«O`zbekinvest» kompaniyasidan eng ommabop sug`urta mahsulotlarini on-line sotib olish mumkin

17:02, 28 sentabr

Mamlakatimizda amalga oshirilyotgan islohotlar tufayli sug`urta moliya bozorining muhim qismiga aylanib, sug`urta biznesini yuritishda xalqaro amaliyotga javob beruvchi tizim shakllandi. Bugungi kunda mamlakatimizda yigirma ettita sug`urta kompaniyasi faoliyat ko`rsatmoqda.  Ular ko`rsatayotgan xizmatlar turi yuzdan oshdi, deya xabar beradi O`zA.

«O`zbekinvest» eksport-import milliy sug`urta kompaniyasida jurnalistlar uchun tashkil etilgan seminarda sug`urtaning asoslari,  afzalliklari, sug`urta shartnomasi tuzilishidan sug`urta qoplamasi to`lovigacha bo`lgan sug`urta mexanizmi kabi masalalar haqida atroflicha ma`lumot berildi.

Kompaniyada «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urtalash», «Baxtsiz hodisalardan sug`urtalash», «Tibbiy sug`urta», «Mol-mulk sug`urtasi» kabi eng ommabop 10 turdagi sug`urta mahsulotlarini internet orqali sotib olish mumkin.

“Moody’s Investors Service Ltd.” xalqaro reyting agentligining O`zbekiston moliya bozoridagi eng yuqori xalqaro reytingiga ega bo`lgan kompaniyaning markaziy apparati va hududiy filiallarida axborot-maslahat guruhlari faoliyat yuritmoqda. Mijozlar sug`urta masalalari, jumladan, mavjud sug`urta turlari, sug`urta shartnomasi shartlari, sug`urta da`volarini ko`rib chiqish, sug`urta tovonini to`lash tartiblari va boshqa masalalar to`g`risidagi batafsil ma`lumotlarni olish uchun elektron pochta (maslahat@uzbekinvest.uz) yordamida mutaxassislar maslahatlaridan foydalanishlari mumkin.

Kompaniyaning moliyaviy ishonchliligi sug`urta hodisasi yuz berganda sug`urta qoplamalarini o`z vaqtida to`lash va mijozlarni sug`urta himoyasi bilan ta`minlashni samarali amalga oshirish imkonini bermoqda. Sug`urta da`volarini ko`rib chiqish va tartibga solish muddatlari ham qisqardi. Qonun  hujjatlarida o`n besh kunda sug`urta da`volarini ko`rib chiqish ko`zda tutilgan. Kompaniyada sug`urta da`volari besh kunda  ko`rib chiqilmoqda.

Tadbirda aholining sug`urta madaniyatini oshirishda “O`zbekinvest” kompaniyasi va ommaviy axborot vositalari o`rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari bo`yicha fikr almashildi. Jurnalistlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!