19-bekat

17:46, 04 oktabr

Tahririyatga yuborilgan har bir maktubning gazeta sahifasida chop etilishini, muxlislarimizga quvonch va ishtiyoq berishini  chin dildan istaymiz. Yana bilamizki, mushtariy ham yuborgan nomasining natijasini intiqlik bilan kutadi. Shuning uchun iloji boricha, hech bir xatni e`tiborimizdan chetda qoldirmaslikka intilamiz. 

Bu galgi maktublar ichida Toshkent viloyati, Angren shahri Ko`k-terak mahallasi, Chotqol ko`chasi, 16-uyda istiqomat qiluvchi Zuhra Ahmedovaning ijod namunasi bizni xursand etdi va uning qalamiga mansub hikoyani e`tiboringizga havola etmoqdamiz...

Har kuni ezilib yog`ayotgan yomg`irdan ko`pchilik zerikkan bo`lsa-da, qog`ozbozlikdan, hujjat ishlaridan charchagan mening ko`zlarimga bu manzara o`zgacha ko`rindi. Xuddi endi ko`rib turgandek intiqlik bilan tikildim.

—   Nimalarni o`ylayapsiz? — xayollarimni tarqatib yuborgan Kamola kela solib quchog`imga kirdi. 

Kecha o`zim sovg`a qilgan atirning tarovati tabiatning farahbaxsh manzarasidan ko`z uzishimga majbur qildi. Unsiz uning joduli ko`zlariga tikildim.

—   Nu ladno, esli xochesh, ne skaji. Ya xochu tebya blogodorit. Kechagi sovg`ang va ajoyib kecha uchun! — dedi u ishva bilan.

Uning sariqqa bo`yalgan sochlari, shahlo ko`zlari, ingichka terilgan qoshlari, oppoqqina yuzi, chiroyli qomati va allaqanday hislarni uyg`otadigan o`ynoqi nigohi yana meni o`ziga tortdi. Mahkamroq bag`rimga bosishga uringanimda eshik qo`ng`irog`i jiringladi. Parvo qilmaslikka urindim. Ammo qo`ng`iroq ham bizga xalal berishga ahd qilgandek tinay demasdi. Oxiri Kamolaning quchog`imdan qo`yishga majbur bo`ldim.  

Eshikni ochishim bilan yuragim tovonimga tushdi. Qarshimda ko`zlari chaqnab Hilola turardi.

Shu payt ichkarigi uydan Kamolaning erkalangan ovozi eshitildi:

—   Kim ekan, Temur aka?

Men endi haykalga aylandim. Rangi oqargan, butun vujudiga qaltiroq kirgan, erga mixlangan haykal. Hilolaning esa tim qora qoshlari chimirildi, charos ko`zlari yoshga to`ldi. Oldek lablari titray boshladi. 

—   Qumri qatiqchi aytganida ishonmagandim, — men bir paytlar bo`sa olishni jon dildan istagan dudoqlaridan endi ko`zlaridan oqib tushayotgan yoshlar o`pich olardi. 

Men hamon haykalligimcha turardim. Kamola esa ortimdan kelib Hilolaga baqrayib qoldi. Hilola esa boshqa gapirmadi, indamay ortiga burildi...

Es-xushimni yig`ib ortidan yugurganimda u allaqachon ketib bo`lgandi. 

“Nima qilib qo`ydim? Bir paytlar uning uchun o`limga ham tayyor bo`lgan, ne mashaqqat bilan vasliga etgan, Hilolimga xiyonat qildim. Kelib-kelib uni to`yidan bir oy o`tar-o`tmas eridan ajrashgan, puldorlar quchog`idan chiqmaydigan, har kelgan yangi rahbarga noz-ishva qiladigan mana shu suyuqoyoqqa alishdimmi?..”

* * *

To`rt devordan iborat, qog`ozlarga to`la ishxonamdan bezib derazaga termuldim. 19-bekat yonida turgan qiz e`tiborimni tortdi. Ajablanganim, havo sovuq va qor aralash yomg`ir yog`ayotganiga qaramay, qiz xursand va lablarida nim tabassum qotib qolgandek edi. Eng qizig`i, qo`lida muzqaymoq. 

Bu manzarani ko`rib mening etim junjikib ketgandek bo`ldi. 

Lekin qizning egnidagi qizil rangli paltosi, qora rangli sharfi qalbimga allaqanday taft berdi. O`z-o`zidan undan ko`z uzmay kuzata boshladim. Ish, hujjat, majlis... hammasini unutdim. 

