«O`g`lim onasi kimligini bilmaydi...»

10:35, 04 oktabr

Dilshod ismli bu yigit uch opa-singilning erkatoy ukasi edi. Bir uy ayollar orasida o`sgani uchunmi, tabiati ham halimdek, qarashlari muloyim, xullas, diydasi qattiqlardan emasdi. Shuning uchun ham uning do`stlari orasida qizlar ko`p. O`qigan, ishlagan joyida ham ayollar bilan tezda til topishardi. Ustiga ustak, hamma unga sirlari-yu dardini ishonib aytardi. Ko`pchilik do`stlari uning ayollarga qayishqoqligi, hurmat-e`zoz qilishini tushunmay, kalaka qilardi. Dilshod bunday gap-so`zlarga e`tibor bermas, ayol dardi-muammosi, quvonchi va qiziqishlari bilan har bir erkak kishi hisoblashishi kerak, derdi…

Maktabda o`qib yurganida qo`shni sinfdagi qizga ko`ngli tushib, uni zimdan kuzatib yurdi. Keyinchalik o`sha qiz bilan maktabga borib-keladigan, uzoq-uzoq suhbatlashadigan bo`ldi. Maktabni tamomlaganidan so`ng ajralmasik uchun birgalikda shaharga kelib, bitta oliy o`quv yurtiga hujjat topshirishdi. Bitta partada o`tirishdi, Dilshod uning uchun ham imtihon savollarini echdi, talaba bo`lishdi. Ikkisi hammaning ko`z o`ngida orasidan qil o`tmas do`st edilar. Ikkinchi bosqichda o`qib yurganlarida sevgan qizining atrofida katta kursda o`qib yuradigan yigit o`ralashib qoldi. Eng qizig`i, qiz ham o`sha yigitga befarq emasdi, endilikda Dilshodga ro`yxushlik bermay, o`zini olib qocha boshladi. O`zini qo`yarga joy topolmay qolgan Dilshod qizga ko`nglini ochdi:

— Shuncha yildan beri seni sevaman, har doim ortingdan yurganman, sen bilan birga o`qib, birga ishlashni, birga yashashni orzu qilganman. Meni tashlab ketma, iltimos.

Qiz esa kiprik qoqmay javob berdi:

— Dilik, hazillashyapsanmi? Men seni faqat o`rtoq sifatida ko`rganman. Ikkita qiz bir-biri bilan qanday do`st bo`lsa, xuddi shunday. Bu gapingni birov eshitmasin, hamma ustimdan kuladi.

Yoshlik qilibmi yo Dilshodning jiddiyligiga ishonmaymi, qattiq gapirib qo`ygan qiz yigit g`ururiga tegib ketdi. Dilshod o`ylab ham o`tirmay, o`qishini boshqa institutga ko`chirdi. Institutda o`qish bilan birga ishlay boshladi. Diplom  himoyasiga tayyorgarlik ko`rayotgan vaqtida hayotida kutilmagan voqea yuz berdi.

Bir kuni erta tongda ijara uyining eshigi tagida big`illab yig`lagan chaqaloq ovozi eshitila boshladi. Uyqusirab o`rnidan turib, eshikni ochdi va qahraton qishda yupqagina latta-puttalarga o`ralgan chaqaloq yotganini ko`rdi. Dilshod uni darhol qo`liga oldi-yu bir zum gangib qoldi, go`dak yo sovuqdan, yo qorni ochligidan chirqillab yig`lar, shunchalik ko`p yig`laganidan ovozi ham bo`g`ilib, yuzlari ko`kara boshlagandi. So`ng tepa qavatdagi qo`shnisining xotini ikki oy oldin ko`zi yoriganligi esiga tushib qoldi va bolani quchoqlab, yuqoriga ko`tarildi.

— Eshigimni ochsam, erda chaqaloq yotibdi. Sizlarning bolangiz emasmi? — deb so`radi salom-alik ham qilmay.

