O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi

10:06, 29 sentabr

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, sanoat, qishloq xo`jaligi va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yilning 28 sentyabr kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. 

Shavkat Mirziyoev mamlakatimizning shimoliy hududida joylashgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida bo`lib, bu erda O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2015 yil 18 iyundagi «Taxiatosh IESda 230-280 MVt quvvatdagi ikkita bug`-gaz qurilmalari qurish» investisiya loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida»gi qaroriga muvofiq hayotga tatbiq etilayotgan keng ko`lamli investisiya loyihasi bilan tanishdi. 

Umumiy quvvati 730 MVt bo`lgan 5 energiya blogidan iborat ushbu issiqlik elektr stansiyasi Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyati iste`molchilarini elektr energiyasi bilan ta`minlashning asosiy manbai hisoblanadi. Issiqlik elektr stansiyasida yiliga 3,2 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va bunda 1,15 milliard kub metr tabiiy gaz yoqiladi. 

Yangi investisiya loyihasining amalga oshirilishi nafaqat katta hajmdagi qimmatbaho xomashyoni tejash, balki talab tobora ortib borayotgan elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko`paytirish imkonini ham beradi. Xususan, issiqlik elektr stansiyasi quvvatini 230-280 MVtga oshirish hisobidan tabiiy gaz iste`molini 488 million kub metrga kamaytirish ko`zda tutilgan. 

Bu boradagi ishlar nihoyasiga etkazilgach, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasining umumiy quvvati 930 MVtga etadi, elektr energiya ishlab chiqarish hajmi esa 3,3 milliard kVt/soatdan oshadi. 

Shundan so`ng Shavkat Mirziyoev Nukus shahrining bosh rejasi bilan tanishdi. Suhbat chog`ida zamonaviy ko`p qavatli turar joy binolari, dam olish maskanlari, sun`iy ko`llar va suv havzalari barpo etish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Aholi uchun qulay va munosib sharoitlar yaratish ko`lamini yanada kengaytirish lozimligi ta`kidlandi. 

Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog`iston Respublikasiga safari davomida paxta dalalarida bo`lib, qishloq xo`jaligi ishlarining borishi bilan tanishdi, Kegeyli tumani fermerlari bilan suhbatlashdi. 

Qoraqalpog`iston Respublikasi faollari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Yig`ilish avvalida O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasi yodga olinib, hurmat bajo keltirildi. Uchrashuvda mustaqillik yillarida mamlakatimizning Birinchi Prezidenti rahnamoligida ushbu hududda keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilgani ta`kidlandi. Orolbo`yi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirishga alohida e`tibor qaratilayotgani yuksak samaralar bermoqda. 

Yig`ilishda hududning eksport salohiyatini oshirish, qisqa muddatda paxta hosilini yig`ishtirib olish va kuzgi ekinlarni ekish, ijtimoiy ob`ektlar hamda uy-joylarning kuz-qish mavsumiga tayyorligi, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini g`amlash masalalari ko`rib chiqildi. 

Zamonaviy, shinam uy-joylar qurish, kommunal xizmatlar faoliyatini yanada takomillashtirish, obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish masalalari muhokama etildi. 

Shu kuni O`zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Xorazm viloyatiga ham tashrif buyurdi. 

Urganch shahrida yaqin yillarda qurilishi rejalashtirilayotgan ko`p qavatli uylar loyihasi ko`rib chiqildi. Qishloq joylarda kam ta`minlangan oilalar uchun mo`ljallangan muhandislik-kommunikasiya, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi yaratilgan yakka tartibdagi zamonaviy, shinam uy-joylar loyihalari ham muhokama etildi. 

Shavkat Mirziyoev Qo`shko`pir tumanida qishloq xo`jaligi ishlarining borishi bilan tanishdi. Fermerlar bilan suhbatda er unumdorligini oshirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo`jaligi ekinlarining yuqori hosil beradigan navlarini ekish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. 

Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuv O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish bilan boshlandi. Yig`ilishda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududning eksport ko`rsatkichlarini oshirish, istiqbolli yangi sanoat ob`ektlarini barpo etish, ijtimoiy infratuzilmani yanada yaxshilash borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. 

Uchrashuvda qishloq xo`jaligi mahsulotlari zaxirasini g`amlash, uy-joylar va ijtimoiy soha muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorligi, hududda sanoat va iqtisodiyotning boshqa sohalari uzluksiz ishlashini ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!