Milena Madmusaeva: “Tug`ilgan yilimni doim xato yozishadi”

10:48, 04 oktabr

Ko`pchilikka manzur bo`layotgan “Qisqa va lo`nda” loyihasining bugungi qahramoni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Milena Madmusaeva. U Ispaniya, Italiya, Fransiya kabi mamlakatlarda o`tkazilgan nufuzli xalqaro tanlovlar g`olibi.

Mavsum yangiligi.
“Maftuningman” filmida, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Klara Jalilova ijro etgan “Go`zal Toshkent” qo`shig`ini qayta ijro etdim. Uni klipi bilan taqdim etishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari,  “Orzudagi ayol” filmi uchun “Yig`lab, kulib” nomli sauntrekni ham ijro etdim... 

Yosh oila.
Oila qurganimdan keyin ham ijodimni to`xtatganim yo`q. Ko`pchilikka yaxshi ma`lum turmush o`rtog`im bilan birga ishlaymiz, ya`ni  u kishi prodyuserim. Shuning uchun ham tanaffus bo`lmadi. Bundan tashqari, yangi oilamning barcha a`zolaridan, ayniqsa qaynotam va qaynotamdan juda minnadorman. Ijodimni tushunib, doim meni qo`llab-quvvatlab turishadi. Bir so`z bilan aytganda, juda baxtliman! 

Hayot prinsipi.
Hayotda hamma narsaga mehnat bilan erishiladi. Men ham shu kungacha qanday yutuqlarni qo`lga kiritgan bo`lsam, faqat izlanishlarim, astoydil harakat va mehnat bilan erishdim. Hatto ba`zida tanish-bilishlarni ishga solishni taklif etishsa ham, rad etganman. Hamma narsaga o`z kuchim bilan erishishni yaxshi ko`raman. Bundan tashqari, bir xillikni yomon ko`raman. Yangiliklar bilan  atrofimdagilarni ham, o`zimni ham xursand etsam deyman. 

Jahl chiqqanda...
(kulib) Jahlim chiqqanda tinmay kuladigan odatim bor. Balki asabiylashmaslik uchun shunday yo`l tutsam kerak. Agar biror kishi jahlimni chiqarsa, yoki ranjitsa, darhol janjal qilmayman. Sabr bilan o`zimni bosishga harakat qilaman. Ammo sabrimni sinayvergan odamga ko`l ko`tarib yuborishim ham mumkin. Lekin bunday holat ko`p bo`lavermaydi, hayotimda bir martagina, ancha yil avval sodir bo`lgan.

Sport.
Besh yoshimdan gimnastika bilan professional shug`ulanganman.  Keyinchalik karate sport turi bilan to`rt yil jiddiy shug`ulanib, ko`k, sariq, yashil belbog` sohibasi bo`lgandim. Mashg`ulotlarim fe`l-atvorimga biroz salbiy ta`sir ko`rsata boshlagach, ya`ni, juda sho`x, bo`lib, mahalladagi bolalar bilan mushtlasha boshlaganimdan so`ng ota-onam qiziqishlarimni o`zgartirishga qaror qilishgan. Ishonsangiz, hamma sinfdoshlarim mendan ko`rqishardi. Maktabda eng bezori qiz o`zim bo`lganman. Yoshim ulg`aygach esa tosh ko`tarish mashqlari bilan ham shug`ullanganman. Hozir faqat fitnes bilan shug`ullanib, sog`lom turmush tarzini olib boraman. 

Fobiya.
Bolaligimda baland joydan yiqilib, bosh miyam chayqalgandan so`ng, balandlikdan qo`rqadigan bo`lib qolganman. Hatto, istirohat bog`laridagi karusellarga chiqishga ham qo`rqaman. 

Xato.
Jurnalistlar negadir doim tug`ilgan yilimni noto`g`ri yozishadi. Aslida, 1988 yil 26 sentyabr kuni tug`ilgan bo`lsam-da, ko`pincha “1978 yoki 1988 yilda tug`ilgan” deb xato yozishadi. Ulardan e`tiborliroq bo`lishlarini so`rardim.

Stil.
Hayotda ham, ijodda ham klasik uslubda kiyinishni ma`qul ko`raman. Keng libsolar jonu dilim. San`atkorlardan Shahzodaning kiyinish stili menga juda yoqadi. Lola Yo`ldoshevaning ham stili o`ziga yarashib turadi. Faqat u biroz ochiqroq kiyinadi... 

Romantika.
Turmush o`rtog`im bilan ikki yil avval Namanganda o`tkazilayotgan «Biz buyuk yurt farzandlarimiz» tadbirida tanishganmiz. Ahdu paymon qilganimizga bir yil bo`lganda, oila qurish taklifini noodatiy tarzda bildirganlar. O`shanda, klipning tasvirga olish jarayoni edi. Qo`lida katta, qip-qizil atirgulli guldasta bilan, skripka ohangi ostida studiyaga kirib kelgan. Avvaliga, klipga shunday lavha  qo`shishibdi-da, deb o`ylaganman. Keyin ijodiy guruhdagilar men tomonga qarab kelaverishgan va turmush o`rtog`im qo`lida uzuk bilan turmushga chiqish taklifini bildirgan. Men hech ikkilanmay rozi bo`lganman. 

Aliya SULAYMANOVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!