Sun`iy tishlar saraton kasalligini keltirib chiqaradimi?

12:12, 29 sentabr

–  Yoshim 42 da. Tishlarimning yuqori qavati mo`rtlashib, joyidan siljib qolgan. Pastki qatordagilaridan esa bir qanchasi tushib ketdi. Bo`sh qolgan tish o`rnini sun`iysi bilan to`ldiraymikan desam, odamlar orasidagi implant tish saratonga sabab bo`lishi mumkin degan so`zlarni eshitib qoldim. Chindan ham shunday bo`lishi mumkinmi? Umuman implant tishlar qanday xom-ashyodan tayyorlanadi? 

Quvondiq Mamarasulov, Toshkent viloyati 

Savolga shifokor stomatolog Ulug`bek MUHAMMADXO`JAEV javob beradi: 

–  Tish implantlari saratonni paydo qiladi degan gaplar mutlaqo asossiz! Sun`iy tishlar tibbiyotda keng qo`llaniladigan titandan yasaladi. Titan inson organizmi yaxshi qabul qiladigan, 95 foizga begonasiramaydigan xom – ayoshdir. Implant tish jag` suyaklariga qo`yilib, shakli tish ildiziga o`xshash bo`ladi. Bugunga kelib, o`zimizda ishlab chiqarilayotgan implantlar sifat jihatdan jahon standartlariga to`liq javob beradi.  Sun`iy tishlar turlicha bo`lib, jag` suyagining yupqa yo qalinligiga qarab tanlanadi. Jag` suyagi yupqa bo`lgan holatlarda tekis, yapaloq implantlar qo`yiladi. Tibbiyotimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi implantalogiya sohasida ham aks etmoqda. Ingichka va atrofiyaga uchragan jag` suyaklari suyak kukuni yordamida o`stirilib, kengaytirilib tish ildiziga o`xshagan shakldagi implantlar ekilmoqda va amaliyot to`liq o`zini oqlamoqda.  Yo`qotilgan tishlar o`rnini tiklab, 100 foizgacha chaynov va estetik ko`rinishni tiklashning eng optimal usuli hisoblangan implant tishlar yaxshi bitib joylashganida 25 yilgacha xizmat qiladi. 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!