«Uy egalarini «propiska»dan chiqarolmayapman», «Ajrim masalasida vakil bo`lolamanmi?», «Astmam bor, erta nafaqaga chiqolamanmi?» kabi savollarga mutaxassislar javobi

11:01, 03 oktabr

Murojaatlaringizga advokat Nafisa IBRAGIMOVA hamda Respublika moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi xodimi Zafarjon XO`JAEV javob beradilar. Eslatib o`tamiz, mutaxassislar izohi tavsiyaviy xarakterga ega.

 

«UY EGALARINI «PROPISKA»DAN ChIQAROLMAYaPMAN»

— O`n yil ilgari uy sotib olgandim. Turar-joyning avvalgi egalari «Propiska»dan o`chirmay turing, o`zimizga uy qilib olaylik» deyishganiga ham o`n yil bo`ldi. Uy ro`yxatiga 11 kishini kiritganmiz. Sobiq egalari bilan 14 nafarmiz. Bu masalani qanday hal qilsak bo`ladi?

Hadicha Qozoqova, Andijon viloyati

— Oldi-sotdi shartnomasi bandlarining birida sobiq mulkdor va uning oila a`zolari qancha muddat ichida turar-joy ro`yxatidan chiqib ketishlari belgilangan bo`ladi. Sobiq mulkdor va uning oila a`zolari shartnomada belgilangan muddatda o`z ixtiyorlari bilan uy ro`yxatidan chiqib ketmasalar, siz shu uy joylashgan hududdagi fuqarolik sudiga, ularni turar-joydan foydalanish huquqini yo`qotgan deb topishni so`rab, ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin. Agar shartnomada sobiq mulkdor va uning oila a`zolarini turar-joy ro`yxatidan chiqish muddati belgilanmagan bo`lsa, bunday holatda mulkdor va uning oila a`zolari sababsiz olti oydan ortiq shu uyda yashamayotganliklarini ko`rsatib, ularni turar-joydan foydalanish huquqini yo`qotgan deb topishni so`rab,  fuqarolik sudiga murojaat etasiz.

 

«AJRIM MASALASIDA VAKIL BO`LOLAMANMI?»

— Qizim turmushga chiqdi. Ammo eri bilan bir kun ham yashamadi. To`ydan keyin ikkisi ham xorijga ketgan. Turli davlatlarda yashashadi. Shu kunlarda qizim ajrashaman deyapti. Ammo ajrim masalasi bilan shug`ullanish uchun bu erga kelolmaydi. Uning o`rniga bu ishlarni men bajarishim mumkinmi? Ajrim masalasida uning nomidan vakil bo`lolamanmi?

Ismi sir tutildi

— Buning uchun qizingiz nomidan sizga nikohdan ajratish ishlarini olib borish haqida belgilangan tartibda ishonchnoma bo`lishi kerak. Ishonchnoma asosida qizingiz nomidan vakil bo`lolasiz.

 

«KUYoVIM PO`PISA QILAYaPTI...»

— Qizimning turmushidan havotirdaman. Eri ichib olib, ayamay do`pposlaydi. Farzandlari ham ko`ziga ko`rinmaydi. Yaqinda «Qizimni ajratib olaman» degandim. U bo`lsa «Agar onang ustimdan shikoyat qilsa, seni ham bolalaringni ham o`ldiraman» debdi. Qizim qaynonasining nomida bo`lgan uyda yashaydi. Ajrim qilinsa, nabiralarim uchun uy-joy talab qilolamanmi?

Ismi sir tutildi

— Qizingiz ayni dam yashab kelayotgan xonadonga kelin bo`lib tushganida, unda uydan foydalanish huquqi yuzaga kelgan. Shu sababdan qizingiz nikohdan ajrashgandan keyin ham farzandlari bilan shu turar-joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi.

 

«ATTESTASIYaDAN O`TMAGANIM BOIS RAD ETIShDI»

— 18 yil kichik biznes bilan shug`ullanganman. Hozir yoshim 58 da. Ikki yil oldin nafaqaga chiqish uchun hujjat topshirgandim. Ammo attestasiyadan o`tmagansiz deb pensiyaga chiqarishmadi. Attestasiyaning nafaqaga qanday aloqasi bor? Endi ikki yillik pensiyam nima bo`ladi?

Xolidqul Xudoynazarov, Qashqadaryo viloyati

— «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga asosan yoshga doir pensiya olish huquqiga:

erkaklar – 60 yoshga to`lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo`lgan taqdirda;

ayollar – 55 yoshga to`lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo`lgan taqdirda ega bo`ladilar.

Shu sababli 60 yoshga etganingizda yoshga doir pensiya tayinlashni so`rab murojaat etishingiz mumkin.

 

«PENSIYa HAQIDA SAVOLIM BOR»

— Umr yo`ldoshim 60 yoshda pensiyaga chiqmoqchi. 35 yillik ish staji bor. Nafaqaga chiqishi uchun 35 yillik ish staji to`liq so`raladimi yoki oxirgi 10 yilligimi?

Oygul Xushvaqtova, Samarqand viloyati

— «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 37-moddasi «a» bandiga asosan ish stajiga faoliyat turi, mulk va xo`jalik yuritish shakllaridan qat`i nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug`urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasiga sug`urta badallari to`lagan bo`lsa qo`shib hisoblanadi.

Sug`urta badallari to`langanlik fakti qonun hujjatlarida belgilangan shaklda beriladigan ish haqi to`g`risidagi ma`lumotnoma asosida belgilanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida Nizomning 83-85-bandlariga asosan ish haqi to`g`risidagi ma`lumotnoma shaxs murojaat qilgandan keyin uning talabi bo`yicha ushbu Nizomga 12- va 13-ilovalarga muvofiq shakl bo`yicha qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tashkilot, shuningdek arxiv tomonidan beriladi.

Mazkur Qonunning 43-moddasiga asosan O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi bo`limlari korxonalar, tashkilotlar va ayrim shaxslardan tegishli hujjatlarni talab qilish, zarur hollarda esa, ularning berilishi asosliligini tekshirish huquqiga egadirlar.

 

«ASTMAM BOR, ERTA NAFAQAGA ChIQOLAMANMI?»

— Chet davlatda ishlab yurganimda astma kasaliga chalinganman. Uzoq vaqt davolandim. Xastaligim bois 47 yoshimda nafaqaga chiqmoqchi edim. Pensiya jamg`armasiga murojaat qilsam, Rossiyada bo`lganingizda qaysi kasalxonada davolangan bo`lsangiz, o`sha erdan tibbiy ma`lumotnoma olib keling deyishdi. Axir u erga yana qaytib borolmayman-ku? Nima qilsam bo`ladi?

Sobir Hasanov, Samarqand viloyati

— «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 15- va 16-moddalariga asosan nogironlik pensiyalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda I va II guruh nogironlari deb topilgan shaxslarga tayinlanadi.

Sog`lig`ini yoki mehnat qobiliyatini yo`qotganlik darajasiga qarab, nogironlikning uch guruhi aniqlanadi.

Nogironlik sabablari va guruhlari, shuningdek nogironlik boshlangan vaqt va nogironlikning qancha muddatga belgilanishi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ular to`g`risidagi Nizom asosida ishlovchi tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan aniqlanadi.

Shu munosabat bilan yashash manzilingiz bo`yicha joylashgan TMEK bo`limiga davolovchi vrach yo`llanmasi asosida tibbiy hujjatlar bilan murojaat etish tavsiya etiladi.

Dildora YuSUFBEKORVA tayyorladi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!