Markaziy saylov komissiyasining onlayn majlisi bo`lib o`tdi

09:29, 04 oktabr

Shu yilning 3 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo`lib o`tdi. Videokonferensaloqa shaklida o`tkazilgan majlisda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining a`zolari, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov boshqargan majlisda mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi saylov uchastkalarini tuzish hamda saylovga tayyorgarlik ko`rishga doir boshqa masalalar ko`rib chiqildi. 

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunning 11-moddasiga muvofiq O`zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. 

Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining O`zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish to`g`risidagi taqdimnomasini ko`rib chiqib, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi 44 saylov uchastkasini tuzish hamda ularni 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirish to`g`risida qaror qabul qildi. 

Majlisda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan imzo varaqalari to`g`ri to`ldirilganligini tekshirish bo`yicha Markaziy saylov komissiyasi huzurida ishchi guruhlari tuzish to`g`risida qaror qabul qilindi. Ishchi guruhlarining asosiy vazifasi “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunning 24²-moddasiga asosan belgilangan muddatda imzo varaqalari qonun talablariga muvofiqligi haqida xulosalar berishdan iboratdir. 

Tadbirda 2-Andijon va 12-Xorazm okrug saylov komissiyalari raislarining O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlikning borishi haqidagi axborotlari ham eshitildi. 

Komissiya a`zolari Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qilgan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o`tkazish masalasini ham ko`rib chiqdi. Ta`kidlanganidek, saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta`minlash, jamoatchilikni saylov kampaniyasining barcha bosqichlari xususida o`z vaqtida xabardor qilishda ommaviy axborot vositalari muhim o`rin tutadi. Shu vaqtga qadar mamlakatimiz va xorijiy bosma hamda elektron ommaviy axborot vositalarida saylov kampaniyasi bilan bog`liq ikki mingdan ziyod material e`lon qilindi. 

Majlisda Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.Ko`rilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!