Yuragimda saqlaganlarim: Ovsinning tuhmati

10:15, 03 oktabr

Mastura o`ylab-o`ylab eri yaxshi ko`radigan taom — moshkichiriga unnadi. Otasiga tortgan farzandlari ham bu ovqatni yaxshi ko`radi. Injilmay eydi. Yana go`sht ham tejaladi. U chaqaloqning mushtidek etni tuzga belab, bir haftadan buyon asraydi. Ertaga qizchasining tug`ilgan kuni. Go`shtsiz palov — sochsiz kuyovdek gap. Shu saqlab yurgan bir parcha go`shtni solsa, kuyov to`raning sochidek bo`lib pishirgan oshiga ko`rq beradi-da.

Mastura nimaligi tuz orasida zo`rg`a bilinayotgan, qota boshlagan go`shtni qayta ushlab, hidlab-hidlab tag`in yupqa matoga o`radi-da, oshxonaning deraza va eshigi orasiga — elvizakli eriga osdi. 
—  Juda yaxshi turibdi. Hid-pidi yo`q, — deb qo`ydi qilgan ishidan qo`ngli to`lib. 
Shu payt peshasidan oqayotgan reza-reza terni artgancha eri Komil kirib keldi. Deraza yonida turgan, o`zi yasagan taxta stulchaga o`tirarkan, xotiniga dedi:
—  Bir kosa suv uzat. Shunchalik ham issiq bo`ladimi? Tush chog`i yursang, do`zaxdan farqi yo`g`-a!
—  Vaqtli qaytibsizmi? Chopib bo`ldilaringizmi?
—  Qanchagina pomidor bor... Xudoga shukr, aytgan hasharchilarimning hammasi keldi. Tushgacha yarmini chopdik, tushdan so`ng qolganini... Hamma tushgacha uchta, tushdan keyin uchta jo`yakni chopiq qildi. Ovsining esa to`rttadan. Qoyil qolaman, shu kelinga... — hayrat bilan gapirdi Komil.  
—  Chala-chulpa chopib o`zini ko`rsatgandir-da! — yuzi burishdi Masturaning. — Uyda ham bo`zchisining mokisidek u yoqdan bu yoqqa yugurib yuradi-ku!
—  Atay qaradim, chala emas. Chuqur-chuqur urgan ketmonni. O`tlar ham ildizi bilan chopilgan. O`zi chaqqon...
—  Hmm... — deb qo`ydi Mastura ensasini qotirib. 
Kelin bo`lib tushganidayoq ovsini unga yoqmadi, yoqmadi-da! Bir nimani “Bilmayman”, demaydi, “Qilolmayman”, deymaydi. “Baloning o`qini topib kel”, desangiz ham ilojini qiladi. Uyning yumushi etmagandek qishloqda ekin-tekin qilgan kishilarga yordamlashib, uyga hali pomidor, hali kartoshka, hali olma olib keladi. Ro`zg`orini butlaydi. 
—  Kelin qilishda endi adashmadim. Munirani uddaburonlikka qulog`idan ushlab, botirib olishgandek pishiq. Sizga o`xshab, undan “Uni qildingizmi, buni qildingizmi?” deb so`rab o`tirmayman. O`zidan bilib qilib ketaveradi. Ayrim vaqtlar “Bu ishni qay payt qildi ekan”, deb o`zim ham hayron qolaman, — maqtaydi qaynonasi.
Bu gaplarni Mastura “Sen bunday qila olmasding!” degandek eshitadi. Ovsinini yomon ko`radi. Avval boshdanoq yomon ko`rgan. Sababi, qaynukasiga fotiha qilgan chog`laridayoq, Komil uni maqtab kelgandi. 
—  Bugun traktor gaplashgani qo`shni qishloqqa borgandim-ku. Yangi kelinimizning qo`shnisi ekan, traktorchi. Gaplashib tursam, bo`lajak kelinimiz kelib qoldi. Men tanirmidim de. Traktorchi shipshidi. Yaxshilab qarab oldim. Biram chiroyli, biram nozik. Sochlari uzu-u-un. Ukam ham chertib-chertib tanlabdi-da! Ko`rsang, o`zing ham tan berasan. Ishqilib, baxtli bo`lishsin, dedim xursand bo`lib... — erining chin dildan maqtaganini ko`rib Masturaning ichi kuydi. Rashki keldi. Ammo sir boy bermadi.
To`y kuni ham hammaning og`zidan bol tomdi, kelinni ko`rib. Ko`pchilik Mastura bilan qiyoslab jig`iga ham tegdi. 
—  Xafa bo`lmang-u, keliningizning yonida turmang. Onasiga o`xshab qolasiz. Hech kim orangizdagi farqni uch-to`rt yosh demaydi... Siz o`zingizni tashlab yuborgansiz... — dedi qo`shni qiz u bilan hazillashgan bo`lib. — Endi parhez qiling, o`zingizga qarang...
Mastura bu gapdan yanada asabiylashdi. Ovsiniga nisbatan yuragida adovat paydo bo`ldi: “Har to`kisda bir ayb — misi chiqadi hali. Ko`ramiz!”
U o`ylagandek bo`lmadi. Qo`l-oyog`i chaqqon, ochiqqina bo`lgan Munira hammaning ko`nglidan joy oldi. Endi odamlar “Ikki ovsin — ikki olam”, deb kuladigan bo`ldi. Shuncha gapni yutib yurgani etmagandek, bugun eri ham maqtab o`tiribdi mana. 
—  Shunaqa joyda o`zini ko`rsatadi-ku, u. Aytmasangiz ham boribdimi? Hali birga kirmagan bolasi ham ko`ziga ko`rinmagan-da! Nima bo`lsa ham, odamlarning ko`ziga yaxshi ko`rinsa... — ming`irladi Mastura.

