Amazonkalar qaerda yashagan? yoxud ayollar saltanati haqidagi afsona va haqiqatlar

12:42, 30 sentabr

«Agar biz bu qo`shinni enga olsk, hech qanday shon-shuhhratga ega bo`lolmaymiz. Agar biz ulardan engilsak, abadul-abad sharmandalik tamg`asidan qutulolmaymiz!”

Shiddatli jang oldidan buyuk sarkarda Iskandar Maqduniyning o`z askarlariga qarata aytgan bu so`zlari barchani o`yga toldirgandi. Ha, shu paytgacha ne-ne qudratli lashkarni tutdek to`kkan buyuk Iskandar armiyasi bu gal g`alati sarosima ichida qolgandi. 

Axir, ularni ertangi jangda tish-tirnog`igacha qurollangan baquvvat, qudratli yigitlar emas... ayollar armiyasi, boshqacha aytganda, “amazonkalar” armiyasi  kutmoqda edi. Iskanlarning bu andishasi ham bejiz emasdi! 

Matriarxal davr in`ikosi

  ...Amazonkalar mavzusi azaldan ko`pchilikni qiziqtirib kelgan. Bu borada qadimgi dunyoning mutafakkkirlari Homer, Ovidiy, Vergiliylar ham o`z mulohazalarini aytib o`tishgan. Yunonistonning mashhur haykaltaroshlari ularning go`zal va navqiron haykallarini ishlashgan. 

Amazonkalar mavzusi bugungi kunda ham olimlarning echilmas bahs mavzularidan biri bo`lib kelayotir. Kimdir ularni chindan ham yashab o`tgan, desa, boshqalar bu shunchaki afsona deyishdan nariga o`tmaydi. Xo`sh aslida-chi? Ular afsonami yoki haqiqat? Axir har qanday afsona zamirida ham oz bo`lsa-da, haqiqat uchqunlari yashaydi-ku?

Uzoq o`tmishni tadqiq etgan mutaxassislar bir zamonlar Er yuzidan ayollar hukmron bo`lgani, ya`ni matriarxal jamiyat hukm surganini aytishgan. Ibtidoiy bu tuzumda jamoaning hayot kechirishi, tirikchiligi, ro`zg`ori, naslni davom ettirishi uchun etakchilik ayollar qo`lida bo`lgan. Binobarin, amazonkalar ham ana shu davrda yashagan bo`lishi mumkin degan taxminlar bor.

Yunon mualliflarining yozishicha, amazonkalar ot chopishda, jang qilishda, kamondan o`q otishda hatto erkaklarni ham dog`da qoldirishgan. Ularning o`z saltanati, jamoasi bo`lgan. Bu erda erkaklarni sig`dirishmagan. Faqat yildan bir marta avlodni davom ettirish maqsadida qo`shni qabilaning erkaklari bilan uchrashib turishgan. Tasodiy “uchrashuv” natijasida o`g`il tug`iladigan bo`lsa, uni otasiga jo`natishgan yoki o`ldirishgan. Qiz bo`lsa, o`zlarida olib qolishgan. 

Amazonka degani?
“Amazonka” so`zining kelib chiqishi haqida ham turli qarashlar mavjud. Ba`zilar  bu so`z qadimgi yunon  tilida “ko`kragi yo`q” degan ma`noni bildiradi degan taxminni ilgari surishadi. Afsonalarga ko`ra, ular jangda, o`q otishda  xalal bermasligi uchun o`ng ko`kraklarini o`smirlik paytidayoq kuydirib tashlasharkan. Boshqa bir guruh bu so`z qadimgi fors tilidagi “ha mazan” – ayol jangchi so`zlaridan olingan deyishadi. 

Boshqa bir guruh tadqiqotchilar “amazonka”larning hozirgi Turkiya hududidagi Amasiya o`lkasida yashagani, ularning nomi ham ana shu hudud nomidan olinganini aytishadi. Ushbu mamlakatdagi izmir, Efes singari shaharlar bir paytlar aynan “amazonkalar” tomonidan qurilgani ham taxmin qilinadi. 

Qadimgi yunon shoiri Homer o`zining “Iliada” dostonida amazonkalar shoh Priam bilan birgalikda Troyani bosqinchilardan himoya qilganini yozadi. Keyinga solnomalarda esa, Iskandar Maqduniy amazonkalar malikasi Falustra bilan urushmoqchi bo`lgani, ammo bu jangni o`ziga munosib ko`rmay u bilan sulh tuzgani haqida ma`lumotlar uchraydi.

Darhaqiqat, amazonkalarning tarixda yashab o`tganidan dalolat beruvchi tarixiy ashyolar anchagina. Xususan, qadimgi Yunoniston hududidan topilgan ko`pgina sopol buyumlarda jangchi ayollar tasviri uchraydi. Bugungi Ukraina hududida ham bir nechta jangchi ayollarning qabrlari topilgan. 

O`n oltinchi asrda hozirgi Kolumbiyaga hududiga borib qolgan ilk ispan istilochilaridan biri, Xuan de San-Martin o`z hisobotida ayollardan iborat hindular qabilasiga duch kelishgani, unga ayol kishi boshchilik qilishi va erkaklardan ko`ra shiddatliroq va jangariroq ekani haqida yozib qoldirgan.

Sparetra -  amazonkalar malikasi?
Amazonkalar aynan bizning vatanimiz hududida yashaganini ta`kidlovchi mutaxasislar ham ko`pchilikni tashkil etadi. Taniqli arxeolog olim, Amriddin Berdimurodov nemis olimi E.Vardiman hamda rus olimi Tolstovning fikriga tayanib, qadimdan O`rta Osiyoda ayollarning mavqei o`ta yuqori bo`lgani, erkaklar bilan tengma-teng kurashgani aytiladi. Yunon tarixchilarining yozishicha, Eron shohi Kayxusravga qarshi jang qilgan massagetlar malikasi Sparetra 300 ming erkak, 200 ming ayol jangchiga boshchilik qilgan. 

Shuningdek, mamlakatimiz, xususan Orolbo`yi hududida qurol-yarog`iga qo`shib dafn qilingan ayollar qabri ko`plab topilgan. Qolaversa, asrlar davomida qoraqalpoq kelinlarining asosiy to`y libosi sanalgan saukele ko`rinishidan aynan sovut va dubulg`a ko`rinishini eslatadi. Etnograf olimlar bu libos andozasi aynan jang anjomlaridan olinganini aytishadi. Ya`ni ayollarning jangdagi mavqei pasaya borgach, ularning temirdan ishlangan sovutlari maishiy ko`rinish kasb etgan va odatiy liboslar ko`rinishga o`tgan. 

Umuman olganda, To`maris, Barchinoy, Qurmonjon dodxo singari mard, jasur momolarimiz haqidagi haqiqta va afsonalar ham tillardan tillarga o`tib kelayotgani bejiz emas. Tan mardlik va jaosart xalqimizning eng oliy fazilatlari sirasiga kiradi. 
Humoyun tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!