Bola tilidagi yoriqlar: xavotirga asos bormi?

14:04, 05 oktabr

Uch yoshli farzandimning tili o`yilib qolyapti. Shifokorga murojaat qilsam «Bolangizda geografik til yoriqlari kasalligi, buning xavotirli eri yo`q, o`tib ketadi» degan javobni oldim. Aytingchi, chindan ham bu qo`rqinchli emasmi?

Anora 26 yosh, Qashqadaryo viloyati.

Savolga professor Oltinoy KOMILOVA oydinlik kiritadi.

«GEOGRAFIK TIL» NIMA O`ZI?

Geografik til yoriqlari tilning shilliq qavati yallig`lanishi bilan kechadigan holat bo`lib, ilmiy tilda deskovmatik glossit deb yuritiladi. Tildagi yoriqlar jug`rofiya xaritasi ko`rinishiga o`xshash bo`lgani uchun ham uni shunday nomlashgan. Deskovmatik glossit asosan til va tilning yon devorlarida yuzaga keladi va dunyo aholisining 3 foizidagina uchraydi.

KELIB ChIQISh SABABLARI

Zamonaviy tibbiyot qanchalik rivojlangan bo`lmasin, shu kungacha deskovmatik glossitning sabablari to`liq  aniqlanmagan. Shifokorlarning kuzatuvlariga ko`ra, u bir qancha omillar tufayli rivojlanishi mumkin. Asosan til tolalari oziqlanishining buzilishi, oshqozon-ichak tizimi (buyrak, buyrakosti bezi, jigar, taloq a`zolari) faoliyatining o`zgarishi bilan kechuvchi xastaliklarga aloqador ekanligi ma`lum. Bolalarda esa asosan tish chiqishi deskvamativ glossit bilan kechadi. Shuningdek, hayz oldi jarayonlarini boshdan kechirayotgan o`smir qizlarda ham organizmning gormonal o`zgarishlarga javob reaksiyasi sifatida nomoyon bo`lishi mumkin. Ba`zi hollarda geografik til yorilishiga avitaminoz, kamqonlik, endokrin tizim faoliyatining buzilishi, infeksion xastaliklar ham sabab bo`lishi mumkin. Bundan tashqari xastalikning irsiy moyillik sabab yuzaga kelish ehtimoli ham yo`q emas.

BELGI BERADIMI?

Odatda bolajonlar tilidagi dog`lar va yoriqlardan shikoyat qilishmaydi. Kamdan-kam hollardagina og`iz bo`shlig`ida noxushlik, qichishish, sanchiqlar, achishish, til sezuvchanligining o`zgarishi kuzatilishi mumkin. Agar bola egulik tanovul qilish vaqti og`riq yoki achishishdan shikoyat qilsa, shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi. Chunki aynan shu belgilar kandidoz, stomatit, psoriaz alomatlari bo`lishi ham mumkin.

DAVOLASh ShART (MI?)

Geografik til yorilishi biror ichki xastalikning alomati, yoki til tuzilishining o`ziga xosligi tufayli yuzaga kelgani bois alohida davo choralarini qo`llash shart emas. Uni keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlab, davo choralari ko`rilsa, tildagi dog`lar va yoriqlar o`z-o`zidan yo`qoladi. Faqat yallig`lanish xavfi ortgandagina shifokor individual davo chorasini tayinlashi mumkin. Insonning nasliy o`ziga xosligi bo`lganda esa xastalikni davolashda samaraga erishish qiyin. Shuningdek, ota-onalardan bolaning og`iz bo`shlig`i gigienasiga ham etarlicha e`tibor qaratishlari talab etiladi.

EGULIKDA ChEKLOV BORMI?

Xastalik alomatlari nomoyon bo`lganda til yallig`lanishi va yorilishi zo`rayib ketmasligi uchun go`dak taomnomasidan qattiq non, achchiq, sho`r, juda issiq va juda sovuq eguliklarni cheklab turgan ma`qul.

UY ShAROITIDA KO`RILADIGAN ChORALAR

Agar og`iz bo`shlig`i suvsizlanib, quriy boshlasa ovqatdan keyin va uyqudan avval moychechak, marmarak yoki qizilpoycha (zveroboy) o`simliklarining biridan tayyorlangan iliq damlama bilan og`iz bo`shlig`ini chayish tavsiya etiladi. Bundan tashqari yangi damlangan ko`k choy og`riqni qoldirish va yallig`lanishga qarshi kurashish xususiyatiga ega bo`lganligi uchun vaqti-vaqti bilan og`izni chayish ham foydalidir.    

Saodat tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!