—  Oyim yuboribdi! “Ertaga qishga banka yopaman desangiz, pomidoringiz beminnat bo`ladi. Bolangizga qarab turaman, yordamlashib keling”, debdi. “Kechki ovqatga ulguray”, deb dam ham olmadi, — yana maqtashga davom etdi Komil. — Boshqalar bir-biri bilan hazillashib, dam olib ishladi. Kelin lekin orqa-oldiga qaramadi... Ko`nglida kiri yo`q. Hamma ishni chin dildan  qiladi. Shu fe`lini yaxshi ko`raman!
Mastura erining “Yaxshi ko`raman!” degan gapidan keyin battar yongandek bo`ldi. Alamini ichiga sig`dira olmadi:
—  Har borganingizda ko`zini suzib, qoshini qoqib gapirganidan keyin yaxshi ko`rasiz-da! Ukamning xotini ham demay maqtaysiz! Orangizda bir gap bordirki, og`zingizdan tushmaydi, o`sha!
Komilning avvaliga qoshlari chimirilib, ko`zlari qisildi. So`ng Masturaning yuziga bir shapaloq tortganini o`zi ham bilmay qoldi.
—  Og`zingga qarab gapir! U ukamning xotini! Kelinim bo`ladi! Bir aytding, boshqa tilingga olma! Naq, boshingni uzib tashlayman!
“Shu megajinni haydatmasammi?” ko`zyoshlarini artarkan diliga tugdi Mastura. 
* * *
Munira qaynonasi aytgan gapni eshitib, quloqlariga ishonmadi. Tushimmasmikan, degandek ko`zlarini ochib yumdi. Qaynonasi alam bilan so`zlayotgan bo`lsa-da, allaqanday soxtalik va ikkilanish yuzlarida zohir edi. Shundanmi,  o`ziga nisbatan aytilgan dahshatli tuhmatni u qadar vahima bilan qabul qilmadi. Chunki u bunaqa ish qilmagan, o`zi ham, vijdoni ham pok.
Uning qilt etmay turishi qaynonasining yanada jahlini chiqardi:
— Shunaqa bez bo`lib ketganman, deng. Gapim tikan kirganchalik ta`sir qilmadi-ya! Aslida bu gapdan keyin odam o`zini o`ldirish kerak...
—   Oyi, o`ylab gapiryapsizmi? Qaerdan oldingiz bu gapni. Siz aytayotgan odamni men tanimayman, ham... Kim o`zi u?
—  Kim bo`lardi? Arslon qassobda! Katta ko`chada sochingni kaftiga olib silabdi-ku! Kim bilsin, ko`zdan panada nimalar qilmaydi, u! Ko`zi o`ynab, nechta ayol bilan gap bo`lgan! — baqirdi qaynonasi.
—  Qachon? — hayrat bilan dedi Munira. 
—  Anuv kuni. Onangiznikidan kelayotganingizda. Menga yaxshi ko`rinish uchun onangiznikidan bir chelak olxo`ri ko`tarib keldingiz. Aslida u Arslon qassob bilan gaplashishingiz uchun bahona bo`lgan! — Masturaning tusmollarini haqiqatga aylantirib gapirdi qaynona. 
Shu paytgacha eshitganlariga ishonolmay turgan kelin, endi jim tura olmadi: 
—  Oyi, men siz aytayotgan odamni tanimayman. Qo`limda nevarangiz borligi uchun chelakni ko`tarishib keldi. Uyning ro`parasiga kelganimizda, qo`lidan chelakni olayotgandim, sochim engidagi tugmaga ilashib qoldi. Shuni ko`rgandir, yangam...
—  Ana! Xuddi shu gapni aytgandi Mastura ham. “Sizni shunaqa deb aldashi mumkin. Lekin qassob boshqacha gapirdi. Sochini siladi ham. Kelin bo`lsa nozlanib kuldi. Er yorilmadi, kirmadim. Qo`shnilar ham ko`rishdi”, dedi... Mana aytganini gapiryapsan, sen ham...
—  Oyi! Og`zingizga qarab gapiring! Shuncha birga yashab meni bilmadingizmi? Uyalmaysizmi, o`z keliningiz haqida shunday degani! Men shunaqa buzuqqa o`xshaymanmi? O`ylab ko`rmadingizmi?
Ilgari Muniradan sira bunaqa achchiq gap eshitmagan qaynona g`azab otiga mindi. Ularning janjali ustida Muniraning eri kelib qoldi. 
—  Xotining katta ko`chada uzun sochlarini Arslon qassobga silatib yurganmish! Odamlar ko`ribdi. Hozir eshitib keldim. Er yorilmadi, erga kirmadim. Hammaning ko`z o`ngida shunaqa qilsa, panada nima qilib yurgan bo`lar! — baqirdi qaynona.
Onasining gapiga ishongan o`g`il xotinining yuziga nafrat va yovvoyi kuch bilan tarsaki tortdi. Munira guyo uchib ketdi. Gurs etib ikki qadam nariga, erga quladi. Yuzini ushlab, dahshat aks etgan ko`zlarini eriga tikdi. Biroz vaqt o`tgach, avval silkindi, so`ng ezilib yig`lay boshladi. Ohista o`rnidan turmoqchi edi, eri kelib, qorni aralash tepdi:
—  Kelib-kelib meni Arslon qassobga almashdingmi?..
Rosa kaltak egan Munira, yig`i va zarbdan qizarib ketgan yuzini silarkan, o`rnidan zo`rg`a turdi. 
—  Yuring! Yangamning yoniga boramiz. Yuring! — dedi nafrat bilan. — Isbotlab bersin! 
—  Nima gap? — shu payt ko`chaning narigi tomonida, ikki uy narida turuvchi Komil shovqinni eshitib yugurgilab etib keldi. Ortida halloslagancha kelgan Mastura ham bor.