Qo`shnisi jonholatda bolani qo`liga oldi va xotinini chaqira boshladi.

— Nargiz, Nargiz, bu yoqqa chiq?!

Ayoli hovliqib yugurib keldi.

— Nega baqirasiz, uyg`otib yuborasiz. Sizga xalaqit bermasin, deb mehmonxonada uxlatayotgandim. Tinchlikmi, iya, bu kimning bolasi? — ayol yig`layotgan bolani qo`liga oldi.

— Rostdan ham bu sizning bolangiz emasmi? — deb so`radi xayolida mingta o`y g`ujg`on o`ynayotgan Dilshod.

— Yo`q, ana o`g`limiz uxlab yotibdi...

Xullas, bola qo`shniniki emasligi aniq edi. Dilshod birdaniga hammasiga tushundi. Nargiza bolani darhol issiq uyga olib kirib, uni o`rab-chirmadi, yig`lab to`xtamayotgan bolaga termulib turib, chiday olmadi, eridan ruxsat so`radi. Eri ikkilanib turib, “bolaga nimadir bo`lmasin, mayli, roziman”, dedi. Nargiza kimligi, kimnikiligi, qaerdanligi noma`lum bolaga ko`krak tutdi. Bola issiq og`ushda uzoq emib uxlab qoldi.

Dilshod esa bu paytda qo`shnisi Farhodning ma`nodor nigohlariga dosh berolmay, boshini egib o`tirardi.

— Aka, nega aynan mening eshigim tagiga tashlab ketishgani haqida har xil xayolga borayotgandirsiz. O`zim ham hozir hech narsa bilmayman, — deya oldi zo`rg`a.

— Dilshodjon, mening nima deb o`ylashim muhim emas. Bolaning onasini bilsangiz yo bolani eltib bering, yoki ayolni uyingizga olib kelib, nikoh o`qitib yashang, — dedi.

Shirin uyquda yotgan qip-qizil jish bolani ko`tarib uyiga kelgan Dilshod uzoq o`ylab qoldi. Onasiga qo`ng`iroq qilib, shu bugunoq shaharga etib keling, maslahatli ish bor, dedi.

O`qishiga, ishga ham bormay, bola uyqudaligida yana qo`shnisinikiga chiqdi. Nargizadan so`rab-surishtirib, do`kondan bolalar sun`iy suti va tagligini sotib oldi.

Kechga qolmay, onasi va singlisi etib kelishdi. Dilshod bu vaqtgacha chaqaloqqa har uch soatda sun`iy sut ichirib turdi. Onasi va singlisi go`dakni ko`rib, hushlari boshlaridan uchishdi. Dilshod gapni qisqa qildi:

— Oyijon, ko`nglingizni xotirjam qiling, Xudoning oldida yuzim yorug`, bu mening bolam emas. Qasam ichishim ham mumkin. Lekin endi buni hech kimga berolmayman, chunki aynan menga tashlab ketishdi. Men bu bolani boqib olishimga ishonishdi. U endi mening o`g`lim bo`ladi!

— Onasi kimligini bilasanmi? Bola boqish oson ish ekanmi, o`g`lim? Sog`-kasal bo`lishi bor, eyish-ichishi bor, ta`lim-tarbiyasi bor! Sen bir talaba bo`lsang, o`ylab gapir gapingni! Dadang nima deydi, odamlar oldida yuzimiz, sha`nimiz qora bo`ladi, o`ylayapsanmi shuni?! Hech kimga bola sendanmasligini isbotlay olmaysan! Onasini top, qaerdan bo`lsa ham! — gapira-gapira onasining qon bosimi oshib ketdi. O`sha kuni hech kim mijja qoqmadi. Eshikni ham qoqib hech kim bola so`rab kelmadi.

