Opa-uka ijodkorlarning xitoycha qo`shig`i, kinodagi rollari va maktabdagi sho`xliklari

13:06, 05 oktabr

Marhum aktyor Nasriddin Rustamov hamda aktrisa Gulnora Rustamovalarning farzandlari bir kun kelib, ota-onasining izidan borishini kim ham o`ylabdi, deysiz. Axir ular o`g`il-qizlarining ijod yo`lini tanlashlariga qarshi edilar. Taqdirga bitilgani bo`ladi deganlaridek, bugun loyihamiz mehmonlari el nazaridagi insonlar. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, suxandon Dildora RUSTAMOVA hamda ukasi «ShOD» guruhi yakkaxoni Otabek RUSTAMOV. 

–  Adashmasam, bu opa-ukaning birgalikdagi ilk intervyusi, shundaymi?

Otabek: – Televidenieda otam haqida ko`rsatuv tayyorlanganida opam bilan qatnashganmiz. Onam intervyularni unchalik hushmalaydi. Shunga ham ikkimiz borgandik. 

–  Oilada necha farzandsizlar? 

Dildora: – Mendan keyin ukam Otabek va singlim Dilorom bor. Uch farzandmiz. 

–  Siz va Otabek haqida bilamiz. Singlingiz-chi uning san`atga aloqasi yo`q chog`i?

Otabek: – Ota-onam Dildora opamga doim «Katta bo`lsang, shifokor bo`lasan»,  deya aytishardi. Opam tibbiyot institutiga hujjat topshirgan-u, bir-ikki ball etmay kirolmagan. O`shanda uyga kelib yig`laganmidingiz?

Dildora: – Yo`q, qaytanga xursand bo`lganman kirolmaganimdan. Ota-onamning orzusini singlim ro`yobga chiqardi. Bolalar nevrologi. Bu yil ordinatura bosqichini tugatdi. 

–  San`at sohasini tanlashingiz bejiz emas, nazarimda. Axir ijodkorlarning farzandisiz?

Dildora: – Bolaligimiz musiqali drama teatrida o`tgan. Har safar yangi spektakl oldidan aktyorlar ovozlarini sozlab, mashq qilishar, sahnada rolga tayyorlanishardi-da, orada 2-3 soat vaqt qolsa, biznikiga kelishardi. San`at havosida ulg`aydik desam, mubolag`a bo`lmaydi. Ammo ota-onamiz san`atkor bo`lishimizga qattiq qarshilik ko`rsatishgan. Bu yo`ldan qaytarish uchun do`q-po`pisalarni ham eshitganmiz. 

Otabek: – Ba`zi ota-onalar kabi qiziqishimizni rag`batlantirib, biror musiqa to`garagiga olib borishgan emas. Qaytanga biz haqimizda so`rashsa, «Qizim shifokor, o`g`lim jarroh bo`ladi», deyishardi. San`at juda mashaqqatli kasb. Iqtidor bilan birgalikda omad ham kerak bo`ladi. Ehtimol, shu ma`noda bizni ayashgandir. Sahna ortida yurib, ariyalarni tinglab, o`z-o`zidan ijodga mehrimiz tushdi. Kimdir o`zidagi iqtidorni kashf qilish uchun dars oladi, kurslarga qatnaydi. Bizda bularning bari tabiiy jarayonda sodir bo`lgan. 

Dildora: — Otabek maktab tadbirlarida juda faol edi. 

Otabek: — Uyga berilgan vazifani tayyorlamagan bo`lsam, «Domlajon, bitta ashula aytib beray», derdim-da, bahomni qo`ydirib olardim. To`qqizinchi sinfni tamomlayotganimda esa imtihon topshirmaganman. Shunda opam otam bilan birga bitiruvchilar albomidan suratimni olishgan-u, hujjatlarimni estrada va sirk kollejiga olib borishgan. Esimda, o`sha kuni onam meni uzoqdan ko`rgan-u «Nega imtihon topshirmaganingni aytmading bizga, ana endi musiqa kollejida o`qiysin, o`zingdan ko`r», degan. Bu gapdan yig`lab yuborganman. Men uchun san`at tamoman boshqacha olam edi. Kollejga olib borishganida ichkariga kirganimiz hamon saksofon, fortepyano sadolarini eshitib, xayollarim, tushlarim ro`yobini ko`rgandek bo`lganman. 

–  Ota-onangiz qarshi edi-ku? Oxiri yon bosishibdi-da?

