Osiyo sohil o`yinlari. Ilhomjon Yo`ldoshev oltin, Malikabonu Mirzaevada esa bronza medaliga sazovor bo`ldi

08:48, 01 oktabr

Vetnamning Da Nang shahrida davom etayotgan sohil sport turlari bo`yicha VI Osiyo o`yinlarining sambo bo`yicha 93 kilogramgacha bo`lgan polvonlar bahsida Ilhomjon Yo`ldoshev final jangini qozog`istonlik Alibek Zekenovga qarshi o`tkazib, oltin medaliga sazovor bo`ldi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.

O`zbekiston delegasiyasining ushbu o`yinlardagi oltin medallar soni uchtaga etdi. Bungacha kurash bo`yicha vazni 73 kilogramgacha bo`lgan sportchilar bahsida Suhrob Xudoyberdiev hamda vazni 66 kilogramgacha bo`lgan polvonlar o`rtasida Mirjon To`xtaevlar shoxsupaning eng yuqorisidan joy olishgandi.

Ayollar o`rtasida vazni 56 kilogramgacha bo`lgan sportchilar o`rtasida Malikabonu Mirzaeva O`zbekiston terma jamoasi g`aznasiga birinchi bronza medalini keltirdi. Hal qiluvchi jangni u tailandlik Chaysang Sasipilayga qarshi o`tkazib raqibini taslim etishni uddaladi va bronza medaliga sazovor bo`ldi.

Hozirgi kunga kelib, O`zbekiston delegasiyasi hisobida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali mavjud. O`zbekiston jami 5 ta medal bilan umumjamoa hisobida 41 mamlakat vakillari orasida 9-o`rinda bormoqda. Markaziy Osiyo davlatlari orasida O`zbekiston 1-o`ringa ko`tarilib oldi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!