“Olovlar yurti”dagi haroratli lahzalar

13:46, 04 oktabr

Ozarboyjon. Sezganmisiz, bu yurtning nomi ham  allaqanday musiqiy jaranglaydi. Uning nomini eshitganingiz hamono o`ynoqi, diltortar, hazin va nafis navolar tafakkuringizda aks-sado beradi. Bugun Ozarboyjon dunyodagi jadal rivojlanib borayotgan, go`zal va betakror o`lkalardan biri.

                                      Tanish va notanish shahar

2011 yildan beri Ozarboyjon  rahbariyati tashabbusi bilan xalqaro gumanitar forum o`tkazib kelinmoqda. Ushbu forumda dunyoning turli mamlakatlaridan turli soha vakillari, davlat va jamoat arboblari, olim va mutaxassialar,  ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etiladi. Ayni paytda dunyo hamjamiyati diqqat-e`tiboridagi masalalar muhokama qilinadi, jahon miqyosda gumanitar sohalarda erishilayotgan yutuqlar tahlil etiladi.

Joriy yilning 29-30 sentyabr kunlari beshinchi bor o`tkazilgan mazkur forumda ishtirok etish sharafiga kamina ham muyassar bo`ldim. Ta`kidlash joiz bu yigi forumda dunyoning 80 dan ortiq mamlakatidan 320 nafardan ortiq mehmonlar tashrif buyurdi. Ulardan besh nafari O`zbekiston vakillari edi.

Haydar Aliev nomidagi xalqaro aeroportning VIP-zalidan chiqib, markaz tomonidan ilgarilab borarkanmiz, Bokuning fusunkor  manzarasi, o`ziga xos, hayratomuz me`moriy echimga ega inshootlar, osmono`par binolar, keng va ravon yo`llar e`tiborimizni tortadi.

Men Bokuga bundan roppa-rosa o`n yil ilgari bir xalqaro anjumanga kelgandim. Ochig`i, men Boku qiyofasida o`n yil avvalgi shaharni ko`ra olmadim. U  tamomila o`zgarib ketgan. Sho`ro davrida tiklangan past-baland, bir xil ko`rinishdagi imoratlar o`rnini zamonaviy me`morchilik namunalari egallagan, tirband va tor ko`chalar keng, enli, ravon yo`llar  bilan joy almashgan. Faqat sokin va o`ychan Hazar dengizi, ulug`vor va mag`rur Qiz qal`asi, ozar eliga xos samimiyat, mehmondo`stlik, insonparvarlik o`zgarmagan xolos...

                                     Dunyoni chorlagan forum

Haydar Aliev markazi shahardagi eng go`zal, muhtasham inshootlardan biri. Ozarboyjon xalqinnig umummilliy lideri, mamlakatning uchinchi prezidenti Haydar Aliev nomi berilgan ushbu madaniyat markazi uzoqdan dengiz sog`ilida yotgan oppoq chig`anoqni eslatadi. 2007 yilda qurilgan mazkur inshoot 2014 yilda dunyodagi eng go`zal bino  sifatida tan olingan va Design of the Year mukofotiga ldoyiq ko`rilgan.

Forumning birinchi kuni ana shu markazda o`tdi. Xalqaro gumanitar forumni Ozarboyn Prezidenti Ilhom Aliev kirish so`zi bilan ochib, barocha mehmonlarga tashrif uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Ayni paytda dunyoda ro`y berayotgan jarayonlar, xalqaro siyosiy vaziyat haqida batafsil to`xtalib o`tdi. Dunyoning bir qator mamlakatlarida notinchlik beqarorlik hukm surayotgan bir paytda, Ozarboyjonda tinchlik, barqarorlik, minllatlararo do`stlik va hamjihatlik, dinlararo ag`rikenglik hukm surayotganini ta`kidladi.