Dildora: – Ukamdagi iqtidor, shunchaki, havas emasligini ko`rib, rozi bo`lishgan. O`smirlikdagi ovoz o`zgarishlaridan o`tib olgach, vokal bilan shug`ullana boshladi. Otabek juda sho`x bola bo`lgan. Shu sabab ham san`atga jiddiy yondashayotganiga ulg`ayganidan so`ng ishonch hosil qilishgandir. Bilasizmi, maktabda ukamning o`qituvchilarini ko`rsam, yashirinishga joy qidirib qolardim. Chunki hamisha uni deb gap eshitardim-da.  

Otabek: – Siz maktabimiz faxri, a`lochi o`quvchisi edingiz. Men esa to`polonga do`ppi kiydiradigan bola bo`lganman. Baholarim ham “o`g`il bolacha” edi. Meni deb sizni direktor xonasiga chaqirtirishlari yodingizdami? Bugun shularni eslab, o`qituvchilarimiz to`g`ri qilishgan ekan, tartibga chaqirib, deyman. 

Dildora: – Toshkentdagi 59-sonli xitoy tiliga ixtisoslashgan maktabda o`qiganmiz. Bir safar Xitoy davlat rahbarining rafiqasi tashrif buyurgan. Mehmonni qarshi olishga hozirlik ko`rilib, Otabekka xitoy tilida qo`shiq kuylash topshirilgan. O`shanda ukam birinchi marta sahnaga chiqib, xitoycha ashula aytgandi. 

Otabek: – Qo`shiq so`zlarini birga yodlaganmiz, shekilli, adashmasam.

Dildora: – Ha, shunday bo`lgandi. Men xitoy tilini yaxshi bilardim. Buning ham zehni o`tkir edi-yu, ammo sho`xligi sabab dars tayyorlamasdi. 

Otabek: – Ko`chaga chiqib ketayotgan bo`lsam, oyijonim to`xtatib, «Darsingni tayyorladingmi?» deb so`rardi. «Ha» derdim-da, xitoychasiga sharillatib o`qib berardim. Endi ostona xaytlayman desam, Dildora opam kelardi-da, «Qaerga ketayapsan, darsingni tayyorladingmi», derdi. Onajonim «Zo`r o`qidi, qizim» desa, opam «Qani, bitta o`qib ber-chi» derdi-yu, men qo`lga tushardim.

–  Qiziq-ku, xitoy tilidagi qo`shiqni qanday yod olgansiz  unda?

Otabek: – Opamga qo`shilib, yodlaganman. Keyin o`sha tadbirda birga ijro qilganmiz. 

Dildora: – 7-sinfga o`tganimda a`lochi o`quvchilarni jam qilib, maxsus sinf tashkil qilishdi. Maktabimizda shunday imkoniyat bor edi, 11-sinfni tamomlagandan so`ng imtihon topshirilardi. Yuqori ball to`plaganlar to`g`ridan-to`g`ri Sharqshunoslik institutiga qabul qilingan. O`qituvchilarim «Dildora qatnashgin», deb ko`p aytishgan. Men bo`lsam, «Shifokor bo`laman, baribir, tarjimon bo`lmayman», derdim nuqul. Keyinchalik bundan afsuslanganman. Bir tomondan agar til ixtisosligini tanlaganimda, ijoddan uzoqlashishim ham mumkin edi. Keyingi yil otam rahmatli san`at institutidagi teatrshunoslik va san`at jurnalistikasi fakultetiga hujjat topshirish uchun olib borgan. 

–  Otabek, gap-so`zlaringizni tinglab, opangizdan juda hayiqar ekansiz deb o`yladim?

Otabek: – Opam men uchun do`stim, sirdoshim, maslahatgo`yim. Kezi kelganida tanbeh beradi, yo`l-yo`rik ko`rsatadi. Yigit kishining opasi va singlisi bo`lgani yaxshi ekan. 

Dildora: – Shu yil boshingni ikki qilsak, baxting yana ham butun bo`ladi, ukajon! 

Otabek: – Ammo opamning gaplariga kirmay chakki qilganimni ulg`ayib, bildim. Til o`rganmaganimdan, berilgan imkoniyatdan foydalanmaganimdan pushaymon eganman. Baribir, har narsa o`z vaqti-soatida berilarkan. Foydalanib qolsangiz, yutdingiz, yo`qsa, afsus chekib qolaverasiz. 

–  Otabekning ilk qo`shiqlari yodingizdami, Dildora opa?

Dildora: – Albatta, turli ashulalar jamlanmasidan iborat popuri edi. Taronaga  klip ham suratga olishgan.  

