Erkaklarning alohida tunashlariga sabab nima ekan?

15:16, 05 oktabr

Yaqin dugonalarimdan biri turmush o`rtog`ining nuqul mehmonxonada uxlab qolishidan shikoyat qilib qoldi. Buni eshitgan boshqa hamsuhbatimiz esa aksincha: “Tunlari o`g`lim xarxasha qilib qolsa, erim qo`shni xonaga chiqib ketadi. Men bolamni yonimga olib, maza qilib uxlayman”, deydi. Ha, bu kabi holatlar turmushimizda ko`p uchraydi. Ammo biz ayollar erkaklarning alohida tunashlariga e`tiborsiz bo`lishimiz to`g`rimikan? Bu munosabatlarning darz ketishiga sabab bo`lmasligi uchun nima qilmoq kerak? Keling, yaxshisi, vaziyatni chuqurroq o`rganish uchun hayotiy misollarga murojaat qilsak. Shu bahona siz ham o`zingiz uchun kerakli tavsiyalardan boxabar bo`lasiz.

 

 “Mendan ko`ngli qoldimikan?..”

— Farzandli bo`lganimizdan beri erim boshqa xonada uxlab qoladigan odat chiqardi. Bolaning tunlari uyg`onishi uyqusiga xalal berayotgan emish. Balki, men yoqmay qolgandirman?

Zilola, Toshkent shahri.

— Taxminingiz noo`rin. Yaxshisi, aybni o`zingizdan qidiring. Chunki sizdagi onalik tuyg`usi er-xotin munosabatlarini biroz chetga surib qo`ygan. Farzand dunyoga kelgach, dastlabki oylar eringiz sizga ko`maklashgan bo`lishi va bunday paytlarda yotog`ingizning bir yoki alohida ekani u qadar bilinmagan bo`lishi mumkin. Ammo bolakay 5-6 oylik bo`lgach, ota-onalik mas`uliyatidan tashqari er-xotinlik munosabatlarini ham unutmaslik kerak. Erkaklar, garchi, o`z farzandi bo`lsa-da, bola tufayli mehringiz bo`linayotganidan norozi bo`lishadi. Vaziyatni o`nglashni istasangiz, bolaning kun tartibi, ovaqatlanish soatlarini qayta ko`rib chiqib, eringizning ko`nglini olishga harakat qiling. U hamon sevimli va ardoqli ekanligini his etsin. Shunda e`tiborsizligingiz tufayli oraga sovuqchilik tushmaydi. 

 “Erimni hech tushunolmayman”

— Turmush o`rtog`im nuqul futbol tomosha qilish bahonasi bilan  televizor qarshisida pinakka ketadi. O`rningizga kirib yoting, desam, shu er qulay, meni bezovta qilma, deydi. Hayronman, shovqin-suronda uxlashning nimasi qulay ekan?..

Gulnora, Samarqand shahri.

— Sizga erish tuyulgan holat, haqiqatan, eringizga ma`qul kelayotgandir. Zotan, erkak va ayol kishining fikrlashi bir-biridan butkul farq qilganidek, ulardagi voqelikka munosabat ham turlicha bo`ladi. Ammo vaziyatning boshqa izohi bor: agar eringiz tez-tez turli bahonalar bilan alohida tunashni ixtiyor etsa, yotoqda birga uxlash bilan bog`liq muammolar bor-yo`qligini ko`rib chiqing. Ko`pincha, ayollar erkakning xohish-istaklarini rad etayotganda uning salbiy kechinmalari haqida o`ylashmaydi. Ba`zi erkaklar ana shunday noxushliklardan qochib, alohida yotishni odat qilishi ham mumkin. Agar juftingiz yoningizga shoshilmayotgan bo`lsa, bilingki, u siz bilan televizor qarshisidagi xotirjamlikni his qilmayapti. Munosabatlaringizni o`zingiz uchun chuqur tahlil qilib, unga yaxshi bir yangilik kiritishni maslahat beramiz.

"Xiyonatkor emasman!”

