Kichkintoyingiz oilada nechanchi farzand? Bu uning fe`liga ta`sir qiladi!

09:52, 03 oktabr

Olimlarning tadqiqotlari shuni ko`rsatyaptiki, bolaning fe`l-atvoriga nafaqat irsiy omillar, balki uning oilada nechanchi farzand bo`lib dunyoga kelgani ham ta`sir qilar ekan.

To`ng`ichlar tug`ma liderlardir. Aniqrog`i, g`ayriixtiyoriy ravishda liderga aylanadilar. Chunki ular uka va singillari uchun «parovoz» vazifasini o`tashga majbur: parvarishga yordam berish, himoya qilish, birga o`ynash… To`ng`ichlar tezroq ulg`ayadilar. Ular jiddiy va mas`uliyatli bo`lib, hammadan yaxshi bo`lishga intiladilar va hamisha muvaffaqiyatni ko`zlab ish tutadilar. Shu sababli oilada birinchi farzand sifatida dunyoga kelganlardan ajoyib rahbarlar etishib chiqadi.

O`rtancha farzandlar — nomzodlar va diplomatlar. Ular butun umr kattalarning tazyiqi va kichiklarning erkaligi orasida yashashga mahkum. O`rtanchalardagi sabrlilik, mulohazakorlik, maqsad sari qat`iy intilish va muloqotga ochiqlik kelajakda yaxshi karera qilishlariga yordam beradi. Ammo bolaligida e`tibor etishmasligidan ko`p aziyat chekib, natijada o`ziga nisbatan ishonchi susayib qolishi mumkin.

Kenjalar — hammaning erkatoyi. Ota-onalar ularga nisbatan kamroq talabchan va ko`proq sabrlidirlar. Kichik farzandlar kattalarning homiyligini jon deb qabul qiladilar va bu himoyaga o`chlik hissi ularni butun umr tark etmasligi mumkin. Ammo ba`zida kichik farzand hammadan ojizroq ekanini tan olgisi kelmay qoladi. Opalari va akalarini quvib etish orzusida jon-jahdi bilan harakat qilib, hammadan o`zib ketishi ham mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!