Otabek: – Birinchi tinglovchilarim onam, opam va singlim. Yangi tarona bo`ladimi, klipmi, albatta, ularning imtihonidan o`tkaziladi. Dildora opamning ro`zg`ori boshqa bo`lgani uchun uyga kelganida eshittiraman. Avvaldan onajonim hamisha yonimni olib, maqtardi. Otam bo`lsa, doim biror kamchiligimni topardi. Keyin-keyin «Agar o`sha kezlar senga yon bosganimda o`z ustingda ishlamasding, yaqinlarimga manzur kelayapti-ku derding», degan. Tanqid qilganida «Nega u kishiga ma`qul kelmadi, qaerini o`zgartirish kerak», deb qattiq o`ylanardim. 

Dildora: – Ota-onamiz musiqali drama aktyorlari bo`lishgani bois qo`shiqning qaysi qismi qanday ijro qilinishini yaxshi bilishgan. Avjiga qanday e`tibor berish kerak, hech bir holat e`tibordan chetda qolmasdi. Ayrim estrada qo`shiqlarini tinglasangiz, avjini ko`rmaysiz. Otajonim «Nega avjing yo`q», deb koyirdi. Har narsaga inson o`z mehnati bilan erishishi kerak, derdi padarimiz. Ishonasizmi, men ham, ukam ham sira ota-onamizning mashhurligidan foydalanmaganmiz. Ba`zilar, hatto, kimning farzandi ekanligimizni ham bilishmagan.  

Otabek: – «ShOD» guruhidagi faoliyatimda otam va ustozim O`zbekiston xal artisti Farruh Zokirovning hissasi katta. 

–  Fursatdan foydalanib, jamoangizdagi o`zgarishlar haqida so`rasam. Guruh a`zosidan biri Shuhrat yakkaxon ijod qilayapti. «ShOD»ning endigi taqdiri nima bo`ladi?

Otabek: – Chunki «ShOD» deganda avvaldan uch yigit tasavvur qilingan. Doniyor ikkimiz bir butun «ShOD» bo`lolmaymiz. Maqsadimiz guruh nomini shundayligicha saqlab qolish. Ehtimol kelgusida Doniyor ham, men ham yakkaxon ijodni boshlarmiz. 

–  Demak, guruh tarkibi yangilanmaydi?

Otabek: – Agar guruh  nomi ismlarimizning bosh harfidan olinmaganida, balki jamoani yangilash fikrini o`ylab ko`rardik. Lekin hozir bunday qilolmaymiz. 

–  Dildora opa, bordi-yu ukangiz san`atga qiziqmaganida u qaysi sohaning etuk mutaxassisi bo`lolardi?

Dildora: – Jarroh bo`lishi mumkin edi. 

Otabek: – Xarbiy bo`lishim ham mumkin edi. Lekin san`atga muhabbatim ustunlik qildi baridan. 

–  Aktyorlik mahoratingizga ham guvoh bo`lgandik, Zebo Navro`zova rejissyorligida suratga olingan filmlarning birida?

Otabek: – Zebo opaning taklifi bilan filmda ishtirok etganman. Aktyorlikka da`voim yo`g`-u, biroq bu sohaga ham qiziqaman. Hozir ham takliflar bo`layapti, lekin rol uchun sinov topshirishni yoqtirmayman. Agar rolni menga ishonib topshirishsa, astoydil ijro qilolaman. Opamga ham ko`p takliflar bo`ladi kinodan, «Qo`ying, nima keragi bor» deb  qaytaraman. 

–  Sabab? 

Otabek: – Bir-ikki oylik filmlarda o`ynab nima qiladi? Tarixiy asarlardan taklif tushsa, bajonidil. Lekin xususiy kinoni opamga ravo ko`rmayman. 

–  Dildora opa, «Mehrobdan chayon» videofilmidagi Ra`no yagona rolingizligicha qoldi. Nega bu sohadan yiroqlashdingiz?

Dildora: – Bu asardan so`ng «Alpomish» filmiga sinov topshirganman. Bosh rolga tasdiqlanganimdan bir hafta o`tib, rejissyor yordamchisi qo`ng`iroq qilib, rolni boshqa qiz ijro qilishini aytdi. «Sinovda qatnashmagan qiz qanday qilib bosh rolga tasdiqlanadi», deb ranjiganman. Alpomishning singlisi Qaldirg`och obrazini taklif qilishganida rad etdim. Sal avval Koreyada o`qish uchun hujjat topshirgandim. Buni qarangki, ayni o`sha payt murojaatimning javobi keldi-yu o`qishga ketdim. Keyin bilsam, rolga olingan aktrisa bilan kelishmovchilik chiqib, uning o`rniga kanizaklarni ijro qilayotgan qizlardan biri tanlab olingan. Shu-shu filmlardan uzoqlashib ketdim. Aslida, aktrisalikka ishtiyoqmand emasdim. Alpomishga ham tarixiy asar bo`lgani uchun rozi bo`lgandim. Oradan vaqt o`tib, Ayub Shahobiddinov «Kechikkan hayot» kartinasiga taklif qildi. Ssenariy muallifi Yolqin To`ychiev «Bosh qahramonni aynan sizning timsolingizda ko`rayapman», deganidan so`ng sinov topshirdim. Professional jamoa, yaxshi ssenariy, rol ham ma`qul kelgandi. Ammo oilamdan ruxsat tegmagani uchun ishtirok etolmadim. 

