2018 yil uchun Green Card lotereyasi 4 oktyabrdan boshlanadi

11:15, 30 sentabr

AQSh Davlat Departamenti 2018 yil «Turli millat vakillari uchun immigrasion vizalar — DV» (Grin Kard) dasturiga ro`yxatga olish davri 2016 yil 4 oktyabrdan 2016 yil 7 noyabrgacha jamoat uchun ochiq bo`lishini e`lon qildi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmatiga asoslanib, “Daryo” xabar bermoqda.

Har yili AQSh hukumati AQShga immigrasiya ko`rsatkichlari past bo`lgan mamlakatlar, shu jumladan O`zbekiston fuqarolari uchun «Turli millat vakillari uchun immigrasion vizalar — DV» dasturi orqali 50 000 ta doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi. Vizalar so`nggi besh yil mobaynidagi immigrasiya ko`rsatkichlari asosida olti mintaqaviy hudud orasida taqsimlanadi; bunda immigrasiya ko`rsatkichlari past bo`lgan hududlarga ko`proq vizalar miqdori belgilanadi. Vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov lotereyasi yordamida saralanadi. Shaxsning ismi lotereyada tanlanishi unga immigrasion vizaga murojaat etish jarayonining keyingi bosqichlarini o`tish imkoniyatini beradi.

Murojaatchilar DV Dasturida 2016 yil 4 oktyabr, seshanba kuni, Toshkent vaqti bilan soat 21:00 dan boshlab ro`yxatdan o`tishi mumkin. Ro`yxatga olish davri 2016 yil 7 noyabr, dushanba kuni, Toshkent vaqti bilan 22:00 da tugaydi. Barcha arizalar elektron ravishda ro`yxatga olish davridahttp://www.dvlottery.state.gov/ sahifasi orqali topshirilishi shart va DV Lotereyasiga ariza berish uchun hech qanday haq olinmaydi. Barcha murojaatchilar arizalarining maqomini keyinchalik tekshirish uchun ariza topshirib bo`lganlaridan so`ng o`z tasdiqlov varaqlarini bosmadan chiqarib saqlab qo`yishlari shart. Murojaat etuvchilarga arizalarini topshirish uchun ro`yxatga olish davrining so`nggi haftasigacha kutmaslik tavsiya etiladi. Dunyo bo`yicha talabning o`ta yuqoriligi internet sahifasi ishining sekinlashuviga olib kelishi mumkin. 2016 yil 7 noyabr soat 22:00 dan keyin birorta ham ariza qabul qilinmaydi.

2017 yil 2 maydan boshlab, qatnashchilar o`zlarining arizalari ro`yxatga olinganini tasdiqlovchi varaqlaridan foydalanib, Davlat departamentining internet sahifasida immigrasion vizaga murojaat etish jarayonining keyingi bosqichlariga o`tish uchun tanlangan yoki tanlanmaganliklari haqidagi ma`lumotni bilib olishlari mumkin. Murojaatchilarga o`z tasdiqlov varaqlarini printerda chop etib olishni va 2018 yil 30 sentyabrga qadar, ular lotereyada g`olib bo`lgan yoki bo`lmaganliklaridan qat`i nazar, saqlab qo`yishlari lozimligini eslatib o`tamiz.

DV Lotereyasining talablariga javob berish uchun murojaat etuvchi ushbu lotereyada qatnashishi mumkin bo`lgan davlatlardan biri, shu jumladan, O`zbekistondan bo`lishi va o`rta maktab darajasiga teng ma`lumotga ega bo`lishi kerak. Ariza topshirish va talablarga javob berishga oid qo`shimcha ma`lumot AQSh Davlat departamentininghttp://travel.state.gov/content/visas/english/immigrate/diversity-visa/instructions.html sahifasida e`lon qilingan «DV-2018 Dastur yo`riqnomasi»dan olinishi mumkin.

Elchixona xabarida ta`kidlanishicha, garchi ko`plab kompaniyalar «Turli millat vakillari uchun immigrasion vizalar» dasturiga ariza topshirish bo`yicha o`z xizmatlarini taklif etsa ham, ularning xizmatlaridan foydalanish shaxsning lotereyada g`olib bo`lish ehtimolligini hech qaysi yo`l bilan oshirmaydi. Ba`zi hollarda esa, ayrim firmalar g`oliblardan katta miqdorda pul talab qiladi yoki tovlamachilik bilan shug`ullanadi. Shuni ham unutmangki, DV Lotereyasida g`olib bo`lgan shaxs AQSh elchixonasi yoki Konsullik bo`limiga o`z viza suhbati uchun kelguniga qadar, AQSh Davlat departamenti mazkur dastur bo`yicha hech qanday to`lovlar olmaydi. Dastur qatnashchilariga viza suhbatiga kelishdan avval «Turli millat vakillari uchun immigrasion vizalar» dasturi bo`yicha to`lovlar amalga oshirishni so`rab yo`llangan har qanday xat yoki e`lonlar firibgarlar ishi bo`lib, bunday xat-xabarlarga ishonmaslik kerak.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!