Shundan so`ng forumga xorijiy mamlakatlardan  va yirik xalqaro tashkiltlardan  tashrif buyurgan oliy martabalai mehmonlar, siyosatchilar, deputatlar so`zga chiqib, mazkur forumning ahamiyati, bugungi kunda o`z echimini topayotgan bir qator global muammolar xususida to`xtalib o`tdilar.

                            “Injiq” yozuvchining istisnosi

Bu yilgi forumda 17 nafar Nobel mukofoti sohibining ishtirok etishi uning naqadar yuksak saviyada o`tganini ko`rsatadi. Kimyo, fizika, tibbiyot, adabiyot, iqtisodiyot singari yo`nalishlarda mazkur yuksak mukofotga sazovor bo`lgan yozuvchi va olimlar o`z yo`nalishlarida so`nggi yillarda erishilayotgan yutuqlar haqida ma`ruza qilishdi. Ushbu ma`ruzalarda asosiy e`tibor faqat bir narsaga – insoniyatning mukammal, tinch, barqaror, hayot kechirishiga qaratildi.

Ular orasida Adabiyot bo`yicha Nobel mukofoti sovrindori, nigeriyalik adib  Vole Shoyinka ham bor. Ochig`i,  bu yozuvchining nomini eshitgan bo`lsam-da, biror asarini o`qimagan ekanman.  Darhol tadbikr o`tayotgan saroydagi vay-fay imkoniyatlarijdan unumli foydalanib, yozuvchining ismini “gugl”ga berdim. U haqidagi ma`lumotlarni izlashga tushdim.

Ma`lumotlarga ko`ra, unng to`liq ismi Akinvande Vole Babatunde Shoyinka  bo`lib, 1932 yilda Nigeriyaning Adeokute viloyatida tavallud topgan. Ingliz va yoruba tilidagi she`riy, nasriy va dramaturgik asarlari bilan dovrug` taratgan. 1986 yilda “yirik madaniy istiqbollarga ega teatr va she`riyat yaratgani uchun” Nobel mukofotini qo`lga kiritgan.

Lekin meni eng hayratga solgani adibning lirik to`plamlaridan biri Samarkand and other markets i have known (Samarqand va men bilgan boshqva bozorlar)  deb nomlanar va adibning ushbu jahonshumul mukofotni olishiga mazkur to`plami katta o`rin tutgan.

Xullas, tadbir so`ngida adib bilan suratga tushish maqsadida ortidan  yugurdim. Ammo har qancha urinmay, uni “tutish” qiyin kechdi. Menga o`xshab u bilan suratga tushmoqchi bo`lganlar ko`p edi. Biroq u “meni kechirasizlar, men odatda hech kimga intervyu ham, dastxat bermayman, suratga ham tushmayman” deb uzr so`radi va  bizdan uzoqlashdi.

Ertasi kuni kechki payt “Guliston” saroyida o`tgan rasmiy qabul paytidagina o`zbekistonlik hamrohlar Maqsudjon Asqarov, Shuhrat Salomov va men “injiq” yozuvchini “qo`lga tushirdik”. Unga O`zbekistondan kelganimizni aytib, Samarqand haqida kitob yozgani uchun minnatdorchilik bildirgan bo`ldik va biz bilan suratga tushishini so`radik.

-O Samarqand! Amir Temurning muazzam poytaxti! Men bu go`zal shaharni juda yaxshi ko`raman. Borish niyatim bor, - dedi janob Shoyinke tabassum bilan. - O`zi odatda men hech kim bilan suratga tushmasdim. Lekin sizlar bilan  istisno tariqasida  suratga tushaman.

Ha, birgina ana shu “istisno” ham qalbimizda o`zbekligimiz, O`zbekiston farzandi ekanligimiz uchun g`urur va iftixor hissini uyg`otdi.