–  Suxandonlikdan tashqari mualliflik ko`rsatuvi yoki tok-shou haqida nima deysiz?

Dildora: – Mualliflik ko`rsatuvlarim bo`lgan. Biroq hozirda suxandonlik faoliyatimning ko`lami kengroq bo`lgani uchun vaqtim tig`izroq. Qolaversa, dublyaj, tadbirlar bor. Yaxshi ko`rsatuv qilaman desangiz, bor diqqat-e`tiboringizni shunga qaratishingiz kerak. 

–  Otabek, opangiz farzand tarbiyasida qanday ona? 

Otabek: – Kezi kelganida, mehribon, kuyinchak, talabchanligi ham bor. 

Dildora: – O`zim uchun javob bersam, qattiqqo`l onaman. Ish bilan bo`lib, ba`zan qizlarimga vaqt ajratolmay qolaman. Shunga ham gohida erkalatib yuboraman. 

Otabek: – Jiyanlarim juda aqlli. Kattasi dono, kichigi tog`asiga o`xshagan sho`xroq.

Dildora: – To`ng`ichim Shahrizoda bu yil 14 yoshga to`ladi, Mohimbonu 9 ga  kiradi. Bolalar tez ulg`ayib qolisharkan. 

–  Bir-biringizga munosabatingizni kuzatib nihoyatda mehr-oqibatli ekanligigizga guvoh bo`layapman.

Dildora: – Bu ota-onamizning tarbiyasi. Onam bilan otajonim kursdosh bo`lishgan. Talabalik yillaridayoq onam qo`shiq kuylab televideniedagi ko`rsatuvlarda qatnashgan. O`sha paytdayoq onam nazarga tushgan san`atkor edi. Keyinchalik Muqimiy nomidagi musiqali drama teatriga  ota-onam birga ishga kelishgan. Onam biz bilan shug`ullanish uchun san`atdan voz kechgan. Aqlimizni tanib, o`zimizni-o`zimiz eplay oladigan bo`lganimizdan so`ng aktrisalik faoliyatini davom ettirdi. Lekin aynan tarbiyaning poydevori qo`yilayotgan payt yonimizda bo`ldi. 

Otabek: – Hozir qo`ng`iroq qilib, «Onajon, qaerdasiz» desam, «s`yomkadaman», deb qoladi. O`zi niyat qilganidek, pensiya yoshiga etgach, teatrdan nafaqaga chiqdi. 

Dildora: – 15 may kuni onajonim 60 yoshga to`ldi! Ilohim baxtimizga sog`-salomat bo`lsin! Hamisha barchamizga bosh bo`lib yursin!

Otabek: – Volidamiz eng katta boyligimiz, baxtimiz, suyanchig`imiz! 

Blis; (Otabek)  

–  Otabekning xarakteriga uch so`z bilan ta`rif bering?

–  Haddan ziyod mehribon, ko`ngli ochiq va injiq.

–  Rejalashtirgan ishi amalga oshmay qolsa...

–  Achchiqlanadi. Keyin shunday bo`lishi kerak ekan, deydi. 

–  Qanday muomalani qabul qilolmaydi?

–  E`tiborsizlikni ko`tarolmaydi. 

–  Oshpazlikni eploladimi? 

–  Qo`li shirin! Juda mazali taom tayyorlaydi.

–  Kunning qaysi qismida ijod qilishni yoqtiradi?

–  Tunda!

–  Opangizga havas qilasiz, chunki u ...

–   Ideal ayol! Yaxshi farzand, ishonchli do`st, oqila rafiqa, kuyinchak ona!

–  Ijoddan tashqari xobbisi?

–  Vaqti bo`lsa, turli xil pishiriq, taom va eguliklar pishiradi. Ko`p kitob o`qiydi. 

–   Nimadan juda qo`rqadi?

–  Yaqin insonini yo`qotishdan. 

–  Parashyutdan sakrash, tog`ning eng yuqori cho`qqisiga ko`tarilish yoki suv ostiga sho`ng`ish. U qay birini tanlagan  bo`lardi? 

–  Tog` cho`qqisiga chiqishni tanlaydi. Lekin yonida ishonchli odam, deylik men bo`lsam, ko`zini yumib bo`lsa ham, parashyutdan sakraydi. 

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!