Kechki mehmondorchilik uchun reseptlar

16:16, 04 oktabr

«Fantaziya»

Tovuq go`shtidan qatlama somsa

Zarur masalliqlar (8 kishilik): 1 ta tayyor qatlama xamir, 200 gr. tovuq go`shti (suyaksiz), 1 bosh piyoz, 2 bo`lak sarimsoqpiyoz, bir bog` petrushka va shivit, tuxum, sedana, tuz, murch.

Tayyorlanishi: 1. Tovuqni go`shtqiymalagichdan o`tkazing. Sarimsoqpiyoz, piyoz va ko`katlarni maydalab to`g`rang-da, tovuq go`shtiga qo`shing. Tuz namagini sozlab, 15 daqiqa muzlatkichda qo`ying.

2. Qatlama xamirni o`rtacha qalinlikda yoyib, bo`laklarga ajrating. So`ngra har bir xamir bo`lagi ichiga 1-2 osh qoshiq qiymadan solib, chetlarini tuging.

3. Somsa yuzasiga atalangan tuxum surtib, sedana urug`idan seping. So`ng qizdirilgan gaz pechida 30-35 daqiqa davomida pishirasiz.

Tayyorlanish vaqti: 40 daqiqa.

 

Bodom+limon

Betakror miks!

Zarur masalliqlar (8 kishilik): 1 stakan un, 120 gr qand upasi, 100 grammdan bodom mag`zi va sariyog` (yoki margarin), 1 dona tuxum, 1 ta limon qobig`i qirindisi va sharbati, tuz; bezak uchun: 1 dona tuxum oqi, 100 gr. bodom mag`zi.

Tayyorlanishi: 1. Mikser yordamida sariyog`ni qand upasi bilan ko`pirtiring. Alohida idishda esa tuxumni atalab oling. So`ngra sariyog`li aralashmaga qo`shing. Un, maydalangan bodom va tuz solib, yumshoq xamir tayyorlang.

2. Xamirni uzunchoq shaklga keltirib, sellofanga o`rang-da, yarim soat muzlatkichda qo`ying.

3. Biroz qotgan xamirni xalqa shaklida kesib, gaz pechi patnisiga tering. Har birining ustiga ko`pirtirilgan tuxum oqini surtib, bodom mag`zidan sepib chiqing. Pechenelar qizdirilgan gaz pechida 15-20 daqiqa davomida tayyor bo`ladi. Pishganidan so`ng likopchaga terib, dasturxonga tortiq qilishingiz mumkin.

Tayyorlanish vaqti: 30 daqiqa.

 

Baliqli qopchalar

Antiqa gazak tayyorlaymiz!

Zarur masalliqlar (6 kishilik): xamiriga: 300 ml. suv, 2,5 stakan sut, 1,5 stakan un, 50 gr. sariyog`, 3 dona tuxum, 1 choy qoshiq shakar, yarim choy qoshiq tuz, 5-6 osh qoshiq o`simlik yog`i, bezak uchun ko`kpiyoz; ichiga solishga: 500 gr. baliq go`shti (suyaksiz), 300 ml. sut, 50 gr. sariyog`, 2 ta tuzlangan bodring, bir bosh piyoz, 1,5 osh qoshiq un, 1 ta dafna bargi, yarim bog` shivit, tuz.

Tayyorlanishi: 1. Dafna bargi va tuz solingan idishga baliq go`shtini joylab, ustidan 300 ml. suv quying-da, olovga qo`ying. Qaynab chiqqandan so`ng 10-15 daqiqa o`tgach, olovni o`chirib, baliqni qaylasidan ajratib oling.

2. Qizdirilgan sariyog`da unni qovuring. So`ngra sut qo`shing. Qaylaga baliq qaynatilgan sho`rvadan 200 ml. va tuz solib, 10-15 daqiqa qaynating.

3. Qaylani olovdan olgach, somoncha shaklida to`g`ralgan bodring, baliq go`shti va shivit ko`kati solib, aralashtiring.

4. Atalangan tuxum, sut, un, shakar, tuz va sariyog`ni aralashtirib, quymoq tayyorlang. So`ng sariyog` surtilgan tovada o`rtacha qalinlikda quymoq pishirib oling.

5. Quymoqning qizargan tarafini ichkariga qaratib, 1-2 osh qoshiqdan nachinka soling-da, suratda ko`rsatilganidek o`rang. Ko`kpiyoz yordamida qopcha og`zini mustahkamlash mumkin.

Tayyorlanish vaqti: 45 daqiqa.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!