Voqea bunchalik bo`lib ketishini bilmagan qaynona yalt etib Masturaga qaradi: — Mana, o`zi keldi. Yo`q joydan ovsinini gapirib, meni gijgijlagan shu. Mastura, ovsiningizning sochi tugmaga ilinib qolgan ekan-ku! Butun mahallaga sharmanda qildingiz, bizni...
—  Nima? — ovsinining ahvolini, qaynonasining o`zgarganini ko`rib qo`rqib qoldi Mastura. 
—  Nima bo`ldi? Nima qilding? — tutaqib ketdi Komil. 
—  Tunov kuni... Arslon qassob... kelinning qo`liga chelakni berayotib... sochini siladi...
—  O`v, ahmoq! Nimalar deyapsan? Menam ko`rdim-ku! Sochi ilinib qoldi. Keyin qassob tugmadan sochni chiqardi-yu, ketdi. Kelin uyga kirdi... O`ylab gapirsang, o`lasanmi, tovuqmiya! — Masturaning boshiga nuqidi Komil. — Qara, kelinning ahvolini! Xudodan qo`rqmaysanmi, tuhmat qilgani...
Munira ortiq chidolmadi. Xo`rligi kelib, yig`lagancha uyga kirdi-yu, bolasini olib chiqib, ko`cha tomonga keta boshladi. Shoshqaloqlikning ortidan qo`li yuguriklik qilib aybdor bo`lgan er bir og`iz “To`xta!” deyishga uyaldi. Qaynonaning ham boshi xam. Nohaqlik ularning barchasiga tushov bo`ldi. Bir qadam bo`lsa-da, Munira tomon yura olishmadi. Munira esa orqa-oldiga qaramay yig`lagancha ketardi...
KAMINA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!