Jahongir Otajonov to`yga qimmatga chiqishi sabablari va konsertdan oladigan foydasi haqida

11:18, 04 oktabr

Joriy yilning iyun oyida “Istiqlol san`at saroyida o`zining “Ishtiboh” nomli yakkaxon konsert dasturini taqdim etgan xonanda Jahongir Otajonov oradan 4 oy o`tib o`zining yangi konsert dasturi haqida e`lon qildi.

Kuni kecha poytaxtimizning “Yoshlar ijod saroyi”da xonanda yangi konsert dasturi oldidan jurnalistlar uchun matbuot anjumani o`tkazildi.

Xonanda tadbir davomida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berar ekan bir yil hisobidan nima sababdan ikkinchi konsertni taqdim etishga jazm qilgani haqida gapirdi:

“So`nggi 15-20 yil davomida ijod qilayotgan san`atkorlar bir necha kunlab konsert berishayotganini guvohi bo`lyapman, to`g`risi, men ham aynan shunday qilgim keladi, lekin uch kundan keyin ovozimning sifati qochishni boshlaydi, shu sababdan bundan ko`p konsert bermayman. To`g`ri ovozni sifati qochayotganini muxlis sezmasligi mumkin, lekin tashrif buyurayotgan tomoshabinni sifatsiz mahsulot bilan alday olmayman. Shu sababdan yozda bergan konsert dasturimdan so`ng, yangi ashulalar yoza olsam kuzda yana konsert qilaman, shunda men ham bir yilda 5-6 kun konsert bergan bo`laman, deb niyat qilgandim. Agar nasib qilsa keyingi dasturimni mart oyida ham muxlislarimga havola etaman. Keyinchalik esa har chorakda konsert berib, muxlislarim bilan uchrashish niyatim bor.”

Ma`lumki, Jahongir Otajonov to`y xizmatlariga qimmatga chiqadigan san`atkorlardan biri hisoblanadi, buning sababini esa u quyidagicha izohladi:

“To`yga ham aynan mana shu sababli qimmat narx aytaman, birinchidan mehnatim og`ir, ikkinchidan narxni qimmat aytganim hisobiga to`yga kamroq boraman, ya`ni ataylab to`ylarim kamayishi uchun narxni qimmat qo`yganman. Agar tez-tez to`yga chiqadigan bo`lsam ovozimning sifati qochadi, keyin fonogramma kuylashga majbur bo`laman, meni jonli ijro aytadi deb chaqirgan odam esa bundan og`rinishi mumkin. Shu sababdan sun`iy ravishda narximni baland qilganman.

To`yga kam chiqqanim sababli shou-biznesdagi harajatlarimni qoplash uchun konsertdan pul tushirish niyatim bor.”

Aksariyat san`atkorlar konsertdan foyda olmasligini aytganini guvohi bo`lganmiz, biroq Jahongir Otajonov buning aksini ta`kidladi:

“To`g`ri konsert harajatlari kichkina emas. Qilmaslik ilojsiz bo`lgan harajatlari bor. Meni oldimga qo`ygan aniq strategiya bor: konsertimga tushgan muxlis keyingi konsertimga ham kelishini hisobga olaman va shunga intilaman. 2 kunda 8 ming odam tushsa yana shuncha odam keyingi safar ham qaytib kelishi kerak, buning uchun esa kirgan tomoshabin konsertdan ma`naviy ozuqa, lazzat olib chiqib ketishini ta`minlash shart.

Konsert faoliyatimni boshlaganimga 5 yildan ko`p vaqt bo`lgan bo`lsa, aytishim mumkinki, konsertlarimdan o`ziga yarasha foyda ko`rsam ko`ramanki, zarar ko`rmayman. Buning sababi ehtimol reklamaga katta pul sarflamaganimdadir. Reklama qilmaganimning sababi reklamaga muhtoj emasligimdamas, albatta. Shunchaki yuqorida aytganimday konsert qilayotganimda avvalgi konsertimga tushgan odam albatta kelishiga ishonaman.

Dunyo saxnalaridagi konsertlarni kuzating, u erda asosiy maqsad kuy bilan, san`at bilan o`tirgan muxlisni sehrlab qo`yish. Buning uchun albatta inson o`ziga va san`atiga ishonishi kerak. Konsertga tushgan 4000 tomoshabin 2 soat jonli ijrodagi konsert tugab qolganini sezmay qolishi kerak. Kosnertimdagi yangiliklarga to`xtaladigan bo`lsam, asosan bu yangi qo`shiqlar, rejissyorlar bilan ishlamayman sahnada ichki tuyg`ularimga va o`z g`oyalarimga ishonaman va ular asosida ish tutaman, oldindan ssenariy ham bo`lmaydi. Oldindan ssenariy tuzib, uning asosida hatti-harakat qilish uchun aktyor bo`lish kerak, menda esa aktyorlik qobiliyati yo`q. Menda asosan improvizasiya. Ba`zida musiqachilarim hazillashib “asboblarniyam o`ziz chalaqoling” deb kulishadi. Muxlislarimga bera oladiganim faqat yangi taronalarim, san`atim. Mening muxlislarimga ham faqat shu kerak deb o`ylayman.”

Eslatib o`tamiz, xonanda Jahongir Otajonov 28-29 oktyabr kunlari “Istiqlol” san`at saroyida o`zining yangi “Kuz gullari” deb nomlangan jonli ijrodagi konsert dasturini taqdim etadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!



Гость 13:53, 06 oktabr
Рахмат шу Жахонгир Отажоновга, у киши нихоятда тарбияли ва камтарин хам, буни у киши катнашган туйларда куриб гувохи булганмиз.Бахзи узини узи юлдуз деб уйлайдиган санхаткорлардан фаркли Жахонгир атрофидаги мухлисларига ута маданиятли ва камтарона муомала киладики бу уни ута тарбияли инсон эканлигидан далолатдир. Юксак порвозлар ва мехнатига яраша унвонларга эга булишини Оллода сураб коламиз!!!