Shu kundan boshlab, men uni har kuni deraza orqali kuzatdim. U ham har kuni bejirim qizil paltosi, yarashiqli sharfini va qo`lidagi muzqaymog`ini ko`z-ko`z qilmoqchi bo`lgandek, bekatda paydo bo`lardi. Kuzata-kuzata unga bog`lanib qolayotganimni payqadim. Yuragimda tanishish istagi paydo bo`ldi. Afsuski, buni xuddi u payqab qolgandek, ko`rinmay qolsa deng. Naq ikki hafta bekatda ko`rmadim. Sabrsizlanganimdan uyga ketayotganimda mashinamda o`tirib, uni kutadigan ham bo`ldim. 

Nihoyat u ko`rindi. Endi qo`lida muzqaymoq ham yo`q, labida tabassum ham. Yoniga bordim:

—   Kechirasiz, ismingiz nima?

—   A? — o`girilib qaradi u. 

O, bu charos ko`zlar! Naqadar jozibali, sehrli va maftunkor! Unga mahliyo bo`lib tikilib qoldim. 

—   Tushunmadim...

—   Ismingiz... — dedim zo`rg`a kuch topib.

—   Nega ismim sizni qiziqtirib qoldi?

—   O`zim... — dedim dovdiraganimdan. 

U indamay ters o`girildi.

—   Sizni har kuni kuzataman. Har kuni shu bekatdan ketasiz. Ketishingizdan oldin muzqaymoq eysiz... — o`zimni yo`qotganimdan nima deyotganimni ham bilmasdim. — Orada ikki hafta ko`rinmay qoldingiz. Rosa kutdim.

—   Nima qilay shunga? Bundan keyin kuzatmang ham, kutmang ham...

Uning gaplaridan butkul o`zimni yo`qotdim. Axir shu paytgacha birorta qizga gap otsam, albatta ro`yxushlik berardi-da!

—   Haligi... — dadillanishga harakat qildim. — To`g`risini aytsam, siz bilan tanishishni istayapman!

—   Nahot sizni yoqtirmayotganim yuzimda aks etmayotgan bo`lsa?.. — ajablangandek qoshlarini uchirib dedi u. 

Jahlim chiqdi.

—   Voy-vu-u, namuncha osmondasan? Sal pastga tush! — dedim menam bepisand.

—   Osmonga qo`ling etmas ekan, nima qilasan, osilib? — uyam “sen”lab gapira boshladi. 

Shunaqa qonim qaytadiki... O`g`il bola bo`lsa, shunaqa xumorimdan chiqib kaltaklardimki...

Shart mashinamga o`tirib jo`navormoqchi ham bo`ldim.

Qayda, yurak qurg`urning ajralgisi kelarmidi...

“Endi ortga qaytish yo`q! Qo`pollikni mendan o`rgansin!”

O`sha kundan boshlab uni rostmana kuzatishga kirishdim. Surishtirdim ham. Jahon tillari universitetida fransuz filologiyasida tahsil olarkan. To`rtta tilni bilarkan. O`zi Farg`onadan. Toshkentda ijara uyda yashaydi. O`ta mag`rur va qaysar!

Men ham undan qolishmayman! Bir kuni hatto ijara uyigacha bordim. Buning g`azabini keltirish bilan birga biroz cho`chitdi ham. Axir qaysi qiz gap-so`z bo`lishni istaydi deysiz? Shartta men tomon kela boshladi. Menam mashinadan tushdim. Pushtirang lab bo`yog`i va shu rangdagi sharfi uni yanada jozibali ko`rsatardi. 

—   Ortimdan yurishni bas qiling! — dedi u qoni qaynab. — Jonimga tegib ketdingiz!

—   Hali ko`p joningga tegaman! — dedim menam qolishmay.

Beixtiyor uning qo`llari tarsaki tortishga chog`landi. Men uning nozik bilagini tutish bilan birga quchib ham oldim. 

—   Esingizni yig`ing! — u rostmana qo`rqib ketdi. — Qo`yvoring! Uch oydan keyin to`yim bo`ladi...

Uning oxirgi gapi bo`shashtirib yubordi. Qanday qo`yib yuborganimni sezmay ham qoldim. 

“Nahot u boshqaga tegadi? Men nima qilaman? Usiz yashay olmayman-ku!”