— Bolalikdan shunday odatim bor: televizor tomosha qilsam yoki musiqa tinglasam, uyqu eltadi. Ammo buni xotinim noto`g`ri tushunayapti. Go`yoki, men boshqasini topib olib, uni yoqtirmay qolganmishman.”

Sarvar, Qarshi shahri.

— Bir olimning shunday iborasi bor: “Barchamiz bolalik mamlakatidanmiz. Hozirgi fe`l-atvorimiz, fikrlashimiz, voqealarga munosabatimiz bolalikda olgan tarbiyamiz mahsulidir”. Bu fikrda jon bor, albatta. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, bolalik — ortda qolgan davr. Barcha muammolarni yoshlikka ag`darish ham biroz noto`g`ri. Uylanish, oila qurishga qodir bo`libsizmi, demak, odatlaringizning ayni damdagi hayotingizga salbiy ta`siri bormi-yo`qligini aniqlab olishingiz kerak. Fe`l-atvoringiz qay vaqtda oilangiz, qay bir vaqtda esa er-xotinlik munosabatlariga ta`sir qilayapti, shu haqda jiddiy o`ylang. Oilangizda tinchlik-xotirjamlik bo`lishi uchun o`z ustingizda ishlasangiz, yutqazmaysiz.

 “Men ham charchayman, ammo...”

— Erimning menga ma`qul kelmaydigan odati bor. Ba`zan ishlarim ko`p edi, deb kech keladi va ovqatlanadi-yu, qaer qulay tuyulsa, shu joyda uxlab qolaveradi. Hatto stolga boshini qo`ygancha uyquga ketishi ham mumkin. Turg`azib, o`rniga olib kiray, desam, dakki eshitganim qoladi.

Omina, Toshkent viloyati.

— Bu holatni erkakning xarakteri, temperamentidan kelib chiqib izohlash mumkin. Haqiqatan, ba`zi erkaklar uchun oila tinchligi, farzandlar salomatligining o`zi baxt sanaladi. To`g`ri, eringizning asosiy e`tibori va vaqtini ishga bag`ishlayotgani sizga yoqmasligi mumkin. Ammo uni ham tushunishga harakat qiling. Unga nisbatan qarashlaringizni biroz yumshatib, juftingiz bilan qanday umumiy qiziqishingiz borligini o`ylab ko`ring. Ishdan erta qaytgan kunlari ana shu qiziqishlardan kelib chiqib, munosabatlarni o`zingiz istagandek yo`lga solishingiz mumkin.

 “Hanuz angloldim”

— Esimni taniganimdan beri bobom bilan buvimning yotoqlari alohida bo`lganini bilaman. O`shanda bolalarcha  soddalik bilan “Buvi, nega bobom bilan birga uxlamaysiz?”, desam buvim: “Yoshing keksayib qolganidan keyin alohida bo`lgan ma`qul-da”, derdilar. Hali-hanuz buning sababini tushunolmadim.

Sanobar, Qibray tumani.

— Insonning jismoniy va ruhiy holatidan kelib chiqib aytadigan bo`lsak, ayrimlarda ma`lum bir yoshga etgach, jinsiy aloqaga bo`lgan ishtiyoq sustlashib boradi. Agar bu holat har ikki tarafda ham noroziliklarni keltirmasa, yotoq alohida bo`lganining zarari yo`q. Shunday oilalar ham borki, bobo-buvining yotog`i bo`lak bo`lsa-da, bir-biriga bo`lgan munosabati, mehr-muhabbati cheksiz. Har bir inson, har bir juftlik individual bo`lgani bois, kim necha yoshgacha bir yotoqda yotishi kerak, degan savolga xar kim uzining xayotidan kelib chikib javob bergani ma`qul. Er-xotinning jinsiy ehtiyoji faol bo`lsa, ular 50-60 yoshda ham bir yotoqda bo`laveradi.

 “Bu xudbinlik emasmi?”

