo`yicha g`oliblik uchun bahslashmoqda. Osiyo sohil o`yinlarida O`zbekiston sport delegasiyasi a`zolari sohil futboli, kurash, muaytay va sambo bo`yicha Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda. 

Kurash bo`yicha erkaklar o`rtasida vazni 66 kilogrammgacha bo`lgan polvonlar bellashuvida Mirjon To`xtaev Osiyo sohil o`yinlarining oltin medaliga sazovor bo`ldi. Iqtidorli kurashchimiz hindistonlik Kunal Sejval, Xitoy Taypeyi vakili Xao-Cheng Chang va eronlik Gxambarali Gxambariyni mag`lubiyatga uchratdi. 

Vazni 73 kilogrammgacha bo`lgan kurashchilar o`rtasida Suhrob Xudoyberdiev suriyalik Munzer Jarida, vetnamlik Kong Nguen Tan, filippinlik Lloyd Dennis Katipon va turkmanistonlik Nuryag`di Jepbarovni engib, shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi. 

Vazni 81 kilogrammgacha bo`lgan polvonlar bahsida qatnashgan Muhammadali Shamsiddinov vetnamlik Kuan Bui Minx, hindistonlik Shivraj Magdum va turkmanistonlik Muhammad Temirovni mag`lub etib, kumush medalni qo`lga kiritdi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!