Birdan u aldayotgan bo`lishi mumkin-ku, degan gap xayolimga keldi. Bu vaqtda Hilola uyiga kirib ketib bo`lgandi. Ertasigayoq yana o`qishiga borib, eng yaqin dugonasidan surishtirdim.

Aldamabdi! Otasining mazasi yo`qligi uchun to`yini ko`rishni istabdi. O`sha ikki hafta ko`rinmay qolganida bo`lgan ekan bu gap. Tag`in yigit qo`shnisi ekan. Vaziyatdan foydalanibdi-da, nomard!

“Menam anoyi emasman! Bo`sh kelmayman!”

O`zimga o`zim shunday deya ishimdan javob olib, Farg`onaga yo`l oldim. Albatta uy manzilini dugonasi berdi.  Ko`chasida o`ynab yurgan bolalardan so`ragandim, darhol ko`rsatishdi.

Hatto bittasi “Opamni nima qilasiz? Opam Toshkentda”, ham dedi. 

Darvozani ko`rgach, ko`chada mixlanib qoldim. 

“Nima deyman, otasiga?”

Shu payt qarshimda uch nafar yoshi mendan kattaroq yigit paydo bo`ldi. Menga “tuyog`imni shiqillatishimni, bo`lmasa yomon bo`lishini”, aytishdi. Men ulardan biri bo`lajak kuyovligini, unga xabarni mana bu o`ynab yurgan bolakaylar etkazganini payqadim. 

—  Nima qilasan, ketmasam? — o`jarligim va g`ururim qo`zidi. — Urasanmi? Kaltakdan qo`rqsam, shu ergacha kelarmidim?

Yuzimga kelgan mushtdan o`zimni o`nglolmay qoldim. Ko`zimni ochganimda allaqanday ariq bo`yida yotar, burnimdan oqqan qon oppoq ko`ylaganimni bejagan, yana unga tuproq va xas-cho`plar ham yopishgandi. O`rnimdan turdim-u, g`azab bilan Hilolaning uyiga kirganimni o`zim ham sezmay qoldim. 

—   Keling mehmon! — qarshi oldi erkak kishi.

Aftidan Hilolaning otasi. 

—   Nima bo`ldi? Yiqildingizmi? Nima yordam kerak?

—   Yo`q, — dedim salom berganimdan so`ng. — Qizingizni deb keldim. Uni... 

Tilim aylanmay qoldi. “Uni sevaman”, demoqchi edim. Istihola qildim. 

—   Uni... haligi... uni... boshqaga bermang, iltimos...

Shu gaplarni aytib ortimga qaytdim. “Qizim fotiha qilingan”, degancha qoldi otasi.

To`g`risi, cho`kib qoldim. Fotihani uncha-muncha odam buzmaydi. Meni bilishmaydi ham. Kuyov esa qo`shni. Bilishadi, sinashtali...

Lekin Hilolani ko`rmasam turolmayman. Endi uni zimdan kuzata boshladim. Ko`zlariga boqishga, avvalgidek o`rlik bilan yoniga borishga jur`atim yo`q.

Kutilmaganda bir kuni u yonimga kela boshladi. Taqdirga tan berib mashinadan tushdim va undan oldin gap boshladim:

—   Tinch qo`y, demoqchimisiz? Tinch qo`yaman! Jahl qilmang...

—   Nega tinch qo`ying, derkanman? Qo`shni yigit “Hilolaning yigiti bor ekan, yurarkan, kerakmas menga!” deb fotihani qaytaryapti! Otamning yuragi xasta! Shungami, “Haligi yigit o`zi yugurib kelmay, ota-onasi bilan kelsa, ajalimdan  avval to`yingni ko`rarmidim”, dedilar... — ham kulgisini yashirishga urinayotganidan, ham uyatdan qizarib ketdi u.

Men esa quloqlarimga ishonmasdim...

* * *

Uyqudan cho`chib o`yg`ondim. Ko`zimni ochishim bilan Hilolani qidirdim. 

—   Hilol-a-a!

—   Ha-a-a! — tashqaridan ovozi keldi.

Dik etib turib derazadan qaradim. U darvoza tomondan qorni do`ppayib, ohista qadam tashlab kelardi. 

—   Qaerda eding? — dedim xavotir bilan.

—   Qatiq olgani chiqdim. Oyingiz olmali pirog pishirib bering, dedilar...

—   Xudoga shukr! — dedim derazani yoparkanman. — Tushim ekan. Ishga boray, Kamola ko`z suzsa, gapirib tashlayman!

KAMINA oqqa ko`chirdi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!