“Kamolot-tur” yoshlar velomarafoni g`oliblari aniqlandi

15:49, 03 oktabr

Poytaxtimizda “Kamolot-tur” IX yoshlar velomarafonining mamlakat bosqichi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

Mazkur an`anaviy musobaqa “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi, Madaniyat va sport ishlari, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Xalq ta`limi vazirliklari, O`zbekiston Ekologik harakati, Respublika Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi kabi qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi. 

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e`tibor samarasida har tomonlama sog`lom va barkamol avlod voyaga etmoqda, ularning iqtidor va iste`dodi yuzaga chiqib, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini himoya qilishga qodir yoshlar safi kengayib bormoqda. 

Jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish borasida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. An`anaviy tarzda o`tkazib kelinayotgan “Kamolot-tur” velomarafoni ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilayotir. Bu yilgi musobaqaning quyi bosqichlarida 31,6 mingdan ziyod o`g`il-qiz ishtirok etdi. Ulardan saralangan ikki mingga yaqin havaskor velomarafonchi hududiy bosqichlarda o`z mahoratini sinovdan o`tkazdi. 

Velomarafonning hududiy bosqichlarida g`alaba qozongan velosportchilar o`n to`rt kilometrlik masofaga o`tkazilgan musobaqaning mamlakat bosqichida ishtirok etdi. 

9-14 yoshli ishtirokchilar o`rtasida xorazmlik Umidjon Baxtiyorov birinchi, namanganlik Akbar Nuriddinov ikkinchi va poytaxtlik Fazliddin Ro`zimov uchinchi o`rinni egalladi. 

15-17 yoshli havaskor velomarafonchilar o`rtasidagi musobaqada qoraqalpog`istonlik Ilhom Esaliev marraga birinchi etib keldi. Qashqadaryolik Asomiddin Boqiev ikkinchi, andijonlik Muhammadaziz Tursunboev uchinchi bo`ldi. 

18-30 yoshli poygachilar o`rtasidagi bahslarda Toshkent shahridan Javohir Egamberdiev oltin, Buxoro viloyatidan Denis Golovanov kumush, Jizzax viloyatidan Nodir Xursanov bronza medalni qo`lga kiritdi. 

Shuningdek, velomarafon ishtirokchilari “Eng yosh ishtirokchi”, “Faxriy velopoygachi”, “Eng mahoratli texnik velopoygachi”, “Eng irodali velopoygachi” kabi nominasiyalar bo`yicha ham taqdirlandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!