Oradan haftalar, oylar, hatto yillar o`tdi. Hammaning gap-so`zlariga, mish-mishlariga, g`iybatlariga qaramay Dilshod bolani hech qaerga olib bormadi, dadasi aytganidek, mehribonlik uyiga ham topshirmadi. Nimjon tug`ilgan chaqaloq tez-tez shamollab qolar, sal narsaga allergiya toshib ketar, ko`p  isitmalardi. Shifokorlar go`dakning onasi xomiladorligida ko`p dori ichgan, o`ziga qaramagan bo`lsa kerak, deb tashxis qo`yishdi. Dilshod nozikkina chaqaloqni “pahlavon o`g`lim” deb erkalab, qo`lidan qo`ymasdi. Xuddi onalardek kechasi uyg`onib bolaning qornini to`ydirar, tagligini alishtirar, kunduzi esa qo`shni Nargizaga bolasini tashlab, ishga borardi. Maosh olgan kuni teng yarmini Nargizaga enagalik qilgani uchun berar, topgan pulini o`zi emay, kiymay o`g`liga sarflardi. Taqdirga tan bergan ota-onasi, opa-singillari navbatma navbat shaharga kelib, bolani boqishda yordam berishardi. Haqiqatan ham rizq-barakani Xudo berarkan, Dilshod birinchilardan bo`lib magistraturaga o`qishga kirdi, ishga yarim kunga borsa ham mas`uliyat va sidqidildan ishlagani uchun tezda og`izga tushdi.

Magistrlik dissertasiyasini himoya qilgan kuni ikki yashar o`g`lini ham olib keldi. Hamma kursdoshlari, o`qituvchilari bolani erkalab, ko`tar-ko`tar qilishdi. Avvalgi institutida birga o`qigan yaqin kursdoshi Aziza ham uni tabriklagani etib keldi. Dilshod “mening o`g`lim” deb tanishtirgan bolani ko`rib, dong qotdi:

— Meni aldamang, Dilshod, bu bolaning onasi kimligini yuzi aytib turibdi. U hali turmushga chiqmagan-ku! — dedi.

— Onasi kimligini bilmayman, lekin bu mening o`g`lim ekanligi aniq. Boshqa bunday demang, — dedi qat`iy qilib.

Oradan olti oy o`tib, Aziza Dilshodga qo`ng`iroq qildi.

— Bilasizmi, Dilshod, ikki yil avval, u allaqayoqqa yo`qolib, so`ng imtihonlarni qayta topshirib, diplom himoya qilgani kelgan edi. Demak, bola uniki! Agar ikkalangizning bolangiz bo`lsa, nega turmush qurmaysizlar? Nima xalaqit beryapti? Balki yordamim kerakdir?

— Aziza, bola meniki, boshqa gapni eshitishni istamayman.

— U siz ketgandan keyin katta kursdagi bir yigit bilan ilakishib yurganini butun institut biladi, siz quruq tuhmatga qolganga o`xshaysiz, — dedi yana bo`sh kelmay Aziza.

Dilshod indamadi, Azizaga qattiq gapirmay “xotirjam bo`ling, men yaqinda uylanyapman, hech qanday muammom yo`q” dedi. Chindan ham o`sha yili yozda Dilshod o`zi birga ishlaydigan qizga og`iz soldi. Qiz hamma gapni ochiq-oydin bilmasa ham unga ishondi va ota-onasini ko`ndirdi. Ular turmush qurishdi. O`g`lini ostonadan topib olgan kunga to`rt yil to`lganda qizli bo`lishdi. Tug`ruqxonadan og`zi qulog`ida uyga qaytgan va marosimlarga tayyorgarlik ko`rayotgan Dilshodning qo`l telefoniga anonim xabar keldi: «Sizning yaxshi odamligingizni va bolamga yaxshi otalik qilishingizni va sirimni saqlashingizni bilardim. Meni kechiring, boshqa bezovta qilmayman».

Aziza ABDUSOBIT qizi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!