                            Bugungi muammolar va ularning echimlari

Ertasi kuni forum  oltita sho``baga bo`lingan holda o`z ishini davom ettirdi. Taklif etilgan ishtirokchilar multikulturalizmning turli modellari, bugungi sharoitlda inson kapitalinini saqlash masalalari, jurnalistika sohasidagi shakl almashinuvi, ekologik sivilizasiya, biologiya, biofizika, biotexnologiya va tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash, zamonaviy texnologiyalar va XXI asrning global muammolari kabi mavzularda o`z fikrlarini bildirib o`tdilar.

Kun.uz saytining rahbari Maqsudjon Asqarov va kamina ikkimiz  aynan jurnalistika yo`nalishidagi anjumanda ishtirok etdik. Konferensi ishchan ruhda, jonli muloqot tarixida, zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalangan holda o`tkazildi.

Ta`kidlanganidek, bugungi kunda jurnalistika ham shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiyoti ommaviy axborot vositalarininig ham shaklanE, ham mazmunan o`zgarishiga sabab bo`lmoqda. Biroq, axborotga bo`lgan talab va ehtiyoj ilgarigidek o`z ahamiyatini yo`qotmay kelayotir.

Internet, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarning shiddat bilan insoniyat hayotiga kirib borishi axborot olish imkoniyatini sezilarli darajada oshirgani rost. Biroq, bu ayni paytda bir qator jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.  Axborot xurujlari har qachongidan ham jiddiy va xatarli ko`rinish kasb etmoqda. Axborot makonida turli siyosiy kuchlar, jumladan terrorizm, diniy aqidaparastlik, uyushgan jinoyatchilik singari illatlarning urchishi uchun qulay sharoitlar vujudga kelmoqda. Bugungi global makonda haqni nohaqdan, yolg`onni haqiqatdan ajratish katta ahamiyatga ega.

Dunyodagi eng yirik axboro agentliklari, radio va telekananllar, gazeta va jurnallar, internet nashrlarining taniqli vakillari ishtirok etgan ushbu anjumanda jurnalistikaning istiqbolarri, mazkur sharoitda ommaviy axborot vositalarining roli xususida o`z fikrlarini bildirib o`tdilar.

                   Bir-birimizga o`xshaymiz

O`zbekiston va Ozarboyjonni birlashtirib turadigan umumiy jihatlar ko`p. Tili, dini, qadriyatlari, an`analarida juda ko`p umumiylikni ko`rishimiz mumkin. Ozarbyjon bugungi kunda xuddi O`zbekiston singari mustaqil taarqqiyot yo`lidan odimlab borayotir.

Ozarboyjon xalqi o`zining marhum umummilliy lideri Haydar Aliev nomini naqadar hurmat, ehtirom ila tilga olsa, bugun o`zbek xalqi o`zining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini ana shunday e`zoz va minnatdorlik ila yod etmoqda.

Boku ko`chalari nimasi bilandir Toshkentning obod, keng, ravon ko`chalarini yodga soladi. Har ikki shaharda ham kechayu kunduz hayot qaynanydi. Hatto tun yarmida ham ko`chalarni beg`am, bexavotir sayr qilishingiz mumkin. O`zbekistonda ham, Ozarboyjonda ham, odamlarning yuzida xotirjamlik, hayotdan mamnunlik, ertangi kunga ishonch ifodasini ko`rasiz. Hatto bizni ko`pchilik mehmon ekanimizni ham payqamadi. Axir tashqi ko`rinishimiz ham uncha farq qilmaydi-da!

Juda ko`p ozarboyjonlik qardoshlarimiz bilan suhbatlashib, ikki xalq o`rtasidagi mushtaraklikning yangicha qirralarini kashf etgandek bo`ldik. Haqiqtana ham, xalqlarimiz bir-biriga har jihatdan o`xshaydi. Kelgusida ham bu ikki qardosh o`lka dunyoning eng mutaraqqiy, rivojlangan mamlakatlari qatoridan joy olishiga shubha yo`q.

Toshkent-Boku-Toshkent

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!