O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev O`zbekiston o`qituvchi va murabbiylariga tabrik yo`lladi

12:23, 01 oktabr

Qadrli ustoz va murabbiylar! 

Avvalambor, dunyodagi eng ulug` va sharafli kasb egasi bo`lgan siz, azizlarni bugungi qutlug` ayyom – O`qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o`zimning ezgu tilaklarimni izhor etaman. 

Ushbu sana bundan 19 yil oldin O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk Yurtboshimiz Islom Abdug`anievich Karimov tashabbusi bilan el-yurtimizning sizlarga bo`lgan yuksak hurmat-ehtiromining amaliy ifodasi, umumxalq bayrami sifatida ta`sis etilganini albatta hammamiz yaxshi eslaymiz. 

Mamlakatimizda sog`lom va barkamol avlodni voyaga etkazishni kelajagi buyuk O`zbekistonni barpo etishning eng muhim sharti deb bilgan, sizlarga o`zining eng yaqin maslakdoshlari sifatida katta ishonch va hurmat bilan qaragan Yurtboshimizning o`zlari ham barchamiz uchun mehribon ustoz, talabchan murabbiy edilar. 

Islom Abdug`anievich Vatanimizni buyuk muhabbat bilan sevish, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish, bu yo`lda bor bilim va tajribamiz, butun borlig`imizni safarbar etish borasida biz uchun yuksak ibrat maktabini yaratib ketdilar. 

Jahon hamjamiyatida “o`zbek modeli” deb tan olingan taraqqiyot strategiyamizning ajralmas qismi bo`lgan zamonaviy ta`lim-tarbiya tizimiga asos solgan, bu sohani davlat siyosatining ustuvor yo`nalishi darajasiga ko`tarib, uning rivojlanish yo`llarini aniq belgilab bergan, “Butun O`zbekiston bolalari – mening aziz farzandlarim” deb ularni hamisha e`zozlagan Islom Abdug`anievich Karimovning o`lmas tarixiy xizmatlarini bugungi va kelgusi avlodlar doimo chuqur minnatdorlik bilan yodga oladi. 


Ulug` ustozimizning ezgu g`oya va vasiyatlari asosida ta`lim va tarbiya sohasidagi tub islohotlarni yuksak bosqichga ko`tarish, mamlakatimizning taqdiri va kelajagi uchun mas`uliyatni o`z zimmasiga olishga qodir bo`lgan yangi avlod kadrlarini voyaga etkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish hammamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas burchimiz bo`lib, biz bu yo`lda birinchi navbatda siz, azizlarga, sizlarning bilim va malakangiz, tajriba va mahoratingizga tayanamiz. 

Aziz do`stlar! 

Sizlarning yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg`usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga etkazish yo`lidagi beqiyos xizmatlaringizni barcha ota-onalar, jamoatchiligimiz, butun xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. 

Ayni paytda bugungi kunda oldimizda yanada muhim va dolzarb vazifalar turganini hammamiz yaxshi tushunamiz. Shu borada ilm-fan va ta`lim-tarbiya sohasining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, uning nafaqat davr bilan hamohang bo`lishini, balki zamondan oldinda yurishini ta`minlash, pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning ilg`or usullaridan keng foydalanish, bu ishlarni xorijdagi nufuzli markazlar bilan hamkorlikda olib borish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, o`qituvchi va domlalarning mashaqqatli va mas`uliyatli mehnatini har taraflama rag`batlantirish bilan bog`liq vazifalarni amalga oshirish, qisqa qilib aytganda, hayotimizga katta kuch bo`lib kirayotgan yangi avlodimizni kamol toptirish uchun davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar safarbar etiladi. 

Muhtaram ustoz va murabbiylar! 

Siz, azizlarni 1 oktyabr – O`qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, hayotda va mehnat faoliyatingizda baxt va omadlar yor bo`lishini tilayman.

Shavkat Mirziyoev,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

vazifasini bajaruvchi

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!