«Talaba ona moddiy yordam ololadimi?», «Vasiyat o`zgardi, endi ko`chada qolamizmi?» kabi savollarga javoblar

09:54, 05 oktabr

Murojaatlaringizga advokat Nafisa IBRAGIMOVA hamda Mirobod tumani Bandlikka ko`maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktor muovini Begzod OLIMOV javob beradilar. Eslatib o`tamiz, mutaxassislar izohi tavsiyaviy xarakterga ega.

 

«IShLAGAN AYoLGA BOLA PULI BERILMAS EKAN?!»

— Ikki yoshgacha beriladigan bola pulini olish uchun mahallaga murojaat qilsak, g`alati javob berishdi. Emishki, agar arizachi ayol rasman biror korxona yoki tashkilotda ishlasa, bola puli berilmasmish. Shu rostmi?

Zarifa Adrahimova, Andijon viloyati

— Tug`ruq ta`tilida bo`lgan paytingiz ham ikki yoshgacha bola pulini olishga haqlisiz. Buning uchun kerakli hujjatlar bilan mahalla fuqarolari yig`iniga murojaat eting.

 

«TALABA ONA MODDIY YoRDAM OLOLADIMI?»

Shartnoma asosida o`qiyman. Erim hech qaerda ishlamaydi. 2,5 oylik go`dagimning parvarishi uchun mahalladan ikki yoshgacha beriladigan moddiy yordam pulini olay desam, qaerga murojaat qilishni bilmayapman. Bu vaziyatda talaba ekanligim ham inobatga olinadimi?

Shahnoza Azimova, Toshkent shahri

— Ikki yoshgacha beriladigan bola pulini olish uchun doimiy ro`yxatda yashash manzili bo`yicha mahalla fuqarolari yig`iniga murojaat qiling. Ariza bilan birga oiladagi mehnatga layoqatli har bir  kishining oxirgi uch oylik daromadi va kerakli hujjatlarni taqdim etasiz.  Murojaatingiz ijtimoiy qo`llab-quvvatlash komissiyasi tomonidan ko`rib chiqilib, oilaning moddiy va mulkiy holati o`rganiladi. Shunga ko`ra ikki yoshgacha bola pulining berilishi hal etiladi.

 

«ALIMENTNI KAMAYTIRMOQChIMAN»

Birinchi oilamdan bir nafar farzandim bor. Unga aliment to`layman. Ikkinchi oilamdan ham uch bolam bor. Rostini aytganda, moddiy tarafdan salgina muammo bo`lib turibdi. Shunga aliment miqdorini 25 foizga kamaytirsa bo`larmikan, bilmoqchi edim. Bu masalada qaerga murojaat qilinadi?

Qurbon Choriev, Surxondaryo viloyati

— Mazkur holatda javobgar istiqomat qilib kelayotgan hududdagi tumanlararo fuqarolik sudiga aliment miqdorini kamaytirish da`vo talabi bilan murojaat etishingiz mumkin. Siz tomoningizdan taqdim etilgan talablar hamda voyaga etmagan farzandning manfaatlariga ziyon qilmagan holda sud da`voni hal etadi.

 

«MEHNAT DAFTARChASI MUHIMMI?»

— Mahalladan ikki yoshgacha beriladigan bola pulini olish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi? Ariza berayotganda rafiqamning mehnat daftarchasi so`raladimi yoki meniki? Shularga aniqlik kiritsangiz.

Bahodir Eshniyozov, Samarqand viloyati

— Masalaga aniqlik kiritish uchun mahalla fuqarolari yig`iniga murojaat etganingiz ma`qul. Oilaviy holatingizga ko`ra zarur hujjatlar ro`yxati tanishtiriladi. Mehnat daftarchasiga kelsak, ikki yoshgacha bola pulini olish uchun ariza berilayotganda er-xotin ikkisining ham mazkur hujjat nusxasi talab qilinadi.

 

«VASIYaT O`ZGARDI, ENDI KO`ChADA QOLAMIZMI?»

Otam 2003 yil uyni bizga vasiyat qilgan. 2006 yili esa qaytadan vasiyat tuzilib, uy amakimga qoladigan bo`ldi. Ayting-chi, bu vaziyatda qay bir vasiyatnoma haqiqiy hisoblanadi? Agar birinchisi bekor qilingan bo`lsa, uysiz qolamizmi?

Botir Rahmatov, Sirdaryo viloyati

— Vasiyatnoma mulkdorni o`z mulkiga nisbatan oxirgi xohish-irodasi hisoblanadi. Mulkdor tomonidan qoldirilgan vasiyatnomalar bir nechta bo`lganida sana bo`yicha oxirgisi haqiqiy sanalib, bunga qadar rasmiylashtirilganlari esa o`z kuchini yo`qotadi. Agar siz meros qoldiruvchining uyida ro`yxatda bo`lib, doimiy yashab kelayotgan bo`lsangiz, uyning mulkdori o`zgarishiga qaramasdan ushbu uydan foydalanish huquqini saqlab qolasiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!