Okrug saylov komissiyalari uchun Respublika onlayn seminar-treningi

14:54, 28 sentabr

Toshkentda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a`zolari uchun respublika onlayn-seminar-treningi tashkil etildi.

Videokonferensaloqa shaklida o`tkazilgan tadbirda Markaziy saylov komissiyasi va barcha okrug saylov komissiyalarining a`zolari, matbuot markazlari rahbarlari, saylov huquqi bo`yicha ekspertlar, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalarivakillari ham ishtirok etdi.

Onlayn-seminar okrug saylov komissiyalari a`zolarining saylov qonunchiligi va uni amaliyotda qo`llash bo`yicha bilim va ko`nikmalarini yanada mustahkamlash, okrug saylov komissiyalari faoliyatini tashkil qilish, saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish masalalariga bag`ishlandi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov shu yilning 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz hayotidagi g`oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea ekanini alohida ta`kidladi. Yurtimizning kelajagi, uning yanada taraqqiy topishi saylovning barcha ishtirokchilarining faolligi, siyosiy etukligi va saylovchilar qabul qiladigan qarorga bog`liq. 

Saylovlar – demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyatining uzviy belgisi, xalqning o`z xohish-irodasini erkin ifoda etishi, fuqarolarning mamlakatimiz siyosiy hayoti, jamiyat va davlat boshqaruvida, davlat hokimiyatini shakllantirishda bevosita ishtirokining asosiy shaklidir.

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar natijasida demokratik talablarga va umume`tirof etilgan xalqaro standartlarga javob beradigan, fuqarolarning o`z xohish-irodasini erkin bildirish kafolatlarini ta`minlaydigan milliy saylov tizimi yaratildi.

Qonunchiligimizda Markaziy saylov komissiyasi rahbarligida saylovlarning qonun talablariga to`la muvofiq ravishda tashkil etilishi va o`tkazilishini ta`minlaydigan hamda faqat qonunga bo`ysunadigan mustaqil saylov komissiyalari tizimining mustahkamlab qo`yilgani milliy saylov tizimining eng muhim xususiyatidir. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishni Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari amalga oshiradi.

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hokimiyat organlarining hech qanday aralashuvisiz saylovlarga tayyorgarlik ko`rish va ularni o`tkazishni ta`minlaydigan, davlat hokimiyati tizimida alohida o`rin tutgan konstitusiyaviy organ maqomiga ega bo`lib, u o`z faoliyatini mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, adolatlilik prinsiplari asosida olib boradi. Bularning barchasi saylovchilarning o`z xohish-irodasini erkin bildirishi, saylovlarning demokratligini ta`minlash kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Seminar-treningda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qonun hujjatlari va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq tayyorgarlik ko`rilayotgani ko`rsatib o`tildi. Siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishga ijozat berildi, saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari shakllantirilib, ularning faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Saylovning ochiq va oshkoraligini, transparentligini ta`minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditasiyadan o`tkazilmoqda, xalqaro kuzatuvchilarga taklifnomalar yuborildi.

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunga muvofiq okrug saylov komissiyalari zimmasiga mazkur hujjatning okrug hududidagi ijrosini nazorat qilish, uning bir xilda qo`llanilishini ta`minlash, saylov uchastkalarini tuzish, ularning okrug bo`yicha tartib raqamini belgilash, manzilini ko`rsatgan holda ro`yxatini e`lon qilish, uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib borish, siyosiy partiyalar vakillarining, saylov okrugi hududida joylashgan korxonalar, muassasa hamda tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bilan bog`liq masalalar yuzasidan axborotlarini eshitish kabi mas`uliyatli vazifalar yuklatilgan.

Seminarda alohida qayd etilganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi saylov komissiyalari o`z ishida qonuniylik, saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligi kabi tamoyillarni ta`minlash kabi muhim tamoyillarga doimiy e`tibor berishi lozim.

Seminar-trening davomida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining asosiy vazifalari, milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan so`nggi o`zgartish va qo`shimchalarning mazmun-mohiyati, saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar bilan o`zaro munosabatlari, xalqaro saylov standartlari, fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari, saylovning ochiq va oshkoraligini ta`minlashda matbuot markazlarining vazifalari, kuzatuvchilar institutining saylov jarayonidagi o`rni va ahamiyati, okrug saylov komissiyalari faoliyatining tashkiliy jihatlari, shuningdek,saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bilan bog`liq boshqa masalalarga bag`ishlangan ma`ruzalar tinglanadi.

Seminar ishtirokchilari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi,Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi faoliyati bilan ham tanishdilar.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!