Jasur Umirov: “Deyarli har yili ‘uylanganim’ haqida eshitaman”

09:41, 03 oktabr

O`zining noodatiy uslubi va didiga ega Jasur Umirov “Darakchi” gazetasining “Qisqa va lo`nda” loyihasi mehmoni. Suhbat davomida u qiziqishlari, hayotiy va ijodiy yangiliklari hamda o`ziga xos qo`rquvi haqida so`zlab berdi. 

Mavsum yangiligi. 
Ayni kunlarda o`n beshta yangi qo`shiq yozish jarayoni bilan bandmiz. 2-3 yillik tanaffusdan so`ng vanihoyat yangi konsert dasturi bilan muxlislarimni xushnud etishga tayyorlanyapman. Men ularni sog`ingandek, ular ham konsertim kunini uzoq kutishganiga ishonaman. Noyabr oyida bo`lib o`tadigan konsertdan muhabbat, xiyonat, ota-ona, hayot haqidagi qo`shiqlar o`rin olgan. Bundan tashqari tez kunlarda Jasur Shametov bilan hamkorlikda suratga olingan “Na qildim?” nomli klipimiz ham prem`era qilinadi. O`ylaymanki, u ham tomoshabinlarga manzur bo`ladi.   

Jahl chiqqanda. 
Jahlim chiqqanda o`zimni ushlab turolmayman, urushib ketishim mumkin. Shuning uchun yordamchilarim ijodimda bo`layotgan muammolarning hammasiga ham meni  aralashtirmaydi. Lekin bu Jasur butkul urushqoq ekan degani emas, o`zimni qo`lga olib yaxshi narsalarni o`ylasam, tezda o`zimga kelib olishim ham mumkin. Bunday paytlarda, qo`lga qiritgan yutuqlar, muxlislar olqishi insonga  kuch bag`ishlab turadi.

Fobiya.
Kimdir balandlikdan, kimdir suvdan qo`rqsa, men tunda mashina haydashdan juda qo`rqaman. Atrofim qorong`u bo`lsa, vahima bosadi. Shuning uchun ham to`y-hashamlarga, xizmatlarga borganda rulda o`zim bo`lmayman. 

Stil.
O`zimga obraz tanlashda birovlarning maslahatiga kamdan-kam quloq tutaman. Chunki odam o`ziga yarashganini o`zi yaxshi his etadi deb hisoblayman. Kundalik hayotda, kliplarimda hatto sahnaviy obraz tanlashda ham liboslarimga o`zim mas`ulman. Men uchun birinchi o`rinda ranglar uyg`uligi. Libosda ranglar to`g`ri tanlansa, u insonga albatta yarashadi.

Oilaviy surat.
Oilamning suratini xayolimda gavdalantirganimda ko`p bolali bo`lish ko`z o`ngimdan o`tadi. Farzandlarim kamida 4-5 ta bo`lishi aniq. Chunki uyda bolalarning qiy-chuv qilib, yugurib yurishini yaxshi ko`raman. Turmush o`rtog`im esa, bolalarning tarbiyasi bilan band bo`ladi. Ishlamaydi (kuladi).

Yoqtirmayman.
Odamlardagi soxtalik, yolg`onchilikni yoqtirmayman. Bu odatlar insonlar o`rtasiga sovuqchilik tushiradi. 

Kitob.
Bu gapimdan keyin menga nisbatan ko`pchilikning fikri o`zgarishi mumkin. Lekin aldaganimdan ko`ra rostini aytganim yaxshi: kitob o`qishni yoqtirmayman. Bu bolaligimdan qolgan odat. Shunday bo`lsa ham, ish yuzasidan she`rlar to`plamlari, ssenariylar o`qib turaman. 

Musiqa.
O`zimning yo`nalishimga yaqin, yoshlarbop qo`shiqlarni tinglayman. Lekin o`zimiznikilarni kam eshitaman. Ko`proq Evropa musiqa san`atiga qiziqaman. 

Tushkunlik.
Bunday paytlarda vaziyatni yaxshi tomonini o`ylashga harakat qilaman. Agar boshqacha bo`lganda bundanda yomon bo`lishi mumkin edi-ku, degan o`ylar bilan o`zimni ovutaman. Bundan tashqari ko`proq vaqtimni oila davrasida, yaqinlarim bilan o`tkazishni yoqtiraman. Oila muhiti menga ijobiy  ta`sir qiladi.

Mish-mishlar.
Men haqimda eng ko`p tarqalgan mish-mish bu “Jasur Umirov uylanipti” degan gap bo`lsa kerak. Deyarli har yili “uylanganim” haqida eshitaman. Shu darajada faktlar bilan aytishadiki, o`zim ham ishonib qolishimga bir bahya qoladi (kuladi). 

Aliya SULAYMANOVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!