«Quda-andali ayol ham turmushga chiqadimi?»

11:35, 05 oktabr

Opamning umr yo`ldoshi besh yil oldin olamdan o`tdi. To`rt qizini uzatgan, hammasi o`zidan tinchigan, shukr. Yolg`iz o`g`li noboproq chiqdi. Buning ustiga, kelin ham qaynonalik qiladiganlar xilidan ekan. Opam bilan oxirgi suhbatimizdan so`ng nima qilishni bilmay qoldim. Aytishicha, bir inson bilan tanishib qolibdi. Bir-birlarini yaxshi tushunishar ekan. O`sha inson opamga uylanish istagini bildiribdi. Batafsilroq surushtirganimda, uning oilali ekanligi, ikki qizi borligi, biroq xotini uylanishiga qarshi emasligi ma`lum bo`ldi. Bir tomondan ellikdan oshgan quda-andali ayolga shu ish yarashmasligi, farzandlari buni salbiy qabul qilishlarini tushunib turibman, ammo opamning ham yonida suyanchig`i bo`lishini istayman. Qizlar har doim ham holidan xabar ololmaydi, o`g`il bilan kelinning ahvoli bu.

Mahliyo, 44 yosh, Sirdaryo viloyati.

Qaynonajon: — Singlim, taqdir inson boshiga ne kunlarni solmaydi, deysiz. Opangizning farzandlari borligining o`zi katta baxt. Biroq ularning ham o`z orzu-umidlari, istaklari bo`lishini inobatga olaylik. Shu o`rinda bu ayolning qayta oila qurishga haqqi bor. Uni siz ham, bolalari ham to`g`ri tushunishlaringiz kerak. Siz opangiz bilan yana bir bor bafurja gaplashing. Bu qarorga o`g`il va kelinning qosh-qovog`idan charchab, rozi bo`lmayaptimi? Agar maqsad shu uyning g`alvalaridan qochish bo`lsa, shoshmagani ma`qul. Keyin oila qurish taklifini bildirayotgan erkakning rafiqasi bilan uchrashing. Uning ham haqiqatlari bordir, eshiting. Toki ikkala tomondan biri vaziyat qurboni bo`lmasin. Yana bir gap, har qanday holatda ham opangizga yo`ldosh, sirdosh bo`lib qolavering, yolg`izlik yomon. Jiyanlaringizga bu masalani to`g`ri tushuntirib, volidasini xafa qilmasliklarini tayinlang.

Shahnoza XALILOVA, ruhshunos: —  Ayol kishining o`z erini birovning qo`liga osonlikcha berib qo`yishini tasavvur qilish qiyin. Balki opangiz uchrashib yurgan erkakning fe`li shunchalar og`irmikanki, xotini uni qayta uylanishiga rozilik bergan bo`lsa? Bu haqda o`ylab ko`rishni maslahat beraman. Ikkinchi tomondan, o`zi tarbiya qilgan o`g`li va kelini bilan til topisholmayotgan ayolning yangi oila a`zolari bilan tinch-totuv yashab ketishi to`g`risida ham jiddiy mulohaza qilish kerak. Nima bo`lagnida ham opangiz yosh emas, yillar davomida xarakteri va dunyoqarashi  shakllangan inson. Demak o`zini qayta qurishi, moslashishi qiyin kechadi. Opangiz o`zi tanlagan erkakka turmushga chiqishga qaror qilgan taqdirda ham, avvalo o`g`li va kelini bilan munosabatlarini oydinlashtirib olishi kerak. Oilada vujudga kelgan muammoning sabablarini tahlil qilib, ularni bosqichma-bosqich hal qilish orqali ona-bola o`rtasidagi rishtalarni tiklash mumkin. Bu oilaning barcha a`zolarining kelajakda baxtli yashashlariga zamin yaratadi. 

Saodat Ochilova yozib oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!