“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining ahamiyati” mavzusida davra suhbati o`tkazildi

10:28, 05 oktabr

4 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining ahamiyati” mavzusida davra suhbati o`tkazildi.

Davra suhbatida Markaziy saylov komissiyasi a`zolari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchilari, huquqshunos olimlar, saylov huquqi bo`yicha ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov mamlakatimizda mustaqillik yillarida siyosiy, davlat va huquqiy tizim bosqichma-bosqich modernizasiya qilinishi samarasida yuksak demokratik talablarga mos milliy saylov tizimi yaratilganini ta`kidladi. Fuqarolarning shu asnoda davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi to`liq ta`minlanmoqda. Bunda Konstitusiyamiz va qonunlarda umume`tirof etilgan norma va prinsiplar asosida shakllantirilgan saylovlarni o`tkazishning demokratik prinsiplari mustahkamlab qo`yilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu yilning 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga jamiyatni isloh qilish va demokratlashtirish yanada chuqurlashgan, ijtimoiy faollik o`sgan, fuqarolarning mas`uliyati hamda ijtimoiy-siyosiy, sosial-iqtisodiy islohotlarga, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlariga talabchanligi oshgan bir sharoitda tayyorgarlik ko`rilmoqda. Bunda Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturiga qat`iy ravishda rioya qilinmoqda.

Tadbirda mamlakatimizda saylov umumiy, teng va to`g`ridan-to`g`ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo`li bilan ixtiyoriylik asosida ochiq va oshkora o`tkazilishi alohida qayd etildi. Xususan, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunga 2015 yilda kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalarga binoan, saylovoldi tashviqoti nafaqat saylov kuni, balki ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin ham olib borilmaydi.

Ta`kidlanganidek, saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini ta`minlashda ommaviy axborot vositalari muhim o`rin tutadi. O`zbekiston ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlik jarayonida faol ishtirok etmoqda. Bugunga qadar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 500dan ortiq xorijiy va milliy ommaviy axborot vositalarining vakillari akkreditasiyadan o`tganligi fikrimizning yorqin dalilidir.

Saylov komissiyalarining barcha tadbirlari jurnalistlar ishtirokida o`tkazilmoqda. Mavzuga oid teleko`rsatuv va radioeshittirishlar muntazam efirga uzatilmoqda, saylovchilarga saylov jarayoni bosqichlarini tushuntiradigan roliklar namoyish etilmoqda. Saylov kampaniyasi bosma va internet-nashrlarda ham keng yoritilmoqda.

Davra suhbatida so`zga chiqqanlar bo`lajak Prezident saylovining ahamiyati, saylov kampaniyasini ochiq va oshkora olib borishning asosiy mezonlari, saylov qonunchiligiga kiritilgan so`nggi o`zgartish va qo`shimchalar mazmun-mohiyati haqida batafsil so`zlab berishdi.

O`zaro muloqot va fikr almashish shaklida o`tkazilgan tadbirda ishtirokchilar o`zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!