— Turmush o`rtog`im juda rashkchi. Hech qaerga bir o`zimni yolg`iz yubormaydi. Ba`zan ayvondagi kursida uxlab qoladi-da, tong otgach, nega yonimda yotmading, er qaerda bo`lsa, xotin ham shu erda bo`lishi kerak, deb janjal ko`taradi.

Malika, Urgut tumani.

— Juftingizda xudbinlik, o`ziga nisbatan ishonchsizlik bor. Shu sabab ortiqcha rashk qiladi. Bunday odam bilan yashash oson emas. U bilan til topishish uchun xatti-harakatlaringiz va xushmuomalangiz orqali ishonchini qozonishingiz kerak. Xudbinliksiz ham mening mehr-muhabbatimga loyiqsiz, degan tushunchani uning ongiga singdiring. Eringiz uxlab qolganida yonida bo`lishingizni istayotgan bo`lsa, shunday qiling. Bir-ikki marotaba xohishini bajarsangiz, uchinchisida o`zi istagan xotirjamlikka erishadi. O`zingizdagi kibrni nari surib, munosabatingizni o`zgartirishga harakat qilsangiz, natijasi barcha urinishlarni oqlaydi.

Erkaklar iqrori

  • Ayolim kenjamizni ko`krak sutidan ajratmagan. Ba`zan uning badanidan sut hidi anqib turadi. Aytsam, xafa bo`ladimi, deb o`zimni kursida uxlab qolgandek tutaman.

Baxtiyor, 32 yosh.

  • Ishdan charchab kelganimda boshim yostiqqa tegsa bo`lgani, ayvonda bo`ladimi, mehmonxonadami, ahamiyati yo`q. Uxlab qolaveraman.

Sardor 27 yosh.

  • Toshkent viloyatidan shaharga ishga qatnayman. Masofa olis bo`lsa ham kechki payt, albatta, o`z uyimga, o`z yotog`imga qaytishga odatlanganman. Oilam bag`rida bo`lmasam, ko`zimga uyqu kelmaydi.

In`omjon, 30 yosh.

  • Xotinim yoshga to`lmagan o`g`limizni o`rtamizda olib yotadi. Bu menga yoqmaydi. Jahlim chiqqanidan mehmonxonaga chiqib ketaman.

Botir, 37 yosh.

  • Rafiqam bilan aytishib qolsak, ko`pincha, boshqa xonaga chiqib yotaman. Bu bilan qadrimni bildirib qo`yay, deyman.

Orif, 26 yosh.

 

Ayollar qanday fikrda?

  • Ba`zan erimning hoxishiga qarshi borib, uning mulozamatini rad etaman. Jahli chiqqanidan boshqa xonaga chiqib yotadi. Balki o`zimda ham ayb bordir.

Rohatoy , 28 yosh.

  • Turmush qurganimizga 10 yil to`layotgan bo`lsa-da, erim biror marta mendan alohida uxlamaydi. Balki bir-birimizni qattiq hurmat qilganimizdandir, bu.

Malohat, 33 yosh.

  • Aytishib qolsak, men boshqa xonaga chiqib yotaman. Bu esa erimning nafsoniyatiga tegadi. Keyin u ham hovlining narigi burchagiga o`tib ketadi.

Ziyoda, 30 yosh.

— Erimni rashk qilaverganimdan, o`zimga-o`zim muammo orttirdim. O`ylab qarasam, savolu so`roqlarimdan bezor bo`lib, uxlashim bilan mehmonxonaga chiqib ketadigan odat chiqardi.

Gulsara, 26 yosh.

Guvohi bo`lganingizdek, turmushda ko`p narsa ayol kishiga bog`liq, degan iboraning nechog`li haqiqat ekanligi o`z tasdig`ini topdi. Demak, er-xotin munosabatlarida muammolardan qochish yoki kimnidir ayblash emas, balki vaziyatni qanday qilib ijobiy hal qilish mumkinligini o`ylash eng maqbul yo`ldir.

Ruhshunos Barno Ilhomova hamda androlog-seksopatolog Ramazon Nazarov tavsiyalari asosida

Dildora Yusufbekova tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!