«Erim ishqiy munosabatlarini so`zlab beradi...»

14:12, 03 oktabr

« – Turmush o`rtog`im bilan bir-birimizga ko`ngil qo`yib, ahdlashib oila qurdik. Birin-ketin o`g`il va qizli bo`ldik. Erim ayrim erkaklar kabi urmaydi, so`kmaydi, ortiqcha tergamaydi. Ro`zg`orni bekamu-ko`st qiladi, hech qanday taqiq, cheklovlar yo`q. Faqat... faqat ayollar bilan yurishini aytmasa... Ilgari ham qizlarga suyagi yo`q edi-yu, turmush qursak, o`tib ketar degandim. Adashgan ekanman.

Xo`jaynim shifokor-ginekolog. O`z ishining malakali mutaxassisi. Uning qabuliga bir necha oy avval yozilishadi. Gohida tong yorishmasidan yoki tun yarmida qo`ng`iroq qilib, ishga chaqirishadi. Shifokor-ku, deb tushunishga harakat qilaman. Bir kuni «tungi qo`ng`iroq»laru «navbatchilik»larining sababini bilib qoldim.

— Telefon qilgan ayol namuncha suzilmasa? – dedim.

U bo`lsa bamaylixotir: «Men bemorlarim bilan shunday so`zlashaman»  dedi-yu, chiqib ketdi.

Yo`q, men o`ziga befarq ayollardan emasman. Hamisha o`zimga oro berib yuraman, so`nggi urfdagi liboslarni xarid qilaman. Juftimning ko`nglini olish uchun romantik oqshomlar uyushtiraman. Bunaqa ishlar qo`limdan keladi.

Xullas, erimning «xurmacha» qiliqlari kundan-kun ko`payib boraverdi. Endi u ochiqchasiga yuradigan bo`ldi. Alam qilgani, qabuliga kelgan tanish ayollarning xushomadiyu, kim bilan tushlik qilgani, qaerda uchrashganigacha aytadigan odat chiqardi. Vaziyat shu darajaga etdiki, yolg`iz qolganimizda ham ishqiy munosabatlarini hikoya qilardi. Ma`shuqalari to`g`risida «doston»lar yotoqxonamizgacha kirdi. «L.ning qomati juda chiroyli, qoyil qolaman», «N. ning oyoqlari uzun, seniki o`rtacha, to`g`rimi?».

 «Dod» dedim bir kun. Etar, bas! Axir men ham ayolman, jufti halolingizman! Nega meni xo`rlaysiz? Shu ikki norasida haqqi, xiyonatlaringizga ko`z yumayapman», dedim chidolmay. U bo`lsa, erlik, otalik vazifalarini bekamu-ko`st bajarayotganini aytdi-yu, kuyib pishganimni parvoyiga ham keltirmadi.

Bir safar qaynonamga aytgandim, «Hadeb tergayvermang, insofga kelib qolar» dedi, ammo o`g`lini tartibga chaqirdimi-yo`qmi bilmayman. Aka-ukalariga aytishga esa betim chidamaydi. Ochiq-oydin, ko`rsatib, aytib yurishlari ich-ichimni kuydiradi. Jizg`anak qiladiki, yonib kul bo`layapman. Menga bilintirmay yursa ham mayliga edi, shunchalik yonmasdim, o`z yog`imda qovrulmasdim. Lekin nega shunday qilishini tushunolmayman. Er-xotinlik munosabatlarimizda sira muammo bo`lmagan. Doim ko`ngliga qarayman. Nega meni ma`shuqalari bilan taqqoslaydi, o`xshashlik izlaydi, bilmayman. Maslahat bering...»

Ismi sir tutildi.

 

Tahririyatga qo`ng`iroq qilgan mushtariymizning hayotini tinglab, muammo kimda yoki nimada ekanligiga qiziqdik. To`qlikka sho`xlikmi bu? Yoxud hamma gap xarakterdami? Nega ayrim erkaklar «sayoq yurish»larini namoyish etishni istashadi? Obro` topib, martabalari oshib qolarmikan yo? Ehtimol bu biror ojizlik belgisidir... Muammoga oydinlik kiritish maqsadida mutaxassislarga yuzlandik.

 

«ERKAKNING MUAMMOSI BOR!»

Dilmurod ERGAShEV, androlog-seksopatolog:

— Murojaatda tilga olingan erkak yuqori temperamentli va ehtiroslarga beriluvchan. Bu holat ayni dam yuzaga kelgan emas. Balki bolalikdan mavjud bo`lgan. «Qahramon»imiz voyaga etgan oilada qiz farzand yo`q, menimcha. Kichikligidan qarama-qarshi jins vakilalari e`tiborini qozonishni yoqtirgan. Biroq hamisha ham istagi amalga oshavermagan. Ko`p bor rad etilgan. Balki mazax qilib, tuyg`ularini kamsitishgandir. Shuning uchun ham unda alamzadalik, ayollar diqqatini jalb qilish, so`ng bu ishni oshkora namoyish etish hissi mavjud. Ya`ni o`smirlikda yuzaga kelgan kompleksni bugun pala-partish aloqalar bilan yo`qotishga urinayapti. Aslida, uning muammosi ham shu. Qilayotgan ishini idrok etolmaydi. Qancha ko`p ayol bilan «aloqa» qilsa, xayolida chizilgan «marra»ga yaqinlashayotgandek tuyuladi. Ongida ana shu holat mahkam o`rnashib qolgan. Bu vaziyatda erkakni to`g`ri yo`lga boshlash, yo`l-yo`riq ko`rsatish yoki oiladagi erlik, otalik vazifalarini pesh qilishdan foyda yo`q. Bu narsalar uni o`ylantirmaydi. U o`zining ishqiy «hikoya»larini so`zlab, shu tariqa «ochko» to`playdi. Mutaxassis sifatida erkak bilan yuzma-yuz suhbatlashishni taklif qilaman. Shundagina uni qiynayotgan muammoni bilish mumkin.

