O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xorijiy davlatlarning ishbilarmon va ilmiy-akademik doiralari o`rtasida ham keng muhokama qilinmoqda

14:57, 29 sentabr

Ayni kunlarda joriy yil 4 dekabr kuni mamlakatimizda bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga qizg`in hozirlik ko`rilmoqda. Oldinda turgan mazkur muhim siyosiy voqea xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon va ilmiy-akademik doiralari o`rtasida ham keng muhokama qilinmoqda

A.Stanislavek, Polsha Senatining Milliy iqtisodiyot va innovasiyalar bo`yicha komissiyasi raisi:

- Mustaqillik yillari davomida O`zbekistonda uning birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida iqtisodiyot sohasida bo`lgani singari jamiyatni chuqur demokratlashtirish borasida ham ulkan ijobiy o`zgarishlar ro`y berdi.

Respublika fuqarolarining huquqiy ongi darajasi, siyosiy va huquqiy madaniyatining o`sishi bu islohotlarga juda muhim asos bo`ldi. Chuqur demokratik o`zgarishlar saylov tizimini rivojlantirish sohasida ham olib borildi.

Amalda ham, huquqshunoslik nuqtai nazaridan ham O`zbekiston saylov huquqi takomillashmoqda va u umumjahon tamoyillari doirasida turibdi. Bir tomondan, u xalqaro tajribaga tayanayotgan bo`lsa, boshqa tomondan, milliy tarixiy tajriba ham hisobga olingan. Biz ushbu to`g`ri yo`lni to`la qo`llab-quvvatlaymiz.

Yuzef Zayans, senator, Xelm shahridagi Davlat oliy professional maktabining rektori (Polsha):

- O`zbekiston juda muhim voqea - mamlakat Prezidenti saylovlari arafasida turibdi. Erkin demokratik saylovlar O`zbekiston ijtimoiy hayotining muhim konstitusiyaviy me`yoriga, xalqaro hamjamiyat tomonidan e`tirof etilgan ichki siyosiy tartib kafolati hamda davlat va fuqarolik jamiyati o`rtasidagi munosabatlardagi barqarorlikning omiliga aylanib qolgan.

Fuqarolar o`zini o`zi boshqarish mahalliy organlarining rivojlanishi, fuqarolik jamiyati tizimlarining oyoqqa turgani, ko`ppartiyaviylikning shakllangani O`zbekistonda erkin saylovlar institutining rivojlanishidagi chuqur sifat o`zgarishlarini belgilab berdi. 

Eji Shukalski, Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy kommunikasiyalar oliy maktabining professori (Polsha):

- Polshada ham, O`zbekistonda ham Prezident saylovlariga tayyorgarlik va ularning o`tkazilishida ochiqlik hamda oshkoralikning ta`minlanishi masalalari Konstitusiya va saylov qonunchiligi me`yorlari bilan tartibga solinadi. 

Markaziy saylov komissiyasi maqomi yuzasidan O`zbekiston Konstitusiyasiga kiritilgan yangi me`yorlarni hamda siyosiy partiyalarning prezident saylovlarida qatnashishi uchun imzolar sonini qisqartirish, saylovoldi targ`ibotini olib borishning turlari, shakl va usullari, qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalarining tashkil etilishi imkoniyatlari, muddatidan oldin ovoz berishni o`tkazish muddatlari, tartibi va proseduralariga doir Prezident saylovlari to`g`risidagi qonunga kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalarni bizning mamlakatimizda qo`llab-quvvatlashadi.

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga konstitusiyaviy organ maqomi berilishini, vakolatlari kengayishi, uning moliyaviy mustaqilligi hamda saylov kampaniyasining barcha bosqichlarida saylovchilar xabardorligi ta`minlanishini saylov huquqi masalalari bo`yicha ekspert sifatida men yuqori baholayman.

Markaziy saylov komissiyasining yuqori konstitusiyaviy maqomi prezident saylovlari tashkil etilishi va o`tkazilishi jarayonidagi qonuniylikni ta`minlash imkonini beradi. Bu saylovchilarning o`z hoxish-irodasini erkin ifoda qilishi ta`minlanishidagi eng muhim shart hisoblanadi.

Xaila al-Mekaimi, Kuvayt Axborot vazirligining huquqiy masalalar bo`yicha davlat kotibi o`rinbosari:

- Men 2001 yili O`zbekistonga birinchi marotaba borgan chog`imda mustaqil rivojlanish yillari davomida respublika hayotining barcha sohalarida ro`y berayotgan keng qamrovli o`zgarishlardan chuqur ta`sirlangan edim. O`shandan buyon do`st O`zbekiston zamonaviy taraqqiyotini katta e`tibor va qiziqish bilan kuzatib kelaman. Ekspert sifatida shuni qayd etishni istar edimki, mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlaboq demokratik o`zgarishlar izchillik bilan hayotga tadbiq etilmoqda. Huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish yo`lidan borayotgan O`zbekistonda kuchli siyosiy tizim yaratilgan.

Bugun respublikada xalqaro andozalarga to`la javob beradigan samarali saylov tizimi hamda siyosiy partiyalarning keng ijtimoiy-siyosiy faoliyat olib borishi uchun zarur sharoitlarni ta`minlaydigan salmoqli qonunchilik zamini mavjud. Saylovlar ko`ppartiyaviylik asosida o`tkaziladi. Ular fuqarolar siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirishning, aholi hohish-irodasi va fikrlarini ifoda etishning o`ta muhim vositasi bo`lib qoldi.

Shubha yo`qki, joriy yil 4 dekabrda bo`lajak prezident saylovlari ham yuqori darajada tashkil etilgani holda xalqaro me`yorlarga muvofiq ravishda o`tadi. 

Muhammad al-Fili, Kuvayt universiteti professori, davlat va konstitusiya huquqi bo`yicha mutaxassis:

- 2005 yili mamlakatning birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan ikki palatali parlamentning tuzilgani O`zbekistonning demokratik taraqqiyotidagi muhim muvaffaqiyatlardan biri hisoblanadi. U o`zining samarador ekanligini isbotladi. Bugungi kunda O`zbekistonda parlamentarizm institutlari rivojlanishining darajasi eng yuqori demokratik andozalarga mos keladi.

Shuni alohida qayd etishni istardimki, O`zbekistonning milliy saylov tizimi umum e`tirof etilgan me`yorlar va andozalarga muvofiq ravishda takomillashmoqda. Mamlakat Konstitusiyasiga muvofiq, 2016 yil 4 dekabrda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari bo`lib o`tadi. Mamlakatda Asosiy qonun asosida allaqachon faol saylovoldi kampaniyasi boshlab yuborilgan. Siyosiy partiyalar mamlakat rahbari lavozimiga o`z nomzodlarini ko`rsatmoqda. Eng muhimi, bu jarayon shaffoflik asosida ro`y bermoqda, saylovchilar o`rtasida bo`lajak muhim siyosiy tadbir yuzasidan faol axborot-targ`ibot ishlari olib borilmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!