Bolasi bilan til topisholmagan ota-onalar yoxud o`smirlardagi qaysarlik haqida

14:30, 05 oktabr

O`smirlik muammolarini cheklab o`tgan oilani topish qiyin. Qaysarlik, gapga kirmaslik, isyon, bahsu janjallar... Onalar tashvishdan o`zlarini yo`qotar darajaga etadilar, otalar esa bu gapuqmas o`jarni nima qilishni bilmay sarosimaga tushadilar. Bekorga vahima qilmang, har narsaning o`z vaqti bor.

 

«Qachon esing kiradi?»

   Bolasi bilan til topisholmagan ota-onalar ko`pincha shunday deyishadi. Balki ularga emas, bizga kerakdir yana ozgina es, aql? Gap o`smirlarda emas, bizning ularga munosabatimizdadir ehtimol.

   Ma`lumki, balog`at ostonasida organizmda qator fiziologik o`zgarishlar kechadi, ular orasida eng e`tiborlisi gormonal o`zgarishlardir. Farzandingiz tanasida gormonlar «raqs tushayapti». O`zingizning shu yoshingizni eslang. Unga bosiqlik bilan, tushungan holda munosabatda bo`lish kerak. Bu yoshda bolalar o`zlarini shaxs sifatida idrok eta boshlaydilar, onalar esa hamon ularga yosh boladek munosabatini davom ettiraveradilar. Axir, uning endi o`z fikri bor, siz esa hamon hamma fanlardan va intizomdan (!) a`lo baho olishini talab qilayapsiz. Bolangizga so`nggi rusumdagi jinsi kerak, oyisi bo`lsa allaqanday «issiq shim» sotib olibdi yana!

Tadqiqotlarga ko`ra inson 21–22 yoshlarga kelib ota-onasini tushuna boshlarkan. Ungacha tushunish va chidash sizdan, aziz ota-onalar! Demak, hali hammasi oldinda.

 

Nima uchun ziddiyat kelib chiqadi?

   Bu savolning javobi azaldan ma`lum bo`lsa-da, ota-onalar bir xatoni takrorlayveradilar. Masalan:

1. Sabab: dars qilgisi yo`q, hech nimaga qiziqmaydi, kelajagi haqida o`ylamaydi.

Biz nima qilamiz: egovlaymiz, urishamiz, do`q qilamiz: «Xarbiy xizmatga borsang, ta`ziringni eysan, ahmoq!», «Institutga kirolmasang, farrosh bo`lasan!»...

Aslida nima qilish kerak: o`qishni istamayotganligining sababi bilan qiziqish, aniqlash, bola kelajakda o`zini kim sifatida ko`rishini so`rash va bu hayotda nima bilan shug`ullanishni istashini bilish.

2. Sabab: kun bo`yi «shu bema`ni musiqa»ni tinglaydi.

Biz nima qilamiz: ustidan kulamiz, musiqani o`chirishini talab qilamiz, o`rniga o`zimizning didimizga yoqqan ohangni taklif etamiz.

Aslida nima qilish kerak: shu «bema`ni» musiqani tinglab, tushunishga harakat qilish, agar tushunmasak, buni tan olish. Sevimli musiqasini tinglash vaqti va ovozining balandlik darajasini muloyimlik bilan kelishib olish.

3. Sabab: xonasi tartibsiz, o`zi yig`ishtirmaydi, sizga ham yig`ishtirgani qo`ymaydi.

Biz nima qilamiz: urishamiz, do`q qilamiz, hammasini tashlab yuborishini talab qilamiz, jazolaymiz.

Aslida nima qilmoq kerak: xonani yig`ishtirishda yordam so`rash, mehmon kelib qolsa noqulay bo`lishini tushuntirish, kelishuv taklif qilish: «Men bugun yig`ishtiraman, sen – ertaga...»

O`smir farzandingiz bilan yuzaga keladigan tushunmovchiliklarning 55 ta sababini toping va xuddi shu tarzda tahlil qilib chiqing.

 

«Sen» mi yoki «Men»?

Ruhshunoslar o`smirlar bilan munosabatda ota-onalar yo`l qo`yadigan asosiy xato deya haddan tashqari ta`na-dashnomlar va nuqul «sen-sen» deb gapirishni ko`rsatishadi. Masalan, «Sen bir ish qilmaysan», «Sen gapuqmassan», «Sen aybdorsan» va hokazo. Mutaxassislar «sen» dan «men»ga o`tishni tavsiya qilishadi. Masalan: «Men o`qituvchingdan yomon gaplar eshitib xafa bo`ldim», «Men yomon ota ekanman, senga ziddiyatlarni murosa emas, musht bilan hal qilishni o`rgatibman» kabi. Umuman, o`smir bilan ko`proq gaplashishga, dildan muloqot qilishga intiling, toki u qalbini tirnayotgan shubhalar, qo`rquvlar, tashvishlari bilan o`rtoqlashsin. Suhbatni yuqoridan emas, teng turib olib boring. Unutmang, o`smir bilan muloqotda ikki asosiy qurol bor: biri – sabr, ikkinchisi – yumor.

 Shahina tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!