Xo`sh, endi juftini tushuna olmayotgan ayolga yuzlansak. Turmush o`rtog`ingiz sizdan «foydalanadi». Farzandlaringiz, oilangizni o`ylab, uni tashlab ketmasligingizni biladi. Har qanday holatda ham kechirishingizga ishongani uchun ko`ngli tusagan ishni qilayapti. Ayol har qanday qiyinchilikka chidashi mumkin, ammo er-xotinlik munosabatlarida boshqa ayollar bilan taqqoslashlariga toqat qilolmaydi. Maslahatim:

  • Eringiz toifasidagi erkaklar bilan bepisandlik ohangida so`zlashish, ishqiy «doston»larini go`yo eshitmayotganga olish yoki «shunga shunchami» qabilida munosabat bildirish lozim;
  • Unga bo`lgan hislaringizni yashiring. Sevgi izhorlari, uning uchun ko`z yosh to`kishlaringizni ko`rmasin, aslo!
  • O`zingizni qo`lga oling! Uddalasangiz rashkini qo`zg`ating! Ammo achchiqni achchiq kesadi tarzida ish ko`rmang! Ya`ni u kabi yo`l tutishni xayolingizga ham keltirmang. Shunchaki, bir muddat o`zgaring, tamoman o`zgaring. E`tiboringizdan qolayotganini sezishi bilan ishonchingizni qozonishga harakat qiladi.

 

«AYoL EKANLIGINGIZNI UNUTGANSIZ!»

Go`zal RO`ZMATOVA, ruhshunos:

— Oilali bo`lgach, ayolda yangi hayotga moslashish jarayoni boshlanadi. U istar-istamas rafiqa+ona, rafiqa+singil yoki rafiqa+do`st rollariga ixtiyor beradi. To`g`ri, bu jarayon dabdurustdan boshlanmaydi. Yillar davomida o`z-o`zidan paydo bo`ladi. Murojaat qilgan singlimizning so`zlariga qaraganda, uning oiladagi roli ko`proq ona va do`st obrazlariga mos kelayapti. Temperamenti yuqori erkak esa juftida ayollarga xos barcha xislatlarni ko`rishni istaydi. Hozir u faqat farzandlarining onasi va boshidan kechirganlarini indamay tinglaydigan do`stni ko`rayapti, xolos.

Singlim, men sizni ayblash fikridan yiroqman. Ammo shu tariqa davom etsa, ayol ekanligingizni tamoman unutasiz. Zero bunga haqqingiz yo`q. Munosabatlarni tiklashga hali ham kech emas. Faqat bundan avval aniq reja tuzib oling. O`zingizga oro berishingiz, eringizning ko`nglini topishga urinishlaringiz, u istagan ayol bo`lolayapsiz degani emas, hali. Ranjimang, men sizga ko`zgu tutayapman, «boshingizni silab» ko`z yosh to`kishingizga qo`yib berganim bilan hech nima o`zgarmaydi. Keling, er-xotin munosabatlarini tiklashda psixologlar tavsiya etadigan usullar bilan tanishamiz:

  • Qadringizni biling! O`zni sevmoqlik xudbinlik emas! Aksincha boshqalarning ham hurmatini qozonishdir.
  • Eringiz kun davomida nimalar bilan bandligiga qiziqsangiz, ishqiy «hikoya»lariga e`tibor bermang. Mavzuni shunday burib yuboringki, hayron qolsin.
  • Har zamon «Ahvolingiz yaxshimi?», «Ish kuningiz yaxshi o`tayaptimi?» qabilida «SMS» xabarlar yo`llang. Ehtimol ayni o`sha dam u o`zini nochor sezayotgan bo`lishi mumkin.
  • Mehringizni ko`rsatish uchun yolg`iz qolishingiz shart emas. Elkasiga boshingizni qo`yib, «Bugun sizni juda sog`indim» deyish kifoya.
  • Bir xillik erkakni zeriktiradi. Uning uchu istalgan, talpinilgan malakka aylanishingiz kerak.
  • O`zingizni qo`lga oling! Erkaklar ko`z yoshi miltillab turgan ayollarga hamisha ham toqat qilolmaydi. Ishonchi baland xonimlar esa, aksincha, qiziqishini oshiradi.

Taqdir degan azal qonun borki, uni siz ham, biz ham o`zgartirolmaymiz. Peshonangizga «ayollarga suyagi yo`q er» yozilgan ekan, qarshi chiqib, dod solish yoki ko`z yosh to`kishdan foyda yo`q. Asabingiz, uning ortidan umringiz ketgani qoladi. Shu erkak, u bilan poydevorini qo`ygan oilangiz aziz bo`lsa, avval o`zingiz bilan kurashing. Yoringiz e`tiborini qayta qozonolasiz, AYoL sifatida. Ayni shu natijiga erishgach, hamisha suyukli ayol bo`lib qolishga harakat qiling.

Hayotimizdagi muammolarga «Nima uchun?», «Qaysi aybim tufayli?» kabi savollar bilan echim topishga urinishimiz xato. Muammoni hal qilolmasang, undan muammo yasama degan ibora nechog`liq haqiqat ekani esa mubolag`a emas. Har qanday vaziyatda, nima bo`lishidan qat`iy nazar o`zingizni qo`lga oling! Hatto eringiz bilan munosabatlarda ham o`zingizga ishonchingiz baland bo`lsa, oyoq osti bo`lmaysiz.  

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!